Afg‘onistonda “Tolibon”ning eng ashaddiy 400 tarafdori ozod qilinadi 

Jahon 08:50 / 10.08.2020 6441

Die Welt nashrining yozishicha, shu tariqa Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralari yo‘lidagi oxirgi to‘siq bartaraf etildi. Bu qaltis masalani muhokama qilish uchun Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bir hafta avval Loyya Jirgani chaqirtirgan. 

7 avgustda Afg‘oniston jamiyatining 3,5 mingga yaqin siyosiy va diniy vakili, jumladan 700 ayol bu masala bo‘yicha munozaralarni boshlashgan. Shu kuni G‘ani Loyya Jirga tegishli qarorni qabul qilishi bilan “Tolibon” bilan tinchlik bo‘yicha muzokaralar boshlanishini e'lon qilgan.

Eng ashaddiy 400 tolibonning ozod qilinishi “Tolibon” jangovar qanotining fevraldan beri hukumat bilan rejalashtirilayotgan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun dastlabki talabi bo‘lgan. Aynan fevralda “Tolibon” AQSh bilan Afg‘onistondan barcha xalqaro qo‘shinlar olib chiqilishi bo‘yicha kelishuvni imzolagan.

O‘shandan beri, ta'kidlanishicha, tolibonlar amerikalik harbiylarga hujum uyushtirmagan, biroq hukumat quchlariga hujumlarini kuchaytirgan. O‘shanda Afg‘oniston prezidenti 400 jangari o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun jazo muddatini o‘tayotgani va ular afv etilishi dargumonligini aytgan.

Tolibonlarning afv etilishini Afg‘onistonda hamma ham birdek qarshilamagan. Ba'zi deputatlar prezident Loyya Jirga yig‘ilishini o‘z ixtiyori bilan chaqirtirmagani va yig‘in chiqargan qaror konstitutsiyaga zidligini ta'kidlashmoqda. Biroq qaror qabul qilindi va endi hammasi muzokarachilarga bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: