Polshada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan onlayn ta'lim uchun ishlangan yangi dastur seminari o‘tkazildi

O‘zbekiston 16:03 / 15.08.2020 4492

Seminarda Yoshlar parlamentining kelgusidagi faoliyati yuzasidan ish rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, Polshaning Varshava shahridagi Vistula universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar tomonidan yaratilgan «Sokratus» platformasining taqdimoti o‘tkazildi.

«Sokratus» platformasi butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ta'lim muassasalaridagi dars jarayonlarini onlayn tarzda tashkil etishda yordam beradigan platforma hisoblanadi.

Bu haqda dastur mualliflarining o‘zi shunday deydi:

Javohir Turg‘unov, dastur boshqaruvchisi

Dasturchilar guruhimiz oxirgi 5 oy davomida masofaviy ta'lim tizimini osonlashtiradigan platformani yaratish uchun tinimsiz ishladi. Bu izlanishlar davomida biz o‘quv jarayonini boshqarish, osonlashtirish va avtomatlashtirish uchun onlayn platforma yaratdik. Bu platformani biz  «Sokratus» deb atadik.

Bu platformaning o‘ziga xos tomoni – soddalashtirilgan foydalanuvchi interfeysi hisoblanadi. Dasturni ishlatishda asosiy e'tiborni platformaning soddaligi va qulayligiga qaratdik.

Dastur o‘z foydalanuvchilariga ish tushunchasini darhol anglashga imkon beradigan boshqaruvning iyerarxik tizimidan foydalanadi.

Javlon Hakimjonov, yosh dasturchi

Javlon Hakimjonov va Shamsiddin Parpiyev

«Sokratus» yuqorida aytilgan xususiyatlardan tashqari, quyidagi imkoniyatlarga ham ega:

·       O‘quvchi va talabalarga tayyorlangan uy vazifalarini yuborish va qabul qilish;

·       o‘qituvchilar uchun talabalarni baholash. Bunda har bir topshiriq uchun va o‘quv yilining choragi uchun baholarni qo‘yib borish va hisoblash imkoniyatining borligi;

·       xabarnomalarni yuborish va qabul qilish;

·       talabalar haqidagi ma'lumotlarning xavfsizligini ta'minlash;

·       platformani optimallashtirilgan rejimda ishlashga imkon beradigan dinamik tizim.

Dasturdagi bu afzalliklar ko‘p oylik rivojlanish natijasi hisoblanadi. Umid qilamizki, «Sokratus» platformasi onlayn ta'lim jarayonini osonlashtiradi va ilm-fanimiz rivojida xizmat qiladi.

Shamsiddin Parpiyev, yosh dasturchi

Albatta, dasturni hali mukammal holga keldi, deb bo‘lmaydi. Uning ustida ishlashda davom etamiz. Undan kelajakda Oliy o‘quv yurtlari va umumiy o‘rta ta'lim maktablarida foydalanish mumkin.

Seminar davomida unda ishtirok etganlar tomonidan dasturni amaliyotga kiritishdagi qulayliklari va ustida ishlash lozim bo‘lgan jihatlari borasida fikr bildirildi.

Jumladan, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta'limi, Innovatsion rivojlanish hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari mutaxassislari yosh dasturchilarga o‘z tavsiyalarini berdi.

Masalan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi IT parkning xalqaro faoliyat bo‘yicha direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupovning fikricha, yosh dasturchilar onlayn masofaviy ta'lim platformasini tuzishga harakat qilgan va u juda qiziqarli loyiha hisoblanadi, ammo «Sokratus»ni onlayn masofaviy ta'lim tizimi deb bo‘lmaydi.

Bahodir Ayupov

«Chunki, onlayn masofaviy ta'lim platformasining miqyosi bundan ko‘ra anchayin katta bo‘lishi kerak. Bularda asosan ta'lim jarayonini ma'muriy bir uskunasi deyish mumkin. Ya'ni, u ta'lim jarayonining ustida turib, uni muvofiqlashtiradigan uskuna.

Agar bunga shunday tizim deb qarasak, u kundalik faoliyatimizdagi kundalik.uz’ning raqibi deyish mumkin.

Dasturchi yigitlar yangi tizimni maktablarga borib taklif qilamiz deyishyapti, ammo bu juda qiyin, o‘ylashimcha, bozorni egallash oson bo‘lmaydi», – deydi u.

Tadbir davomida Yoshlar parlamentining Kompyuter texnologiyalari, innovatsion g‘oyalar, startaplar va agroklaster masalalari komissiyasi tomonidan yaratilgan shu kabi dasturlarning seminarlari tashkil etib borilishi haqida ma'lumot berildi.

Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri Senat huzurida Yoshlar parlamentining tashkil qilinishi va bundan qanday maqsadlar ko‘zlangani borasida Senator Dilorom Toshmuhammedova bilan kichik intervyu uyushtirdi.

– Oxirgi vaqtlarda sizni Yoshlar parlamenti yig‘inlarida ko‘p ko‘ryapmiz. Jamoatchilik asosida tuzilgan bu organdan qanday maqsadlar ko‘zlangan o‘zi?

Dilorom Toshmuhammedova

– Yoshlar parlamentini tuzishda yoshlarning manfaatlarini ko‘zlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilib, qiynayotgan masalalarini yoshlarning o‘zi orqali Senat minbarigacha olib chiqish maqsadi ko‘zlangan.

Bundan tashqari, prezident O‘zbekistonning rivojlanishida yoshlarning o‘rnini ko‘paytirish borasida yig‘ilishlarda ko‘p gapirmoqda.

Biz ularni qaror qabul qilish jarayonlariga ko‘proq jalb qilishimiz kerak. Shuningdek, ular orqali O‘zbekistonning kadr potensiali kuchaytiriladi.

O‘zbekistondagi bu amaliyot shu paytgacha ham dunyoning ko‘plab davlatlarida bor. Masalan, ilk bor 1950 yilda AQShda yoshlar parlamenti tashkil qilingan. 1987 ylda Yevropa ittifoqida, shuningdek, bugungi kunda Yevropa ittifoqiga kiruvchi barcha davlatlarda 50 mingdan ortiq faol yoshlar shunday parlamentlarning a'zosi hisoblanadi.

Aksariyat davlatlarda Parlamentning har bir palatasida bu kabi yoshlar parlamenti guruhlari ishlaydi. Masalan, Rossiya federatsiyasida ham Senat, ham quyi palatasida bu organ bor.

Senator Dilorom Toshmuhammedova intervyu davomida shuningdek, yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga joriy qilishda o‘tkazilgan seminar ilk qadam ekanligi va u kelgusida ham davom etishini ko‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: