Chet tili imtiyozi mavjud abituriyentlar alohida guruhlanadi va ularga 1 soat vaqt ajratiladi - DTM

O‘zbekiston 12:02 / 10.08.2020 9096

Bu yil oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida chet tili imtiyozi mavjud abituriyentlar alohida guruhlanadi va ularga test yechish uchun boshqalar kabi ikki soat emas, balki bir soat vaqt ajratiladi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Uning qayd etishicha, o‘tgan yil tajribasiga asosan, bitta guruhda turlicha vaqt davomida test topshiradigan abituriyentlar bo‘lmaydi.

«Masalan, o‘tgan yili bitta binoda 30ta guruh tayyorlangan bo‘lsa, ularning taxminan 25tasi 3 soat davomida, qolgan 5tasi esa 2 soat davomida test topshiruvchi abituriyentlardan iborat bo‘lgan.

Bu yil test topshirish vaqti farq qiladigan abituriyentlar alohida guruhlanadi va ular bir-biriga xalaqit bermaydi.

Xuddi shunday joriy yil ham kirish imtihonlarida chet tilidan test sinovlarini bajarmaydigan abituriyentlar alohida tarzda guruhlarga ajratiladi va ularga ham nazoratchilar vaqt tugashiga kam qolganda eslatmalar berib turadi», dedi DTM vakili Kun.uz so‘roviga javoban.

  • Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari 2 sentyabrdan boshlanib, 2 hafta davomida ochiq stadionlarda o‘tkazilishi ma'lum qilindi. Joriy yil OTMlarning kirish imtihonlarida qatnashish uchun 1 million 484 ming 85 abituriyent hujjat topshirgan.
  • Davlat test markazi ma'lumotiga ko‘ra 1,5 millionga yaqin abituriyentning 8 079 nafarida chet tilidan imtiyoz beruvchi til sertifikatlari mavjud
  • Abituriyentlarga imtihonda test topshiriqlarini bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Davlat test markazi direktori Majid Karimov har yili test sinovlari 3ta fandan o‘tkazilganini va 3ta fanga 3 soat vaqt berilganini, bu yil esa istisno tariqasida test sinovlari ikkita fandan o‘tkazilishini, shuning uchun ham imtihon vaqti 2 soat ekanini aytib o‘tgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: