Bashar Asadning parlamentdagi nutqi vaqtida mazasi qochdi

Jahon 00:55 / 13.08.2020 15707

Suriya prezidenti Bashar Asad parlamentning yangi tarkibi deputatlari oldidagi nutqi boshida qon bosimi tushib ketishi – gipotoniya xuruji sababli o‘zini biroz betob his qildi. Bu haqda SANA axborot agentligi xabar qildi

“Prezident Asad qon bosimi to‘satdan tushib ketgani sababli nutqini to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi”, deb ma'lum qilingan xabarda. U kichik tanaffusdan keyin nutqini davom ettirgan, biroq 15 daqiqadan keyin dori qabul qilish uchun zaldan bir daqiqaga chiqib turishini so‘ragan.

Suriyaning yangi chaqiriqdagi bir palatali parlamentining sessiyasi 10 avgustda ochildi. Suriya parlamenti – Xalq kengashiga saylovlar 19 iyulda bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda parlamentdagi 256 o‘ringa 1656 nomzod, jumladan 200 ayol da'vogarlik qilgan.

Saylovlarda “Milliy birdamlik” bloki g‘olib bo‘lgan va parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni egallagan. Blokka bosh kotibi Bashar Asad hisoblanuvchi Arab sotsialistik tiklanish partiyasi (BAAS) boshchilik qiladi. Saylovlardagi ishtirok 33 foizni tashkil qilgan va unda 6 mlndan ko‘proq suriyalik ishtirok etgan.

Ko‘proq yangiliklar: