Saudi Aramco’ning sof daromadi 73 foizga kamayib ketdi

Jahon 08:13 / 10.08.2020 2955

Saudiya Arabistonining Saudi Aramco davlat neft kompaniyasi joriy yilning 2-choragi va birinchi yarim yilligi bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim qildi. 2-chorakda kompaniyaning sof daromadi 73 foizga kamayib, 6,6 mlrd dollarni tashkil qilgan. Yarim yillik yakunlariga ko‘ra esa kompaniyaning daromadi 50 foizga qisqarib, 23,2 mlrd dollargacha tushib ketgan.  

Kompaniyaning bunday salbiy natijalari pandemiya vaqtida energiya tashuvchilarga talab kamaygani va neft narxining keskin pasayib ketishi sababli kutilmagan holat bo‘lmagan. 

Boshqa neft-gaz kompaniyalari ham zarar ko‘rganini ma'lum qilgan. Shu sababli ulardan ko‘pchiligi dividendlarni qisqartira boshlagan. Jumladan, 2-chorak bo‘yicha zarar ko‘rganini ma'lum qilgan British Petroleum 2010 yildan beri ilk bor dividendlarni qisqartirishini e'lon qilgan. Shell kompaniyasi esa 1-chorakdan keyinoq dividenlari pasayishini e'lon qilgan. Bu qisqartirish kompaniya uchun Ikkinchi jahon urushidan beri birinchisi bo‘lgan.

Saudi Aramco boshqa energetik kompaniyalardan farqli, hozircha dividendlarni qisqartirmoqchi emas. U avval kutilgandek, o‘z aksiyadorlariga 18,75 mlrd dollar dividend to‘lab beradi.

Ko‘proq yangiliklar: