Taqsimot markazlari ventilyatsiya tizimi orqali infeksiya tarqalishidan himoyalangani aytildi

O‘zbekiston 18:54 / 09.08.2020 6707

Pandemiya davrida Toshkentda tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazlarida havo aylanishi tizimlari orqali virus tarqalishining oldi olingan, deb ma'lum qildi gimnastika saroyidagi saralash va taqsimlash markazi bosh shifokori Alisher Hojimetov.

«Koronavirusga gumonlanganlarni saralash bevosita binoning ichida emas, yashil yo‘laklarda amalga oshiriladi. Faqat koronavirus alomatlari bor deb hisoblangan bemorlargina qizil hududga kiritiladi.

Shuningdek, koronavirus ultrabinafsha nurlaridan qo‘rqishi hisobga olingan holda havo almashinuvi ultrabinafsha nuridan o‘tkaziladi. Shuning uchun saralash va taqsimlash markazlaridagi xodimlar kasallik yuqtirishdan himoyalanmagan, deb aytish to‘g‘ri bo‘lmaydi», – dedi Alisher Hojimetov 9 avgust kuni AOKAdagi matbuot anjumanida.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Botir Daminovning qo‘shimcha qilishicha, saralash va taqsimlash markazlariga asosan koronavirus belgilari bor bemorlar olib boriladi. Hududda ishlayotgan shifokorlar va texnik xodimlar esa himoya kiyimlarida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rgan holda faoliyat yuritadi.

Ma'lumot uchun, Toshkent bo‘ylab Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz» va gimnastika saroyi, Shayxontohur tumanidagi «Yoshlik» sport majmuasi, Sergeli tumanidagi 2-son BO‘SM, Uchtepa tumanidagi «Atlas» mebellar markazi kabi majmualar taqsimot markazlari sifatida qayta jihozlangan.

Ko‘proq yangiliklar: