15 avgustdan keyin ham bir qator karantin cheklovlari saqlab qolinadi

O‘zbekiston 00:15 / 13.08.2020 91397

Xususan, 15 avgustdan boshlab avtomobillar kun davomida harakatlanishiga, mahalliy avia va temir yo‘l qatnoviga, xususiy bog‘cha va maktablar faoliyatiga, 30 kishilik to‘ylar o‘tkazishga ruxsat beriladi. 17 avgustdan viloyatlar o‘rtasida avtotransport qatnovi hamda jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobus qatnovi tiklanadi, masjidlar qayta ochiladi. 20 avgustdan buyum bozorlari va savdo majmualari faoliyati qayta tiklanadi.

Shu bilan birga, quyidagi karantin cheklovlari 2020 yil 15 avgustdan keyin ham saqlab qolinadi:

  • fuqarolarning jamoat joylarida ijtimoiy masofani (2 metr) saqlashi, tibbiy niqobda bo‘lishi. Bunda ular tomonidan sanitar talablar buzilgan taqdirda qat'iy choralar (jarimaga tortish) ko‘riladi;
  • tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan fuqarolarning jamoat joylariga chiqmasligi;
  • davlat organlari, tashkilotlarida yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlash, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish;
  • tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari, to‘yxonalar faoliyati) va ommaviy tadbirlar o‘tkazish;
  • parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyati;
  • umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati (ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obektlari bundan mustasno);
  • tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarning o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarzida yashashini tavsiya etish va ogohlantiruvchi targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;
  • yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanish.

Davlat organlari va muassasalarining binolari, shu jumladan, xizmat xonalari mavjud sharoitlardan kelib chiqib, havoni zararsizlantirish tizimi bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: