Dunyodagi vaziyat: koronavirus yuqtirganlar soni 20 milliondan oshgan, Gretsiyada yangi cheklovlar

Jahon 23:20 / 11.08.2020 16277

Sayyorada Covid-19 tashxisi tasdiqlangan bemorlar soni oshib, Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, jami zararlanish holatlari soni 20 milliondan oshdi. Pandemiya boshidan beri kasallikdan 736 mingdan ortiq kishi inson vafot etgan.

Universitet hisob-kitoblarni dunyo mamlakatlari hisobotlarini qabul qiluvchi JSST ma'lumotlariga asosan olib boradi. Sayyora bo‘ylab bemorlar va vafot etganlarning haqiqiy soni sezilarli darajada yuqori bo‘lishi mumkin.

Virus yanada tez tarqalmoqda
Dunyoda koronavirus tarqalish sur'ati jadallashmoqda. May va iyun oyi oralig‘ida bemorlar sonining 5 milliondan 10 million nafarga yetishi 38 kun ichida sodir bo‘lgandi. 15 millionlik dovon yana tezroq - 24 kun ichida bosib o‘tildi. 15 milliondan 20 millionga yetish uchun 20 kun kifoya qildi.

Yevropaning bir necha davlatlari va ayniqsa Fransiya va Ispaniyada kunlik kasallanishlar holatlarida o‘sish qayd etilmoqda. Eng og‘ir vaziyat Ispaniyada ro‘y bermoqda, ammo u yerda virus tarqalishi ortishi shimoli-sharqiy provinsiyalarda kuzatilmoqda, davlatning boshqa qismlaridagi vaziyat u qadar xavotirli emas.

Bundan tashqari, Ispaniyada so‘nggi bir kun ichida kasallanish holatlari keskin ko‘tarilishi qayd etildi - o‘tgan jumadan beri 1400dan ortiq yangi bemor va 73ta o‘lim holati. Bu so‘nggi oylarda mamlakatda kuzatilgan eng yomon holatdir.

Parij va Fransiyaning boshqa shaharlarida endi niqoblarni nafaqat bino ichida, balki ko‘chada ham taqish majburiy. Fransuzlar hukumati 5 ming kishidan ortiq odam qatnashadigan tadbirlarga qo‘yilgan cheklov muddatini 30 oktyabrgacha uzaytirdi. Bosh vazir Jan Kasteksning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi ikki hafta ichida yomon tomonga o‘zgargan.

Gretsiyada virusdan zararlanish ko‘rsatkichi keskin oshganidan so‘ng yangi cheklovlar kiritildi: Ispaniya, Belgiya, Shvetsiya, Niderlandiya va Chexiyadan keluvchi sayohatchilar Gretsiyaga kirishda koronavirusga test natijasini taqdim etishi shart. Turistlar orasida mashhur shahar va orollarda hukumat restoran va barlar tun yarmiga borib yopilishi kerakligini talab qilmoqda.

AQSh dunyoda kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilikni saqlab turibdi - 5 milliondan ortiq bemor va 163 mingdan ortiq o‘lim holati.

New York Times gazetasi xabar berishicha, Donald Tramp hukumati koronavirus bilan kasallanganlarni mamlakatga kiritmaslik masalasi ustida ish olib bormoqda.

Bu tashabbus tafsilotlari deyarli noma'lum. Gazetaning ta'kidlashicha,Oq uy tegishli farmon loyihasini tekshirish uchun federal idoralarga yuborgan. Washington Post ham shu haqida yozadi: vazirliklar o‘z sharhlarini kelgusi seshanba kuniga qadar berishlari kerak.

Jurnalistlarning ta'kidlashicha, «agar koronavirus bilan kasallangan deb taxmin qilish uchun jiddiy sabablar mavjud bo‘lsa» AQSh fuqarosi yoki rezidentiga kirish taqiqlanishi mumkin. Xuddi shu hujjatda aytilishicha, farmonda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmi ko‘zda tutilishi kerak. 

AQSh rasmiylari New York Times xabariga izoh bermadi. 

Koronavirus antireytingida AQShdan keyingi o‘rinda hududida uch million zararlanish holati qayt etilgan Braziliya bormoqda. Mintaqadagi eng ko‘p shikastlangan ikkinchi mamlakat - Meksikada ahvol yaxshiroq. U yerda taxminan 500 ming kasal bor. 

Lotin Amerikasi va Karib dengizida koronavirus holatlari dunyoning boshqa qismlariga qaraganda tezroq o‘smoqda. Bloomberg agentligi iyul oyi boshidayoq Lotin Amerikasining dunyo miqyosidagi tashxislardagi ulushi o‘sib borayotgani va sayyora bo‘ylab koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatlarining qariyb 51 foizi Lotin Amerikasiga to‘g‘ri kelayotganini qayd etgandi. 

Braziliyadan keyingi o‘rindagi Hindistonda ham epidemiologik vaziyat tez og‘irlashib bormoqda. So‘nggi kun davomida mamlakatda 64 mingta yangi holat qayd etildi. Umumiy raqamlar qariyb 2,3 millionga yetdi. 

Hindistonda Covid-19 sabab bo‘lgan o‘limlar soni nisbatan past, ammo virus juda tez tarqalyapti. Atigi 20 kun ichida ushbu kasallikka chalinganlar soni bir milliondan ikki milliongacha ko‘paydi. 

Britaniya rasmiylari karantin tufayli ishsizlikning rekord darajada o‘sishini qayd etdi. Milliy statistika byurosi oxirgi chorakda ishsizlar soni 220 mingga oshganini xabar qildi.

Ishsiz va nisbatan kam maoshlilarga to‘lanuvchi universal ko‘mak oluvchi britaniyaliklar soni iyul oyida 2,6 millionga yoki mart oyiga qaraganda 117 foizga ko‘paydi. 

Shu vaqt ichida Rossiyada dunyodagi ilk koronavirus vaksinasi rasmiy ravishda taqdim etildi. Bu haqda prezident Vladimir Putin seshanba kungi hukumat yig‘ilishida ma'lum qildi. 

Avvalroq, G‘arb ekspertlari va JSST Rossiya vaksinasiga shubha bildirishgan edi. Xususan, AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchi kongress eshituvlarida Rossiya va Xitoyda vaksina sinovlari to‘g‘ri o‘tkazilganiga shubha bildirdi. Bundan tashqari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Rossiyani emlashga shoshilmaslikka chaqirdi va rossiyalik olimlarning ishi natijalariga shubha bildirdi.

Avstraliyaning shimoliy hududlari qolgan shtatlardan ajratilgan. Seshanba kuni mahalliy hokimiyatlar koronavirus tarqalgan boshqa shtatlardan keluvchilarga o‘z chegaralarini kamida 18 oy davomida ochmasligini ma'lum qildi. 

Avstraliya ikkinchi to‘lqinni boshdan kechirmoqda - Melburnda hozirgi kunda sakkiz mingga yaqin odam koronavirus bilan kasallangan, Sidneyda Covid-19'ning kichik o‘choqlari ro‘yxatga olingan. Rasmiylar bir kun ichida mamlakatda 19 kishi virus qurboni bo‘lganini ma'lum qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: