O‘zbekistonda yangi davlat stipendiyasi ta'sis etiladi

O‘zbekiston 17:08 / 15.08.2020 31420

Vazirlar Mahkamasining «Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta'sis etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlanadi.

Nizomga ko‘ra, Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalarining tasviriy san'at, amaliy san'at, dizayn,san'atshunoslik hamda muzeyshunoslik yo‘nalishlarining oxirgi ikki kursida ta'lim olayotgan bakalavriat bosqichi talabalariga tayinlanadi.

Kelgusi o‘quv yili uchun davlat stipendiyasi soni joriy o‘quv yili oxirida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Badiiy akademiya O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta'lim muassasalari bo‘yicha davlat stipendiyasini taqsimlashni ta'lim ixtisosligi va talabalar soniga muvofiq amalga oshiradi.

Davlat stipendiyasi davlat oliy ta'lim muassasalari talabalariga Badiiy akademiya tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga asosan tayinlanadi.

Davlat stipendiyasi kvotasi quyidagi ta'lim yo‘nalishlarining har biri bo‘yicha bittadan alohida-alohida taqsimlanadi:

  • rangtasvir (turlari bo‘yicha);
  • grafika va miniatyura;
  • haykaltaroshlik (turlari bo‘yicha);
  • amaliy san'at (turlari bo‘yicha)
  • dizayn (turlari bo‘yicha);
  • san'atshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bo‘yicha).

Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabalarga «Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasining sohibi» guvohnomasi beriladi.

Guvohnoma talabalarga Badiiy akademiya tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabalar bakalavriat bosqichni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul kvotasi doirasida qabul qilinadi.

Davlat stipendiyasi sohiblari o‘qishni tugatganlaridan so‘ng bir yil mobaynida magistraturada o‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritilishida ustunlikka ega bo‘lish huquqini saqlab qoladilar.

Ko‘proq yangiliklar: