Turizm faoliyati qanday litsenziyalanadi?

O‘zbekiston 08:16 / 12.08.2020 2825

Tadbirkorlik sub'yektlari turizm faoliyatini faqat belgilangan tartibda tegishli litsenziyani olgandan keyingina amalga oshirish huquqiga ega. Ekskursiya faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga turizm faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish talab etilmaydi.

Norma’ning yozishicha, turizm faoliyatini litsenziyalash sxema (ushbu Nizomga 1-ilova) bo‘yicha amalga oshiriladi.

Lisenziya quyidagi turizm faoliyati turlariga beriladi:

a) turoperatorlik;

b) turagentlik.

Lisenziyalovchi organ quyidagi uchta yo‘nalish bo‘yicha litsenziyalar beradi:

• ichki turizm – O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

• chiqish turizmi – O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi jismoniy shaxslarga yuridik shaxslar tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun;

• kirish turizmi – O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida yashovchi jismoniy shaxslarga turizm xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun.

Turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun amal qilish muddati cheklanmaydigan namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.

Turoperatorlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalash talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

a) turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilish;

b) yuridik shaxs shtatida «turizm» yo‘nalishi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega bo‘lgan yoki malaka sertifikatiga ega bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;

v) yuridik shaxs xodimlari (gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar) 3 yilda kamida bir marta belgilangan tartibda malaka sertifikati olishi;

d) «chiqish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilishi;

ye) turizm xizmatlarining muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan turistlar va ekskursiyachilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha tizimning mavjudligi;

j) turizm mahsuloti buyurtmachisi bilan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining turizm xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga javob beradigan elektron tijorat shartnomasi tuzilganidan keyin turizm xizmatlarini taqdim etish;

z) har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida O‘zbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda bo‘lishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi axborotni yetkazish;

i) mijozga lisenziatning ish rejimi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), tegishli litsenziya, turizm xizmatlari sertifikatining mavjudligi, turizm faoliyatining aniq yo‘nalishlari uchun mas'ul bo‘lgan lisenziatning mutaxassislari familiyasi, ismi va otasining ismi to‘g‘risida to‘liq va batafsil ma'lumot berish, jumladan ushbu ko‘rsatilgan ma'lumotlarni o‘zining xalqaro internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytiga joylashtirish;

k) lisenziat kamida ikki chet tilidagi, elektron to‘lovlar, bron qilishlar, «ichki turizm», «chiqish turizmi va «kirish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha ekvayring xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi (ushbu talabning chet tillari bo‘yicha qismi «ichki turizm» yo‘nalishidagi lisenziatlarga taalluqli emas);

l) turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi;

m) faoliyatni faqat litsenziyada ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirish.

Turagentlar faoliyatini litsenziyalash talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

a) turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilish;

b) turizm faoliyatining «chiqish turizmi» yo‘nalishida faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirish;

v) «chiqish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilishi;

g) turoperator bilan shartnoma tuzilgandan so‘ng turoperatorlar tomonidan yaratilgan turizm mahsulotini targ‘ib va realizatsiya qilish;

d) har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida O‘zbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda bo‘lishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi axborotni yetkazish;

ye) lisenziatning ish rejimi, uning joylashgan joyi (pochta manzili), tegishli litsenziya, lisenziatning familiyasi, ismi, otasining ismi to‘g‘risida to‘liq va batafsil ma'lumot berish, jumladan, ushbu ko‘rsatilgan ma'lumotlarni o‘zining xalqaro Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida joylashtirish;

j) lisenziat kamida ikki chet tilidagi, elektron to‘lovlar, bron qilishlar, «ichki turizm», «chiqish turizmi» va «kirish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha ekvayring xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi (ushbu talabning chet tillari bo‘yicha qismi «ichki turizm» yo‘nalishidagi lisenziatlarga taalluqli emas).

Lisenziya olish uchun litsenziya talabgori Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali yoki o‘zi kelib litsenziyalovchi organga ariza va zarur hujjatlarni taqdim etadi.

Ariza ko‘rib chiqilishi uchun litsenziya talabgori 2,5 BHM miqdorida yig‘im to‘laydi.

Lisenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror litsenziyalovchi organ tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan ariza olingan kundan boshlab 10 ish kunidan oshmaydigan muddatda, litsenziyalovchi organ rahbarining o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan ekspert xulosasi asosida qabul qilinadi.

Qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi bildirishnoma tegishli qaror qabul qilinganidan so‘ng bir kun ichida talabgorga yuboriladi. Lisenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga DXM yoki YaIDXP orqali elektron shaklda, bank hisobi rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddati ko‘rsatilgan holda yuboriladi.

Lisenziya berish rad etilganda bir kun ichida litsenziya talabgoriga bu haqda bildirishnoma yuboriladi, unda rad etish sabablari, asoslovchi qonun hujjatlari hamda litsenziya talabgori ushbu sabablarni bartaraf etgan holda hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

Hujjatlar ariza olingan kundan boshlab 5 ish kunidan oshmagan muddatda qayta ko‘rib chiqiladi.

Lisenziat litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan vaqtdan boshlab uch oy muddatda litsenziyalovchi organga litsenziya berilishi uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi ma'lumotni taqdim etmasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.

Lisenziya berganlik uchun «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan miqdorlarda davlat boji undiriladi.

Lisenziya talabgori tomonidan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan keyin ikki ish kuni mobaynida litsenziya beriladi.

Shuningdek Nizomda quyidagilar ko‘rsatilgan:

• litsenziya olish uchun taqdim etiladigan zarur hujjatlar ro‘yxati;

• litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi;

• litsenziyani qayta rasmiylashtirish, amal qilishini to‘xtatib turish, to‘xtatish va bekor qilish qoidalari; litsenziyalovchi organ tomonidan Lisenziyalar reyestrini yuritish tartibi.

Hujjat 10.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: