Agrar ta'lim tizimi yanada takomillashtiriladi

O‘zbekiston 11:07 / 10.08.2020 2846

Norma’ning yozishicha, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilgan:

  • agrar ta'lim bakalavriat yo‘nalishlarida ta'limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish. Bunday tizim doirasida talabalar uchun 5 kunlik o‘qish hamda shanba kunini mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilash;
  • xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta'lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini agrar soha oliy ta'lim muassasalari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlash;
  • qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasi uchun magistratura mutaxassisliklarida o‘qish muddatini 1 yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi iqtidorli talabalar uchun o‘qish muddatini 2 yil etib belgilash;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta'lim muassasalariga sohada 5 yillik stajga ega bo‘lgan xodimlarni tavsiyanoma asosida o‘qishga tavsiya etilganda o‘qish muddatini sirtqi ta'lim shaklida 4 yil etib belgilash. To‘lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta'lim yo‘nalishidagi to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;
  • tajriba-sinov tariqasida, Toshkent davlat agrar universitetida (Agrar universitet) bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarining sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha masofaviy ta'lim olish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish;
  • xorijiy fuqarolar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, 2 baravarga kamaytirish;
  • «Kasbiy ta'lim (yo‘nalishlar bo‘yicha)» bakalavriat yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish.

Quyidagilar tashkil etiladi:

a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi «Agroinnovatsiya» DUK va Agrar universitet huzuridagi G‘o‘za urug‘chiligi markazi negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi;

b) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

  • Agrar universitetning Andijon filiali negizida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar o‘rniga agrotexnologiyalar texnikumlarini tashkil etish.

Tashkil etilayotgan Agrar universitetning Andijon filialida 2019/2020 o‘quv yilida tegishli ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida tahsil olayotgan talabalarga ularning o‘qishini tugatguniga qadar Institutda o‘qishini yakunlash imkoniyati yaratiladi.

Texnikumlarga ishga qabul qilishda agrar sohadagi oliy ta'lim muassasalari hamda hududlarda joylashgan oliy ta'lim muassasalarining turdosh kafedralari professor-o‘qituvchilariga ustuvorlik beriladi. Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar yakka tartibdagi suhbat asosida kirish imtihonlarisiz qishloq xo‘jaligi oliy ta'lim muassasalarining mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta'minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimiga o‘tkazgan holda Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etiladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • oliy ta'lim muassasalarining kafedralariga yo‘nalishlar bo‘yicha biriktiriladigan agrosanoat majmuiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, ilmiy markazlar va tashkilotlar ro‘yxati;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Institutda tashkil etiladigan yangi bakalavriat ta'lim yo‘nalishida va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab faoliyat yuritadigan agrotexnologiyalar texnikumlari ro‘yxati.

Qishloq xo‘jaligi sohasida professor-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqotchilari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish hamda xo‘jalik shartnomalari hisobidan tushgan mablag‘lardan to‘lanadigan soliq stavkalari 2 baravarga kamaytiriladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar xorijiy davlatlarning yetakchi oliy va ilmiy-tadqiqot muassasalariga maqsadli stajirovka o‘tashga yuboriladi. Xarajatlar «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.

Quyidagi vazifalar topshirildi:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda – xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini tubdan takomillashtirishni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi strategiyasi, shuningdek «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish;
  • Vazirlar Mahkamasiga – Agrar ta'lim tizimini 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Hujjat 30.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: