Putinning daromadi o‘tgan bir yil ichida 1,1 million rublga oshgan

Jahon 01:43 / 15.08.2020 6545

2019 yilda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 9,7 million rubl ishlab topgan, deb xabar qilinadi Kremlning rasmiy saytida. Bu – 133 ming dollar atrofidagi summa.

Rossiya prezidentining 2018 yilgi daromadlari 8,6 million rublni tashkil etgan edi.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Putinning egaligida umumiy maydoni 77 kv.m bo‘lgan kvartira va garaj, foydalanuvida esa maydoni 153,7 kv.m hamda 18 kvadrat metr mashina joyi bo‘lgan yana bitta kvartira mavjud.

Rossiya yetakchisining ikkita avtomobili bor — GAZ-M21 va «Niva», shuningdek «Skif» tirkamasi ham.

2010 yildan 2020 yilning yanvarigacha Federal soliq xizmatini boshqargan ayni paytdagi Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 2019 yilda 18,2 million (2018 yilda — 18,9 million) rubl ishlab topgan.

Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari va sobiq bosh vazir Dmitriy Medvedev 2019 yilda 11 milliondan ortiq daromadini deklaratsiyaga kiritgan. U 2018 yilda 9,9 million rubl ishlab topgan edi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘tgan yili 14,6 million rubl ishlab topgan, uning rafiqasi Tatyana Navka esa 235,9 million rubldan ortiq.

Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenkoning o‘tgan yilgi daromadi 16,7 million rublni tashkil etgan bo‘lsa, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin — 100,2 million, TIV rahbari Sergey Lavrov — qariyb 8,5 million, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu — 12,6 million, IIV rahbari Vladimir Kolokolsev esa — 12,8 million rubl daromad olgan.

Ko‘proq yangiliklar: