Dunyoning eng serdaromad aktyorlari reytingi e'lon qilindi  

Jahon 23:23 / 11.08.2020 12138

Forbes nashri dunyoning eng serdaromad aktyorlarining navbatdagi reytingini e'lon qildi. Reytingning yetakchi o‘ntaligidan joy olgan aktyorlar bir yil ichida umumiy hisobda 545 mln dollar ishlab topishgan.
        
Reytingda qatorasiga ikkinchi yil Dueyn Jonson yetakchilik qilmoqda. 48 yoshli Jonson bir yil ichida 87,5 mln dollar ishlab topgan. Aktyor bu summadan 23,5 mln dollarni Netflix’dan “Qizil ogohlantirish” filmidagi roli uchun olgan. Shuningdek, u sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Under Armour kompaniyasi bilan shartnomadan mo‘maygina pul ishlab topgan. Bir yil avval Jonson 89,4 mln dollar ishlab topgandi. 

2-o‘rinni Rayan Reynolds 71,5 mln dollar daromad bilan egallagan. Yetakchi uchlikdan 58 mln dollar bilan Mark Uolberg joy olgan.

4-o‘rinni Ben Afflek (55 mln dollar), 5-o‘rinni Vin Dizel (54 mln dollar), 6-o‘rinni hind aktyori Akshay Kumar (48,5 mln dollar), 7-o‘rinni Lin-Manuel Miranda (45,5 mln dollar), 8-o‘rinni Uill Smit (44,5 mln dollar), 9-o‘rinni Adam Sendler (41 mln dollar) va yetakchi o‘ntalikning oxirgi o‘rnini Jyeki Chan (40 mln dollar) egallagan.

Reytingni tuzishda 2019 yil 1 iyundan 2020 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr uchun ma'lumotlar hisobga olingan. Ma'lumotlar Nielsen, ComScore, Box Office Mojo va IMDB servislaridan olingan. Ma'lumotlarda aktyorlar daromadidan soliq, agentlar, menejyerlar va huquqshunoslarga to‘lovlar chegirilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: