Senator: Xususiy klinika litsenziyasini bekor qilish muammoga yechimmi?

O‘zbekiston 23:45 / 10.08.2020 14272

«Kuni kecha e'lon qilingan Sog‘liqni saqlash vazirining «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil o‘tkazish to‘g‘risida»gi buyrug‘i bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rish, shu jumladan ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da'vo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ta'kidlanayotganidek, xususiy klinikalar «Tez yordam» kelmasdan, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermagan bir paytda, o‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni ko‘tarib kelganlarga hech kim yordam qilmagani uchun ularga yordam berishga majbur bo‘lgan. Shu bois endi tajriba oshib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, ahvol ancha yengillashganda, ayb xususiy klinikalarga ag‘darilayotganidan norozi bo‘lmoqda.

Shuningdek, xususiy tibbiyotga nisbatan bo‘layotgan «o‘gay»larcha munosabatdan, ularni hech kim himoya qilmayotganidan, «xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi», deb kamsitilayotganidan taassuf bildirish bilan birga, «davlat klinikalarida mutlaqo to‘g‘ri davolanildimi, u yerlarda kerakli hamma narsa bormidi, nega xususiy klinikalarga ham tavsiyalar, qo‘llanmalar berilmadi?» kabi haqli e'tirozlarni keltirmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020 yil 1 sentyabrga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, poytaxtdagi faqat 7ta xususiy klinika tegishli tartibda shartnoma imzolagan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, bu jami xususiy klinikalarga nisbatan necha foizni tashkil etadi, mutasaddilar tomonidan mamlakat uchun shunday kritik holatda xususiy tibbiyot tashkilotlari qay darajada mazkur xizmatlarni ko‘rsatishlari uchun shartnoma tuzishga jalb etildi, rag‘batlantirildi, imkoniyatlar yaratib berildi yoki jarayonga taklif etildi?!

Shuningdek, qayd etilgan qarorga ko‘ra, mutasaddilarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qo‘llash yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish, ularning bino-inshootlari dezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini ta'minlash, dezinfeksiya tadbirlarini to‘liq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini ko‘rish topshirilgan. Xo‘sh, bu yo‘nalishlarda qanday ishlar amalga oshirildi?!

Mazkur savollarga mutasaddilardan javob kutib qolamiz...

O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonuni 6-moddasida, mutasaddilarga sog‘liqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni bir xilda rag‘batlantiruvchi sharoitlar yaratish vazifasi yuklangan. 7-moddasida esa mamlakatda sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yig‘indisidan iborat yagona sog‘liqni saqlash tizimi amal qilishi, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq bemorlarga 20 foizga qadar bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishi va bu xizmatlar budjet hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Xo‘sh, yuqorida qayd etilgan qonun va qarorlarga mutasaddilar tomonidan to‘la amal qilinyapti, deya olamizmi?..

Mamlakatimizda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyatda mutasaddilar sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarini birdek ko‘rib, butun e'tiborni vaziyatni yaxshilashga qaratmoqdami? Xususiy klinikalar ham boshqalar qatori davlat loyihalariga taklif etilmoqdami, ular mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish jarayonlariga jalb etilmoqdami? Pandemiya sharoitida davlat tibbiyot tizimi og‘ir ahvolga tushib qolganda,tizimning ma'lum «yuki»ni o‘z zimmasiga olgan nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari hukumat tomonidan qanday rag‘batlantirilmoqda?

Albatta, ushbu yo‘nalishlarda ham mutasaddilardan javob kutib qolamiz...

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri ta'kidlanayotganidek, investorlar tomonidan yurtimizda tibbiyot muassasalari qurilib, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari olib kelinishi, umuman, tizimga investitsiyalar jalb qilinishi sog‘liqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yig‘indisidan iborat yagona tizimning qay darajada taraqqiy etganiga bog‘liq.

Shuning uchun tegishli davlat organlaridan qo‘yilgan savollarga javoblar bilan birga, mamlakat tibbiyot tizimini sog‘lomlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ham kutamiz», – deb yozadi Senat qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov.

  • Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida Covid-19 infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda O‘zbekistonda koronavirus bemorlarini davolovchi xususiy klinikalar ustidan nazorat kuchaytirilishi ma'lum qilinib, vazirlik davolash standartlari buzilsa, klinikaning litsenziyasi sud orqali bekor qilinishi haqida ogohlantirgandi.
Ko‘proq yangiliklar: