2020 yilda IIV o‘z xavfsizligi xizmati fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5ta holatni aniqladi - Bobojonov

O‘zbekiston 09:53 / 15.08.2020 21495

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatda xodimlar tomonidan fuqarolarning huquqlarini buzish, ularga tazyiq o‘tkazishning oldini olishga qaratilgan choralar haqida gapirib berdi.

Uning ta'kidlashicha, joriy yil 30 mayda Andijon shahrida, yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kechirib bo‘lmas holatdir. Bu tizim sha'niga katta dog‘ tushirgan.

“Ularning xatti-harakati – xalqning keng muhokamasiga, ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga va tizimda halol ishlayotgan minglab xodimlar mehnatini puchga chiqarishga sabab bo‘ldi.

Barchaning e'tiborini shunga qaratmoqchimanki, agar ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat yetkazilganligi aniqlansa, bu favqulodda hodisa sifatida baholanadi. Zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganiladi.

Ilgari bunday salbiy holatlar ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmasdi, aholi xabardor etilmasdi va bu bizning faoliyatimizga xolis baho berishga qaysidir ma'noda to‘sqinlik qilardi.

Ichki ishlar organlari xodimlari orasida, afsuski, o‘zinikini to‘g‘ri, deb bilib, noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgan, o‘z manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yadigan, adashgan xodimlar ham uchramoqda. Bundaylarni aniqlab, tizimdan bo‘shatyapmiz, ularning rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘ryapmiz”, - deydi vazir.

Uning aytishicha, joriy yilda bevosita vazirlikning o‘z xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5 holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Ichki ishlar vaziri, vazir o‘rinbosarlari, vazirlikning sohaviy xizmatlari rahbarlarining har biri joylarda ikki-uch marta eng quyi bo‘g‘inda xizmat qilayotgan safdor xodimlargacha bo‘lgan darajadagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy-profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazdi.

“Tadbirlarning yakuni bo‘yicha xizmat intizomini buzuvchi 822 nafar xodimning xatti-harakatlari mehnat jamoalari va xodimlarning oila a'zolari va ota-onalari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Natijada 173 nafari tizimdan bo‘shatildi, 114 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 65 nafar rahbarlar rotatsiya qilinib, boshqa lavozimlarga o‘tkazildi.

Shu bilan bir qatorda o‘zining kundalik xizmat faoliyati davomida boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan xodimlarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar e'lon qilindi.

Fuqarolarning haq-huquqlari poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha ichki ishlar organlarida jami 473 ta alohida maxsus xona tashkil etildi. Hozirda ularning barchasi uzluksiz ishlaydigan video va ovoz yozish moslamalari bilan ta'minlangan.

Endilikda ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir fuqaro bilan faqat shu xonada suhbat o‘tkazilishi va so‘roq qilinishi hamda ushbu jarayon videokameralarga uzluksiz yozib olinishi qat'iy belgilab qo‘yildi. Bu ishlar uchun joylardagi ichki ishlar organining birinchi rahbari va tergov bo‘limi boshlig‘i shaxsan mas'ul etib belgilanib, jarayon qattiq nazoratga olindi.

Bugungi kunda amaliyotda uchrayotgan muammolar hamda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish natijasida, tergov sifatini oshirish maqsadida yosh tergovchilarni kamida ikki oy davomida sud amaliyotini o‘tash tartibi joriy etilmoqda. Natijada tergovchi sud muhokamasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, kelgusida tergovni har tomonlama, to‘la va xolisona olib borishda e'tiborga olishi lozim bo‘lgan barcha jihatlarga alohida e'tibor qaratadi. Muhimi, mazkur amaliyot protsess ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta'minlash uchun zamin yaratadi”, - deydi Po‘lat Bobojonov.

Ko‘proq yangiliklar: