Salbiy prognozlar o‘zini oqlamadi: bahorda karantinni rad etgan Shvetsiya nahotki yutdi?

Jahon 20:48 / 10.08.2020 84363

Italiya qish faslining oxirlari, bahorning boshlarida qanday dahshatga duchor bo‘lgani barchaga ma'lum. Shvetsiyada esa shu kungacha COVID-19 yuqtirish bilan bog‘liq 82 mingdan oshiq holat qayd etilgan, 5800ga yaqin kishi vafot etgan.

29 may kuni koronavirusdan o‘lim holatlari darajasi bo‘yicha 5,5 million aholisi bor Shvetsiya jahonda birinchi o‘ringa ham chiqqan. So‘nggi haftalarda mamlakatda o‘rtacha o‘lim darajasi 0,64 ni tashkil etgan.

Hozir manzara butunlay o‘zgargan. So‘nggi haftalarda yangi zararlanishlar soni Shvetsiya va Italiyada 200dan oshmayapti, masalan Ispaniyada o‘tgan haftada bu ko‘rsatkich kuniga 2 mingdan, Fransiyada esa mingdan oshiq bo‘lgan.

Boz ustiga, bir-ikki oy muqaddam hamma ko‘mishga tayyorgarlik ko‘rayotgan shved iqtisodiyoti karantin joriy etilmaganining mevalarini ko‘ra boshladi.

Asosiysi — kim bilan taqqoslashni bilish

Prognozchilar yana loyqa suvga o‘tirib qolishdi. Ular shved iqtisodiyoti va butun qirollikka dahshatli zamonlarni «bashorat» qilishayotgan edi. Avvaliga karantinning joriy etilmagani iqtisodiyotga zarracha yordam qilmagani, hattoki aksincha, ziyon keltirganini yozishdi, so‘ngra juda yomon choraklik ko‘rsatkichlarni taxmin qilishdi.

Biroq, Skandinaviyaning eng yirik iqtisodiyotidagi ikkinchi chorak ko‘rsatkichlariga hozirda nafaqat Yevropaning boshqa davlatlari hasad qilmoqda. Shvetsiya statistika boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Shvetsiya YaIMi aprel-iyun oylarida avvalgi chorakka nisbatan 8,6 foizga pasaygan. 2019 yilning ikkinchi choragiga nisbatan pasayish biroz kamroq — 8,2 foiz.

Bu — choraklik hisobot joriy etilgan so‘nggi 40 yil ichidagi eng katta pasayish. Bu pasayish 2008 yilning to‘rtinchi choragida — butun sayyora moliyaviy inqiroz yoqasida qolgan vaqtdagi 3,8 foizdan qariyb ikki barobar ko‘proq.

Capital Economics iqtisodchisi Devid Oksli bu raqamlarda shved iqtisodiyoti ham koronavirusdan kuchli jabrlangani ko‘radi. «Lekin yilning yarmi o‘tib borayotganda Shvetsiya iqtisodiyoti kuchli silkinishlarni boshdan kechirgan Yevropaning janubi bilan solishtirilganda boshqa ligada ekani ma'lum bo‘lmoqda», — deydi u.

Yanvar-mart oylarida 2019 yilning so‘nggi kvartaliga nisbatan ramziy 0,1 foizlik o‘sishga erishgan Shvetsiya iqtisodiyoti Qo‘hna qit'aning nafaqat janubiy, balki barcha yirik iqtisodiyotlaridan o‘zgan. Aprel-iyun oylarida yevrozona iqtisodiyotidagi tanazzul 12,1 foizni tashkil etdi, butun Yevropa ittifoqining iqtisodiyotida esa 11,9 foizni. YaIM bo‘yicha ikkinchi chorakda eng yomon ko‘rsatkichlar Ispaniyada (boz ustiga, ketma ket ikki chorakda ham) — minus 18,5 foiz. Germaniya (–10,1 foiz), Italiya (–12,1 foiz) va Fransiya (–13,8 foiz) ko‘rsatkichlari biroz «yaxshiroq».

Jahonning birinchi iqtisodiyotini Shvetsiya iqtisodiyoti bilan umuman taqqoslab bo‘lmaydi. Ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha AQSh yalpi ichki mahsuloti 32,9 foizga pasaygan.

Bir tomondan, albatta, iqtisodiyotning rekord darajada tanazzulga uchragani bilan maqtanish g‘alati, ikkinchi tomondan boshqa davlatlarda iqtisodiyotning ahvoli yanada chatoq bo‘lib turgan paytda negativ ko‘rsatkichlarni ham foyda sirasiga kiritsa bo‘laveradi.

Koronavirusga qarshi kurashishning shvedcha modeliga qarshilar Shvetsiyani Yevropaning yirik mamlakatlari bilan emas, qo‘shnilari bilan taqqoslash kerakligini aytishadi, tabiiyki bu mantiqli talab. Xalqaro valuta jamg‘armasi iqtisodchilarining fikricha, shved modeli yilning dastlabki uch oyida qirollik iqtisodiyoti uchun pandemiya oqibatlarini yumshatib bergan, ikkinchi chorakda plyus yo‘qolgan va vaziyat tenglashgan.

Shvetsiya Markaziy banki – Riksbank prognoziga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha Shvetsiya iqtisodiyotida pasayish 4,5 foiz bo‘ladi. Yuqorida nomi tilga olib o‘tilgan Devid Oksli Capital Economics tadqiqotida hammuallif bo‘lib, unga ko‘ra Shvetsiya iqtisodiyoti 2020 yilda bor-yo‘g‘i 1,5 foizga qisqaradi xolos.

Daniya Markaziy banki mamlakat iqtisodiyotida joriy yilda pasayish 4,1 foiz bo‘lishini aytmoqda.

Norvegiyaga solishtirilganda vaziyat yanada yomonroq. Norvegiya markaziy bankiga ko‘ra, mamlakat materik iqtisodiyotida (neft-gaz sektoridan tashqari) 2020 yil yakunlariga ko‘ra pasayish 3,9 foizga teng bo‘ladi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar qariyb bir xil, lekin Shvetsiyaning koronavirus statistikasi ancha yomon: bu yerda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari Norvegiyaga nisbatan 12, Finlandiyaga nisbatan 7, Daniyaga nisbatan 6 barobar yuqori.

Tabiiyki, shvedlarning o‘ziga ham yarmisi qariyalar uyiga to‘g‘ri kelgan «virusli» o‘lim bilan bog‘liq bu vaziyat ko‘p ham yoqmayapti. Oshib borayotgan tanqidlar fonida mamlakat bosh vaziri Stefan Lyoven bir oy oldin komissiya tuzdi, u pandemiya chog‘ida hukumat harakatlarini tekshiradi.

«Ular (shvedlar) hech narsaga erishishgani yo‘q, — deydi Jahon iqtisodiyoti instituti professori Jyeykob F. Kirkegard. — Ular o‘z oyog‘iga o‘q uzishdi, lekin iqtisodiyotga yordam berishgani yo‘q».

Barcha kutilmalardan yuqori

Albatta, karantinning yo‘qligi shved iqtisodiyotiga zarracha yordam bera olgani yo‘q, degan umumtarqalgan fikrni choraklik korporativ hisobotlarga ko‘ra o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodchilar jo‘r bo‘lib nafaqat butun Shvetsiya iqtisodiyotida, balki shved biznesi ham yozda qiyin davrlarga duch kelishini «bashorat» qilishayotgan edi. Biroq iyul oyida kompaniyalar ikkinchi choraklik uchun hisobotlarni taqdim eta boshlashgach, manzara u qadar qo‘rqinchli emasligi oydinlashdi. Ericsson va Electrolux’dan tortib Handelsbanken va Assa Abloy’gacha bo‘lgan shved kompaniyalari birin-ketin tahlilchilar prognozlaridan ancha yuqori natijalarni ko‘rsata boshlashdi. Bu yerda ikkinchi chorakdagi yo‘qotishlari 97 mln shved kronasi bo‘lgan Handelsbanken banki rekordchi bo‘ldi — u taxmin qilingan milliard kronadan qariyb 10 barobar kamroq yo‘qotishga uchragan.

«Shunchalik ko‘p kompaniya kutilganidan ko‘ra ko‘proq daromad topganini hech qachon ko‘rmaganman, — deya taajublanadi SEB bankining aksiyalar bilan operatsiyalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Esbyorn Lundeval. — Bunday vaziyat (ko‘rsatkichlarning prognozlardan oshishi) qariyb har bir kompaniyada ro‘y berdi».

Darvoqe, SEB direktori Yohan Torgebining fikricha, Shvetsiya hukumati do‘konlar, banklar va maktablarni yopmasdan to‘g‘ri ish qilgan.

«Biz iste'mol va boshqa indikatorlar bo‘yicha iqtisodiyotdagi tanazzul Yevropaning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha past bo‘lishini aniq ko‘rib turuvdik», — deydi u.

Choraklik hisobot chiqqach, darhol savol paydo bo‘ldi: Koronavirusga qarshi kurashishning shved modeli yana qancha syurpriz taqdim etadi?

«Biz jamoat joylari va maktablarni yopmaganimiz pandemiya bizga ta'sir qilmaganini anglatmaydi, — deydi podshipnik ishlab chiqaruvchi SKF firmasi direktori Alrik Daniyelson. — Shubhasiz, bizning kompaniyalarga uyda o‘tirish buyurilmagani katta yordam berdi».

Gyoteborgdagi SKF kompaniyasi pandemiya chog‘ida ishni to‘xtatgani yo‘q. Faqatgina o‘zini yomon his qilgan ishchilarga javob berilgan. Ikkinchi chorakda SKF’ning operatsion daromadi 2019 yilning shu davriga taqqoslanganida qariyb yarmiga qisqargan, lekin shu natija ham prognozdagidan 35 foizga ko‘proq. SKF aksiyalari esa martdagi minimumdan so‘ng 50 foizga o‘sgan.

Ikkinchi chorakda 6 mlrd krona foyda bilan chiqqan Swedbank prezidenti Yens Henrikson ham koronavirus bankka foyda keltirganini aytadi.

«Ha yoki yo‘q, deb ayta olmayman, — deydi u karantindan voz kechishning biznesga ta'siri haqidagi savolga. — Biz yopilmadik, shu narsa bizga foyda keltirgan bo‘lsa kerak. Agar shved iqtisodiyotiga qaralsa, u tiklana boshlayotganini ko‘rish mumkin».

Boshqalardan o‘zgacha

«Bankrotliklar soni juda kam, — deydi Esbyorn Lundeval. — Taxminimcha, biz bu inqiroz davrida o‘zimizni boshqalardan o‘zgacharoq tutganimiz yordam bergan».

Tahlilchilar shved biznesini biri ikkinchisidan keskin farqlanuvchi ikki guruhga bo‘linganiga e'tibor qaratishmoqda. Shved modeli ko‘proq ichki bozorga yo‘nalgan kompaniyalarga yordam bergan. Shved sanoatining yirik eksport sektoriga kiruvchi kompaniyalar esa xorijlik raqobatchilari singari pandemiya, talabning sustlashuvi va yetkazib berish zanjirining uzilishi oldida zaiflashib qolgan. Volvo Group, Alfa-Laval, Trelleborg, SKF, Getinge va boshqa ko‘plab shu kabi kompaniyalarda ikkinchi chorakda daromad keskin pasaygan. Lekin hattoki shunda ham ularning ko‘rsatkichlari tahlilchilar pronozidan yuqori.

Ericsson telekommunikatsiya kompaniyasi ikkinchi chorakda operatsion daromadni oshirgan, maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi Electrolux esa nolga chiqqan, garchi ularga yirik zarar prognoz qilinayotgandi.

Volvo prezidenti va bosh direktori Martin Lundstedtga ko‘ra, ikkinchi chorakda sotuvlarning 38 foizga kamayishi kompaniya tarixida «misli ko‘rilmagan» holat bo‘lgan, lekin shunga va detallarni yetkazib berish bilan bog‘liq katta muammolarga qaramasdan, konsern xarajatlarni tezkorlik bilan qisqartirib, foyda bilan chiqqan.

Maktab va bog‘chalarni yopmaslik masalasi bo‘yicha aholi o‘rtasidagi to‘liq kelishuv kichik farzandlari bor oilalarga yordam bergan.

«O‘rtacha shvetsiyalikning mehnat unumdorligi boshqalarga nisbatan yuqoriroq ekanining sababi — u ishdaligida bolasiga qarab turadigan odamlar bo‘lgani sharofatidandir», — deb hisoblaydi Esbyorn Lundeval.

Tahlilchilar ham sanoat kompaniyalariga Xitoy hamda Yevropaning katta qismi (karantindan chiqishning ilk bosqichida) tezda tiklangani, shuningdek, hukumatning ish o‘rinlarini saqlashga qaratilgan kuchli dasturi ham yordam bergan.

Ko‘plab shvedlar ochiqlik tufayli, shuningdek, ishga, do‘konlarga chiqish, o‘z uylarida ijtimoiylashuvdan ko‘p ham qo‘rqmasligi sabab o‘zlarida boshqalarga nisbatan u qadar katta bo‘lmagan ruhiy ustunlik bor, deb hisoblashadi.

Koronavirusga qarshi kurashning qaysi modeli yaxshiroq: (shvedcha) yumshoqrog‘imi yoki qat'iysimi — bunga Germaniya va Estoniyada bo‘y ko‘rsatgan koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini, uning oqibatlari qanday bo‘lishi uzil-kesil aniqlik kiritishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: