Belarus: Tixanovskaya rasmiy natijalarni tan olmadi, Putin Lukashenkoni tabrikladi

Jahon 14:24 / 10.08.2020 35587

10 avgust tongida Belarus MSK prezidentlik saylovlarining ilk rasmiy natijalarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko saylovchilarning 80 foizidan ortig‘ining ovozini qo‘lga kiritgan, uning asosiy raqibi, muxolifatchilar nomzodi Svetlana Tixanovskaya — 10 foizga yaqin ovoz olgan. Saylovda davomat 84 foizdan yuqori bo‘ldi. Bu natijalar saylov uchastkalari yopilishi bilan hukumat akkreditatsiya bergan sotsiologlar tomonidan e'lon qilingan ekzit-pollar bilan deyarli bir xil. Bu natija muxolifatchilar aytgan natijalarning aksi - ular tomonidan internetda tashkil etilgan va 1,1 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etgan «Golos» loyihasida Tixanovskaya 70 foizdan ortiq ovoz olib g‘olib bo‘lgani ma'lum qilingandi. Rossiyalik sotsiolog Grigoriy Yudin bu raqamlarning birortasiga ishonib bo‘lmasligini aytmoqda: rasmiysi — shaffof emas, muqobili — ovozlarni hisoblash metodologiyasida kamchiliklar bor. Tixanovskayaning shtabi rasmiy natijalar tan olinmasligini bildirdi. «MSK tomonidan e'lon qilingan saylov natijalari haqiqatga va sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi», — degan Tixanovskayaning matbuot kotibi Anna Krasulina.

Foto: EPA/Vostock-photo

Ovoz berishning ilk natijalari e'lon qilinishi ortidan Belarusning yirik shaharlarida ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi. Namoyishlar ishtirokchilarining aniq sonini keltirish qiyin, ammo 10 avgustga o‘tar kechasi o‘n minglab kishilar ko‘chalarga chiqqandi. Eng yirik namoyishlar poytaxt Minskda bo‘lib o‘tdi, bu yerda namoyishchilar militsiya va harbiylar tomonidan qattiqqo‘llik bilan tarqatildi. Namoyishchilar chiqindi qutilaridan barrikadalar qurishga harakat qilishdi, ularni yo‘llarni to‘sib qo‘ygan avtomobilchilar qo‘llab-quvvatladi. Militsionerlar namoyishlarni bostirish uchun bor vositalardan foydalanishdi: ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan tortib, shovqinli granatalargacha, shuningdek, odamlarga rezina o‘qlar yog‘dirildi. Ammo namoyishchilar militsionerlar bilan to‘qnashuvdan qochishmadi va ularga toshlar, butilkalar va fayyerlar uloqtirishdi, namoyishlar tungi soat uchgacha davom etdi. Tun yarmida mamlakatning ko‘plab namoyishlar tinchidi, lekin odamlar uylariga tarqalish oldidan «Ertaga» deya hayqirishdi.

Tartibsizliklar vaqtida kamida bir namoyishchi vafot etgan. Internetda namoyishchilardan biri avtozak g‘ildiraklari ostida qolib ketayogani tasvirlangan surat tarqalgandi. Hozirda aynan kim halok bo‘lgani tasdiqlanmagan. Xabar qilinishicha, yana uch kishi militsiya yuk mashinasi bilan to‘qnashuv oqibatida jiddiy jarohat olgan. «Vesna» markazi ma'lumotiga ko‘ra, Minskdagi shifoxonalarga militsiya bilan to‘qnashuvlarda jarohatlangan o‘nlab kishilar yotqizilgan. Militsiya harakatidan jabr ko‘rganlar orasida «Meduza» nashrining maxsus muxbiri Maksim Solopov ham bor. U Belarusdagi voqealarni yoritib borgan va 10 avgustga o‘tar kechasi soat 1:30da u bilan aloqa uzilgan. 10 avgust kuni Rossiyaning Daily Storm nashri Solopov «juda ayovsiz kaltaklangani» haqida xabar berdi. 

Belarusda saylov kuni so‘ngida internet amalda uzildi, belarus saytlari ishlamay qoldi. «Belta» va Tut.by kabi yirik saytlar faoliyatini telegram orqali olib borishga majbur bo‘ldi. 9 avgust voqealari asosan telegram kanallar orqali yoritib borildi, lekin bu kanallarning ishonchliligi darajasini aniqlash mushkul edi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 200dan ortiq kishi qo‘lga olingan. 10 avgust kuni «Vesna» ham shunga yaqin ma'lumot tarqatgan va qo‘lga olinganlar soni aslida ko‘proqligini bildirgandi. Hukumat «huquq tartibot organlari xodimlariga zo‘ravonlik» fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan va tashkilotchilarga 8 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatda qamoq jazosi tahdid solmoqda. Lekin hozircha qo‘lga olinganlar soni 2010 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida Minskda qo‘lga olingan namoyishchilar sonidan ancha kam. O‘shanda saylov natijalari e'lon qilinishi ortidan militsiya bilan to‘qnashuvlar boshlangach, 600dan ortiq kishi qo‘lga olingan, shu jumladan, muxolifatchilarning rahbarlari ham. Qayd etish kerakki, o‘shanda Minskdan boshqa shaharlarda namoyishlar bo‘lib o‘tmagan. 10 avgustga o‘tar kechasi Tixanovskayaning shtabi ham barrikada o‘rnatgani haqida xabarlar tarqaldi, ammo bu ma'lumot tasdiqlanmadi.

Belarusdagi voqealar yuzasidan birinchi bo‘lib Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy munosabat bildirdi. U Aleksandr Lukashenko saylovlarda g‘olib chiqqani to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga qo‘shilmagan. «Bu kabi ko‘lamdagi shubha - tobora kuchayib borayotgan zo‘ravonlik, mojaro, ommaviy tartibsizliklarga to‘g‘ri yo‘ldir», deydi Zelenskiy. U feysbukdagi sahifasida belaruslarni sabrli bo‘lishga, ko‘chalarda zo‘ravonliklarni amalga oshirmaslikka va murakkab bo‘lsa-da, maksimal darajada ochiq dialogga chaqirgan. Polsha tashqi ishlar vazirligi esa keskinroq bayonot bilan chiqdi. «Huquq-tartibot organlarining shafqatsiz reaksiyasiga, tinch namoyishchilarga kuch ishlatilishiga toqat qilib bo‘lmaydi. Biz Belarus hukumatiga vaziyatni og‘irlashtirishni bas qilishni va inson huquqlarini hurmat qilishni so‘rab murojaat qilamiz», deyiladi vazirlik bayonotida. Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Belarus voqealari bo‘yicha YeIning shoshilinch sammitini chaqirishni taklif etgan.

Foto: Andrey Pokumeyko/TASS

Vladimir Putin Lukashenkoni qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi. Xabarlarga ko‘ra, Aleksandr Lukashenkoni Xitoy rahbari Si Tszinpin va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham saylovdagi g‘alaba bilan tabriklashga ulgurgan. Qozog‘iston rahbari «murakkab siyosiy vaziyatda o‘tkazilgan saylov natijalari Sizning Belarus mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga yo‘naltirilgan strategik kursingiz xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi» degan. Lukashenko 10 avgust tongida Belarus milliy biotexnologiya korporatsiyasiga tashrif buyurdi va saylovdan keyin ilk bor bayonot berdi. «Bitta siyosat bo‘lishi kerak — odamlar», degan u. Lukashenko hozircha saylov natijalari bo‘yicha fikr bildirmagan.

Svetlana Tixanovskaya o‘zini Belarusdagi prezidentlik saylovlari g‘olibi deb e'lon qildi. «Biz saylov natijalarini tan olmaymiz. Biz haqiqiy protokollarni ko‘rdik. Ovozi o‘g‘irlandi deb hisoblaganlarning barchasini jim turmaslikka chaqiraman», degan Tixanovskaya. U Aleksandr Lukashenko bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan. Uning shtabi Aleksandr Lukashenkodan «hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish»ni talab qilgan.

Svetlana Tixanovskaya kechasi Minskda ro‘y bergan voqealarga toqat qilib bo‘lmasligini bildirgan. Shtabga kechasi ham, bugun ham tartibsizliklar vaqtida qurbonlar bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda. Nomzod bu ma'lumotlar tasdiqlanmasligiga umid bildirgan, aks holda bu «yakunning boshlanishi» bo‘lishi haqida gapirgan.

Tixanovskayaning shtabi davomli namoyishlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. «Men hibsga olinishimga sabab ko‘rmayapman va Belarusdan ketmoqchi emasman», — degan u.

Belarus IIV namoyishlar vaqtida huquq-tartibot organlari vakillaridan 39 kishi, fuqarolardan 50dan ortiq kishi jarohatlangani haqida ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: