IELTS Indicator bo‘yicha kutilmagan qaror abituriyentlarda e’tiroz uyg‘otdi. Bu inobatga olinadimi?

O‘zbekiston 09:35 / 15.08.2020 36931

Kuni kecha, 13 avgust kuni Davlat qabul komissiyasining 2-sonli bayonnomasi e’lon qilindi. Unga asosan, bakalavriatga bu yilgi qabulda chet tilidan imtiyoz beruvchi sertifikatlar soni yana bittaga ko‘paydi.

«Pandemiya sharoitida chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilmagani inobatga olinib, 2020/21 o‘quv yili qabuli uchun OTMlar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda IELTS Indicator B2 va undan yuqori darajasiga ega abituriyentlarga istisno tariqasida chet tili fanidan maksimal ball beriladi», – deyiladi DTMning komissiya bayonnomasiga asoslangan rasmiy axborotida.

Bu yangilik abituriyentlar orasida norozilik uyg‘otmoqda. Yangilik e’lon qilingach, abituriyentlar Telegram'da qariyb 900 nafar a’zoga ega guruh ham tashkil qilishgan.

IELTS Indicator o‘zi nima?

IELTS Indicator – ingliz tilida o‘qish, yozish, tinglash va gapirish ko‘nikmasini baholovchi test tizimi bo‘lib, u pandemiya davrida bo‘lajak talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun onlayn shaklda tashkillashtirilgan. Bu sinov talabgorga uyda turib test topshirish imkonini beradi.

IELTS Indicator ham xuddi IELTS testlari bilan bir xil tuzilishga ega va vaqt davomiyligi ham bir xil hisoblanadi. Bu imtihonda gapirish ko‘nikmasini aniqlash IELTS eksperti bilan yuzma-yuz videosuhbat tarzida tashkil etiladi.

IELTS Indicator koronavirus cheklovlari tufayli IELTS imtihonlari o‘tkazilishi to‘xtatib turilgan davlatlarda o‘tkazilmoqda. U orqali bo‘lajak talabalar ingliz tilida o‘z bilimlarini aniqlashlari mumkin, uning materiallari ham IELTS bazasidan olingan savollardan iborat va javoblarni IELTS ekspertlari tekshiradi. 

Bu sinovni topshirish uchun 16 yosh yoki undan kattaroq bo‘lish talab etiladi. Imtihonning 4 ta bo‘limiga xuddi IELTS'dagidek vaqt ajratiladi, javoblar esa 7 kunda e’lon qilinadi.

Test tashkilotchilari test natijasi taxminiy aniqlikda ekanini tasdiqlaydi. Platforma saytida: «IELTS Indicator faqat taxminiy aniqlikdagi (indicative) balni chiqarib beradi va u hamma tashkilotlar tomonidan ham qabul qilinmaydi. Shuning uchun testga buyurtma berishdan oldin universitetingiz uni qabul qilish-qilmasligini tekshirib, ishonch hosil qiling», – deb yozib qo‘yilgan.

Abituriyentlar nimadan norozi?

IELTS Indicator B2 va undan yuqori bo‘lgan taqdirda tan olinishi haqida aytilgach, chet tili imtiyoziga ega va ega emas abituriyentlar birday norozilik bildirgan. Ular bunday testlarni ishlash jarayonida shaffoflik va adolatni ta’minlashning imkoni yo‘qligi, o‘zlarining tanishlari ham boshqalar yordamida test ishlab IELTS Indicator sertifikatini olishganini yozishmoqda.

«Mening haqiqiy IELTS sertifikati egasiga hech qanday e’tirozim yo‘q. Ular bunga haqli, lekin biz abituriyentlar IELTS Indicator sertifikatini tan olmaymiz. Mening ko‘p tanishlarim ingliz tilini biladigan odamlarga haqini to‘lab IELTS Indicator sertifikatini qo‘lga kiritishgan», – deb yozadi Kun.uz'ga murojaat qilgan abituriyentlardan biri.

Gap shundaki, imtihonning faqat gaplashish ko‘nikmasini tekshiruvchi qismi (speaking section) videoaloqa orqali, bevosita imtihon oluvchi bilan yuzma-yuz shaklda o‘tkaziladi. Qolgan uchta yo‘nalish – eshitish, o‘qish va yozishda imtihon topshiruvchi boshqalardan yordam olishi ehtimoli katta.

Yana bir abituriyent esa IELTS Indicator tan olinmasa ham, unda haqiqatda yaxshi ball oladigan abituriyent kirish imtihonidagi testda ham yaxshi ball olishi mumkinligini aytmoqda.

Qanday turdagi sertifikatlar tan olinardi va qancha abituriyentda bunday imtiyoz bor edi?

2020/21 o‘quv yili kirish imtihonlarida imtiyozga ega bo‘lish uchun abituriyentda tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatlarning darajasi muddatidan qat’i nazar, B2 darajada bo‘lishi kerakligi haqida belgilangan edi.

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tgan 20 iyundan 20 iyulgacha bo‘lgan muddatda ingliz tilidan imtiyoz beruvchi sertifikatlar sifatida IELTS, TOEFL iBT, CEFR va Cambridge exams sertifikatlari tan olinishi ma’lum qilingandi. Bu muddat oralig‘ida IELTS Indicator sertifikati tan olinishi haqida aytilmagan edi.

DTM tomonidan e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, joriy yil 8 660 ta hujjat chet tili sertifikati dasturga kiritilgan va ulardan 8 079 tasi tasdig‘ini topgan. 581 ta sertifikat esa talabga javob bermasligi aniqlangan.

Endi esa kirish imtihonlari yaqin qolganda IELTS Indicator sertifikati qabul qilinishi e’lon qilindi.

Birinchi jihat

Kirish imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tish davomida abituriyentlarga chet tili sertifikatlari DTM tomonidan tekshirilishi borasida eslatma berilgan edi.

O‘sha xabarda abituriyentlar tomonidan imtiyoz berish uchun asos bo‘lmaydigan sertifikatlarni kiritish (o‘quv markazlari tomonidan berilgan yoki xalqaro bo‘lmagan sertifikatlar), tilni bilish darajasini oshirib ko‘rsatish (B1 darajadagi sertifikatni B2 sifatida kiritish), sertifikat seriyasi va raqamini to‘liq kiritmaslik yoki noto‘g‘ri kiritish, amal qilish muddati tugagan sertifikatlarni kiritish, sertifikat rasmini xato yuklash (boshqa rasm) va boshqa holatlar kuzatilgani haqida aytilgan.

O‘sha paytda IELTS Indicator sertifikati imtiyoz berishga asos bo‘lmaydigan sertifikat hisoblangan va qoidalarga amal qilgan talaba uni dasturga yuklamagan.

Endi esa qabul payti noto‘g‘ri bo‘lishidan ogohlantirilgan tartib to‘g‘ri deb qabul qilinmoqda.

Abituriyent o‘zida IELTS Indicator sertifikati bo‘lsa ham, tan olinmasligi va uni dasturga yuklasa, xato bo‘lishini bilib, bunday qilmagan bo‘lishi mumkin.

Boshqa abituriyent esa IELTS Indicator sertifikatini yuklagan, lekin uning sertifikati tasdig‘ini topmagani ma’lum qilingan. Biroq 2-sonli bayonnomaga muvofiq, endi bunday abituriyentning sertifikati ham tan olinishi mumkin.

Bunday bo‘lishi tartib-qoidaga bo‘ysungan holda o‘z IELTS Indicator sertifikatini hujjatlar qabul qilingan muddatda yuklamagan abituriyent uchun adolatsizlik bo‘lmoqda.

Qabul komissiyasi bayonnomasida IELTS Indicator sertifikatini yuklamagan abituriyentlarga buni amalga oshirish uchun imkon berilishi haqida aytilmagan.

Bizningcha, agar kirish imtihonlarida IELTS Indicator sertifikati tan olinishi qat’iy bo‘lsa, unda sertifikati bo‘lgan, lekin tartibga bo‘ysunib, uni dasturga yuklamagan abituriyentlarga ham imkoniyat berilishi kerak.

Ikkinchi jihat

IELTS Indicator sertifikati tan olinishiga qarshi bo‘lgan abituriyentlarning ayrimlari u O‘zbekistondagi davlat universitetlarida tan olinmasligi aytilgani uchun bu sertifikatni olishga harakat qilmaganini, endi esa bunga ruxsat berilgani noto‘g‘ri ekanini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, bu tartib avvalroq e’lon qilinganda abituriyentlar bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin edi.

Shuningdek, IELTS Indicator sinovini uydan turib topshirish mumkinligi imtihon topshiruvchining boshqalar yordamidan foydalanishi ehtimolini paydo qilishi ham abituriyentlarni tashvishlantirmoqda. Bunda gapirish ko‘nikmasi bevosita muloqot tarzida o‘tkazilishi uchun bu ko‘nikmada shubha bo‘lishi mumkin emas.

Onlayn imtihonda shaffoflikni to‘liq ta’minlab bo‘lmasligi aytilgan edi

Avvalroq kirish imtihonlari onlayn tashkil qilinishi haqida turli xabarlar tarqalganda Davlat test markazi alohida bayonot bergan edi.

«Onlayn test sinovlariga keladigan bo‘lsak, dunyoda hech bir davlat bunday katta miqdordagi abituriyentlar uchun onlayn test o‘tkazmaydi, buning iloji ham yo‘q.

Hattoki «Onlayn proktoring» (test sinovlarini uyda topshirish va onlayn ularni nazorat qilish) tizimidan foydalanayotgan tashkilotlar ham uning xavfsizligi, qanday yo‘llar bilan aldash mumkinligi hali to‘liq o‘rganilmaganini, pandemiyadan so‘ng bu tizimdan voz kechish rejasi yo‘q emasligini ham aytib o‘tishgan», – deyilgan edi bayonotda.

Bayonotga ko‘ra, imtihonlarni onlayn o‘tkazish imkoni yo‘q va bu usulda sinovning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash ham imkonsiz. Endi esa, bunga zid ravishda qabul komissiyasi onlayn imtihon topshirib olingan sertifikat natijasi tan olinishini aytmoqda.

DTM: Qarorni komissiya qabul qilgan

Kun.uz tartib bo‘yicha izoh olish uchun Davlat test markazi bilan bog‘landi. DTM matbuot xizmati vakili abituriyentlar tomonidan bildirilayotgan fikrlar haqida Davlat qabul komissiyasiga ma’lumotlar yuborilganini, lekin bu borada vakolatli organ faqat Davlat komissiyasi ekanini, shuning uchun DTM bu bo‘yicha izoh bera olmasligini aytdi.

Xulosa

Joriy yilgi kirish imtihonlari shaffof va adolatli bo‘lishi haqida aytildi, abituriyentlarga qiyin bo‘lmasligi uchun test savollari ham soddalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

OTMlarga kirish imtihonlarining to‘la adolatli tashkil etilishiga endi-endi ishonch paydo bo‘layotgan bir paytda yangiliklar joriy etilishidan oldin ularning bevosita ishtirokchilari – abituriyentlar ishtirokida muhokama qilinsa, ularga bu yangiliklarni qabul qilish osonroq bo‘lishi mumkin bo‘lardi.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: