Zelenskiy Ukrainaning AQShdagi saylovlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikka va'da berdi

Jahon 08:49 / 09.08.2020 4600

“Afsuski, vaqti-vaqti bilan go‘yoki Ukrainaning boshqa davlatlardagi saylovlarga aralashuvi haqida “sensatsion ma'lumotlar” paydo bo‘lib turadi. Ukraina prezidenti sifatida o‘zimning shaxsiy va davlatimiz pozitsiyasini yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchiman: hech qachon va hech qanday vaziyatda boshqa davlatdagi suveren saylovlarga aralashib bo‘lmaydi”, deb yozgan Zelenskiy feysbukdagi sahifasida. 

“Hamkorlarimizga yana bir bor va'da beraman, Ukraina saylovlarga aralashmagan va kelgusida ham buni qilmaydi. U AQSh bilan ishonchli va samimiy hamkorlik munosabatlariga ziyon yetkazmaydi”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina rahbari. 

Zelenskiy Ukraina hamkorlari tomonidan ham uning ichki ishlariga va tanloviga hurmat bilan qaralishiga umid bildirgan. “Faqatgina shunday tamoyillar asosida mustahkam strategik munosabatlarni qurish mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning aytishicha, Ukrainani AQShning ichki siyosatiga tortishga urinishlarning oldini olish milliy xavfsizlik masalasi hisoblanadi. 

“Shu sababli, Ukraina fuqarolari AQShdagi prezident saylovlari bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan tiyilishlari va bu orqali o‘z shaxsiy siyosiy yoki biznes bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga urinishlarni amalga oshirmasliklari lozim, deb hisoblayman. Ukraina nufuzi istalgan siyosatchimiz obro‘sidan ustunroqdir. Shu sababli, keling, vaziyatdan foyda ko‘rish maqsadida Ukrainadan foydalanmaylik”, deb ta'kidlab o‘tgan Zelenskiy.  

7 avgustda AQShning milliy kontrrazvedka va xavfsizlik markazi rahbari Uilyam Evanina Rossiya AQShdagi saylovlarga Ukraina oliy radasi deputati Andrey Derkach yordamida aralashishga uringanini ma'lum qildi. May oyida Derkach Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko va AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenning ovozlariga o‘xshash odamlar suhbati audioyozuvlarini e'lon qilgandi. Suhbatda ishtirok etganlar 1 mlrd dollar evaziga Ukraina hukumatini o‘zgartirish va mamlakat bosh prokurori Vladimir Shokinni iste'foga chiqarishni muhokama qilishgan.  

Evaninaning ta'kidlashicha, Derkach “Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi ukrainalik deputat” hisoblanadi va AQSh prezidenti Donald Trampning noyabrdagi saylovlardagi asosiy raqibi Baydenni yomonotliq qilishga urinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: