Ma'lum qilishlaricha, bu yerga kelib COVID-19ga test topshirganlar natijalarni 24 soat ichida internet orqali olishi mumkin bo‘ladi.
Yunusobod tuman hokimi o‘rinbosari Hojiakbar Fayzullaxo‘jayevning bildirishicha, test olish markazida 5ta PZR apparati o‘rnatiladi.
«Kuniga 2 mingta test olish quvvatiga ega markazda fuqarolar ularda koronavirusga immunitet bor-yo‘qligini ham tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tadbirkorga infratuzilmaga ulanish hamda sanitar qoidalar asosida ish tashkil etishda amaliy yordam berilmoqda», — deydi u.
Arxitektor-dizayner Ixlosbek O‘rozboyev markazning joylashuvi va qurilish ishlari bilan tanishtirdi.
«Tashrif buyuruvchilarning tana harorati tekshiriladi va dezinfeksion tunneldan o‘tishadi. Omma to‘planib qolmasligi uchun ular ikki tomonga ajratiladi. Ilon izli navbatdan yurib, har ikki tomonda 3tadan registratsiya oynasiga boriladi. So‘ng, to‘lov uchun kassaga o‘tishi mumkin.
Markaz o‘rtasida kutish o‘rindiqlari tashkil qilinadi. Har ikki tomonda maxsus konstruksiya ichida test olish xonalari bo‘ladi», — deydi u.
O‘rozboyevning ta'kidlashicha, markazda ishlaydigan shifokorlarga qulay mehnat sharoitini yaratish uchun kiyim almashtiradigan, yuvinish va ovqatlanish xonalari ham qurilmoqda.
Intermed Innovations kompaniyasi bosh direktori Oleg Jivetinga ko‘ra, markaz uchun Oloy bozor yaqinidagi avtoturargohning tanlanishi bejiz emas. Negaki, bu yer ochiq osmon ostida, aholi yashash va maishiy binolarga tutash emas.
«PZR tekshiruvidan tashqari markazda organizmda antitana mavjudligini aniqlash imkoniyati bo‘ladi. Virus organizmga tushganda immunitet ishlab, uning yengib ketsa, antitana paydo bo‘ladi. Kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lgan kishining organizmida antitana saqlanib qoladi. Ko‘pchilikda esa koronavirus alomatlarsiz ham o‘tib ketmoqda. Shu tufayli, biz organizmda antitana paydo bo‘lganini tekshirish imkoniyatini ham taqdim etamiz», — deydi u.
Jivetinning qayd etishicha, PZR tekshiruvini bir marta o‘tkazish 250 ming so‘m bo‘lishi mumkin. Organizmdagi ikki turdagi antitanani aniqlash ham 250 ming so‘m bo‘lib, test topshiruvchilar antitanani tekshirish usullaridan birini tanlashi ham mumkin.
«Karantin qoidalari muhim, ammo ayrim kishilarda immunitet allaqachon paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular xotirjam ishga kelishi va jamoat joyida yurishi uchun antitana mavjudligini aniqlash kerak bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Kompaniya vakili Vasiliy Kogayning Kun.uz'ga bildirishicha, test natijalari bir sutkada tayyor bo‘ladi va elektron shaklda internet orqali olish mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.