Shimoliy Koreyadan qochganlar qanday qilib va nega yana ortga qaytishmoqda?

Jahon 22:36 / 09.08.2020 49335

U Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidan o‘tgan, dunyodagi eng xavfli hisoblanadigan chegara chizig‘ini bosib o‘tgan kam sonli odamlardan biri bo‘ldi. Qochqin (uni Kim deb atay qolaylik) bir necha yil oldin Janubiy Koreyaga Shimoliy Koreyadan qochib kelgan. O‘shanda u juda xavfli yo‘lni bosib o‘tadi — tikanli simlar orasidan va minalar ko‘milgan maydonlaridan o‘tib, Janubiy Koreya chegarachilariga taslim bo‘ladi. Janubga qochib o‘tgan Kim bu yerda Shimoliy Koreyadagidan ko‘ra yaxshiroq hayot izlab qochishga qaror qilganini aytgandi.

Kimning Janubiy Koreyadagi hayoti tafsilotlari haqida juda kam narsa ma'lum. Aftidan, u vataniga qochib o‘tishidan oldin ishidan ayrilgan va qarzga botgan. Yaqinda uni yana bir shimollik qochoqni zo‘rlashda ayblashdi va hibsga olish haqida order berishdi. Ammo Kimni hibsga olishning imkoni bo‘lmadi — u politsiya hibsga olishga ulgurmasdan shimolga qochib o‘tgan.

Bu hodisa ikkala mamlakatda ham barchaning e'tiborini tortdi. Janubiy Koreyada — qochqin chegarachilar yonidan osongina o‘tib ketgani uchun. Ma'lum bo‘lishicha, uni kuzatuv kameralari orqali ko‘rishgan, ammo harbiylar e'tibor berishmagan. Shu ish tufayli boshlangan mojaro ortidan generallardan biri lavozimidan chetlatildi.

Shimolda vaziyat biroz boshqacharoq bo‘ldi. Shimoliy koreyalik rasmiylar qaytib kelgan qochoqning koronavirus bilan kasallanganini va hibsga olinishidan oldin infeksiyani yuqtirishi bo‘lishi mumkinligini aytishdi. O‘shanda tanqidchilar, mamlakatda koronavirus borligini rad etib kelayotgan KXDR rahbariyati ushbu voqeadan mamlakatda koronavirus tarqalishining sababi sifatida foydalanishi mumkinligini va bunda odatiy tashviqot bilan janubdagi qo‘shnilarni ayblashi mumkinligini aytib chiqishdi.

Ushbu qochoq haqidagi hikoya yana bir sababga ko‘ra diqqatga sazovor. Siyosiy, iqtisodiy va boshqa sabablarga ko‘ra janubga qochishga qaror qilgan Shimoliy Koreya fuqarolari keyinchalik yana vatanga qaytib kelishi holati ham kamdan kam bo‘lsa-da, sodir bo‘lib turadi. KXDR qonunlariga ko‘ra, mamlakatdan qochish vatanga xiyonat hisoblanadi. Shu uchun bu mamlakatdan Janubiy Koreyaga qochgan qochoqlarning yana qaytib kelishi ularning hayotiga jiddiy xavf tug‘diradi. Masalan, yaqinda mamlakatdagi hukumat tomonidan o‘tkazilgan mitinglarda qochoqlarni «o‘limga loyiq xoinlar» deb atashgan.

Ikkinchi tarafdan shimoliy koreyalik ma'murlar sobiq qochqinlardan targ‘ibot maqsadlarida foydalanishadi — ular kapitalistik janubdagi «dahshatli hayot» to‘g‘risida kamerada gapirib berishi lozim bo‘ladi. Ammo bu ham qaytib kelgan qochoqlarning xavfsizligini kafolatlamaydi.

«Shimoliy Koreyaga qaytib borish, u yerdan qochib ketishdan ham xavfliroq. Bu benzin to‘la idish bilan o‘zini olovga urish bilan barobar», deydi shimoldan Janubiy Koreyaga qochib borib yashayotgan qochoqlardan biri Kim Chi Yun.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Janubiy Koreyaga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan 30 ming nafar shimoliy koreyaliklarning qariyb yuz nafari ortga qaytgan. Ulardan yana bir necha yuz kishi bilan aloqa yo‘qolgani inobatga olinsa, ularning soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.

«Shimoldan janubga qochib o‘tgan odamlardan kam sonli ortga qaytganlari menimcha, o‘z oilalarini sog‘ingani uchun ortga qaytib ketgan», deydi seullik tadqiqotchi An Chan Il.

Qochoqlarning ayrimlariga esa sotsialistik mamlakatdan mutlaqo farq qiladigan kapitalistik jamiyatga moslashish qiyin kechmoqda. Shu sababdan ular totalitar tuzum sharoitida yashashga majbur bo‘lsa ham, ortga qaytsa qattiq jazolanishini bilsa ham, shimoldagi hayotiga qaytishga tayyor. Boshqa tomondan, KXDR hukumati janubga qochganlarni, ularning oilalariga ta'sir o‘tkazish orqali ortga qaytarish choralarini ko‘radi va kam sonli qochqinlar shimolda oila a'zolariga azob bermasliklari uchun ham shimolga qaytishga majbur bo‘ladi.

Qochish

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Shimoliy Koreya erkinlik eng bo‘g‘ilgan davlatlardan biri. Bu davlatni, u tashkil topgan 1948 yildan beri, bitta oilaviy sulola boshqarib kelmoqda. Bu yerda targ‘ibot tom ma'noda faqat hukmdorni tan oladi. Masalan, yaqinda Shimoliy Koreya matbuoti Kim Chen Inga ko‘proq «insoniy»roq qiyofa berishga qaror qilib, unga nisbat berilgan afsonalardan voz kechdi hamda «buyuk rahbar» makon va vaqtni bo‘ysundirishga qodir emasligini jiddiy izohladi.

KXDRda korrupsiya keng tarqalgan. Bu mamlakatda hech kim xorijga chiqa olmaydi. Faqat hukumat tomonidan daromad manbayi sifatida foydalaniladigan mehnat muhojirlari xorijga chiqa oladi. O‘shanda ham ular guruhlarga yig‘ilib, maxsus xizmatchilar hamrohligida boradigan manziliga kuzatib qo‘yiladi. Qolaversa, ular hatto «do‘st davlat» Rossiyada ishlasa ham doimiy ravishda mehnat muhojiri qiyofasiga yashiringan maxsus xizmat xodimlari nazoratida bo‘ladi. Aksariyat hollarda Shimoliy Koreya hukumati bu mamlakat fuqarolarini Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga ishga yuboradi. Ammo, istisnolar ham bo‘lib turadi.

Masalan, bundan bir necha yil oldin, Shimoliy Koreya rasmiylari Qatar davlati bilan bu mamlakatda 2022 yilda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun qurilayotgan stadionlar qurilishida shimoliy koreyalik ishchilarining ishlashi bo‘yicha shartnoma imzolagandi. O‘shanda jahon nashrlari Qatarda ishlaydigan shimoliy koreyalik ishchilarning maoshlari hukumatga to‘lab berilishini, hukumat esa undan ozgina qismini ishchining oilasiga berib, qolganini davlat g‘aznasiga olib qolishi haqida yozgan edi.

«Shimoliy Koreyada mahalliy aholini doimiy kuzatish va o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar odatiy holga aylangan. So‘nggi yillarda bu davlatda ba'zi ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, shu jumladan kichik biznes rivojlandi. Ammo inson huquqlarining jiddiy buzilishi hanuz keng ko‘lamda davom etyapti», deyiladi inson huquqlari monitoringgi bilan shug‘ullanuvchi Freedom House hisobotida.

Shimoliy Koreyadan qochib ketadiganlarning oz qismi mamlakatni Janubiy Koreyadan ajratib turgan xavfli chegara orqali qochadi. Aksariyat qochoqlar esa Xitoy va boshqa mamlakatlar orqali qochishga harakat qiladi.

Aslida boshqa mamlakatlar orqali qochish ham ancha xavfli. Qochoqlar odam savdosi bilan shug‘ullanadigan to‘dalar qo‘liga tushib qolishi yoki ularni shimoliy koreyalik ma'murlar qo‘liga tutib beradigan Xitoy maxfiy xizmat xodimlari qo‘liga tushib qolishi ham mumkin. Ammo shunday bo‘lsa ham har yili yuzlab odamlar Janubiy Koreyaga qochib boryapti.

So‘nggi yillarda Xitoy maxfiy xizmat xodimlarining nazorati kuchaygani sababli ularning soni kamaydi. Ayniqsa, joriy yilda pandemiya tufayli chegaralar yopilib, shimoliy koreyaliklarning janubdagi qo‘shnilar tomonga qochib o‘tishi keskin kamaydi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat vaqtinchalik va dunyo odatiy hayot tarziga qaytganda shimoliy koreyaliklar Janubiy Koreyaga qochib o‘tishda davom etaveradi.

Janubiy Koreyada shimoldan kelganlar turli yordamlar oladi. Ular o‘zlari uchun notanish bo‘lgan jamiyatga moslashishi uchun maxsus kurslarda o‘qitiladi. U yerda Janubiy Koreyadagi hayotning barcha amaliy jihatlari — bankda hisob raqam ochishdan tortib, chiqindini olib chiqib tashlashda saralash lozimligigacha o‘rgatiladi. Qochoqlar uy-joy bilan ta'minlanadi, ularga nafaqa to‘lanadi, ishga joylashish va ta'lim olishda yordam beriladi. Rasmiy siyosat bo‘yicha Janubiy Koreya ularni o‘z fuqarolari deb biladi.

·       Janubiy Koreya uzoq vaqtdan beri qochoqlarni qabul qilmoqda. Ammo mamlakatda so‘nggi yillarda ularga bo‘lgan munosabat o‘zgarib boryapti. Dastlabki paytlarda ular «qahramonlar» sifatida qabul qilinar edi. 1960-yillarning boshlarida, hatto «qahramonlar va vatanparvarlarning vatanga qaytishi to‘g‘risida» qonun ham qabul qilinadi. Keyinchalik, 1990-yillarda KXDRdagi ocharchilik tufayli janubga qochib o‘tadigan qochoqlar oqimi ko‘paygandan so‘ng ular ko‘proq shimoldagi qiyin hayotdan qochayotganlar sifatida qabul qilina boshlandi. Ammo qochoqlarga hali ham vatandoshlardek munosabatda bo‘lishyapti va ularga avtomatik tarzda Janubiy Koreya fuqaroligi berish amaliyoti davom etib kelyapti. Yaqinda shimoliy koreyalik rasmiylar janubdagi hayot, Kim Chen Inning koronavirus yuqtirgani haqida va yana boshqa ma'lumotlar yozilgan varaqalar va flesh-disklarni tarqatgan faollarga qarshi keng qamrovli kurash olib bordi. Bu KXDR bilan siyosiy yaqinlashishga intilayotgan Janubiy Koreya hukumati uchun muammoga aylandi.

Kapitalizm shimolning tub aholisi uchun begona emas — KXDRda rasmiy mafkuraga zid ravishda uning elementlari mavjud. Shunga qaramay, qochqinlarning ta'kidlashicha, Janubiy Koreya uzoq yillar davomida iqtisodiy rivojlanish nuqtayi nazaridan Shimoliy Koreyani ancha ortda qoldirmoqda. Shu sababli Janubiy Koreyaga kelgan qochoqlarni hatto oddiy kafelardagi turli-tuman taomlar kabi oddiy narsalar ham ajablantiradi.

«Kurslarda juda oddiy narsalar, masalan, metroda yurish, bankda hisob raqami ochish kabi narsalarni o‘rgatishadi. Buni qochoqlarning aksariyati biladi, ayniqsa Xitoyda bo‘lganlar. Ammo kimlardir uchun bu kurslar foydali bo‘lishi mumkin. Biz janubdagi hayot haqida televizorlardan ko‘rib qisman tushunchaga ega bo‘lganmiz. (Shimoliy Koreyada Janubiy Koreyadagi teleko‘rsatuvlarni yashirincha tomosha qilsa bo‘ladi va ular u yerda ancha ommabop hisoblanadi) Faqat, televizorda chiqindilarni qanday tarzda ajratish kerakligini aytishmaydi», deydi qochoqlardan biri.

Muammolar

Seulning Konkuk universiteti tarix professori To Chinning ta'kidlashicha, shimoldan kelgan qochoqlarning bozor iqtisodiyoti bilan tanish bo‘lganlari ham Janubiy Koreyada hayotning boshqacha, g‘ayrioddiy muammolariga duch kelmoqda. «Ular endi dunyodagi eng raqobatbardosh, kapitalistik va neoliberal tizimlarga ega bo‘lgan mamlakat fuqarosi hisoblanadi. Shunday ekan, ular mahalliy hayotga moslashish, muvaffaqiyat qozonish va barchasiga ulgurish uchun «poygada ishtirok etishi» kerak. Ana shu poygada ularning ayrimlari charchab qolyapti», deydi professor Chin.

So‘rovlarga ko‘ra, shimollik qochoqlarning aksariyati — taxminan 75 foizi Janubiy Koreyadagi hayot o‘zini qoniqtirayotganini aytadi. Ba'zilar o‘z biznesini boshlagan, kimdir inson huquqlarini himoya qilish yoki hatto siyosat bilan shug‘ullanadi. Masalan, yaqinda KXDRdan qochib kelgan ikki fuqaro ilk marta Janubiy Koreya parlamentiga saylandi. Qochoqlar orasida bandlik darajasi mahalliy aholi ko‘rsatkichlariga qaraganda ancha past. Garchi koronavirus inqirozigacha e'lon qilingan sotsiologik ma'lumotlarga ko‘ra, vaziyat asta-sekin yaxshilanayotgani ma'lum bo‘lsa-da.

Qochoqlar orasida turli muammolar haqida shikoyat qiladiganlari ham yetarlicha bor. Bu muammolarning dastlabkisiga ular Janubiy Koreyaga kelgan kunlaridanoq duch keladi. Garchi Janubiy Koreya bir necha yillardan beri qochoqlarga imtiyoz tarzida mablag‘ to‘lab kelayotgan bo‘lsa ham, ularning aksariyati bu mablag‘larni ularni Shimoliy Koreyadan qochishga va Janubiy Koreyaga yetib olishga yordam bergan vositachilarga xizmat haqi sifatida to‘lashga sarflashadi.

Vositachilarning xizmat haqi arzon emas — minglab dollar turadi. Ammo odatda Shimoliy Koreyadan qochayotganlarda mablag‘ bo‘lmaydi. Shu sababli ularni qochishiga yordam beradigan vositachilar, pulni qochoqlar Janubiy Koreyaga yetib borgandan keyin olishga rozi bo‘lishadi.

«Janubiy Koreyadagi qochoqning hayoti qarz bo‘lishdan boshlanadi. Ishga kirish uchun avval qarzdan qutulish kerak. Bu yerda yaxshi maoshli ish topish qiyin bo‘lgani sababli qarzdan tezda qutulishning iloji yo‘q va bu uchun ancha muddat kerak bo‘ladi», — deydi qochoqlardan biri.

Madaniy tafovutlar, lahjalar va boshqa omillar tufayli kamsitilishlar ham uchrab turadi. So‘rovlarga ko‘ra, har beshinchi qochoq bunday kamsitishlarga duch kelgan. Qochoqlarning bildirishicha, shimol lahjasida gapirayotganlarga yaxshi maoshli ishga joylashish biroz qiyin bo‘ladi. Insonparvarlik yordami ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan tashkilot rahbari Li In Koning aytishicha, mahalliy aholi orasida shimolliklar haqida «diktator odamlarni aldayotgan mamlakatdan kelgan», degan qarashlar ham bor.

«Shimoliy koreyaliklar uchun Janubiy Koreya jamiyatiga kirishib ketish oson emas. Qiyinchiliklar nafaqat madaniyat va ta'limdagi farqlar bilan bog‘liq, balki boshqa muammolar ham uchrab turadi. Masalan, maktablarda Shimoliy Koreyadan bo‘lgan bolalar kamsitilib, kaltaklangan holatlar ham bo‘lgan. Albatta, bularning barchasi yangi joyga moslashishga harakat qilayotgan odamlarning kayfiyatiga aks ta'sir qiladi», deydi Shimoliy Koreyada tug‘ilgan va hozirda Seuldagi Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti tadqiqotchisi bo‘lib ishlayotgan Kim Kvang Jin.

Qaytish

KXDRda qolgan qarindoshlari sog‘inchi bilan yashayotgan qochoqlar Janubiy Koreyada turli qiyinchiliklarga, kamsitilishlarga duch kelar ekan, ba'zilari «shimolda ham unchalik yomon yashamayotgan edim», deb o‘ylay boshlaydi. «Men uchun bu yerda hech qanday umid yo‘q», deydi ishini yo‘qotib xayriya yordami hisobidan kun kechirayotgan qochoqlardan biri Kvon Chol Nam.

«Men bu yerga kelib ikkinchi darajali odamga aylandim. Shimoliy Koreyada men uchun bundan ham ko‘proq erkinlik bor edi. U yerda odamlar bir-birlariga yordam berishadi, bu yerda esa hammasini pul boshqaradi. Ortga qaytsam, ular meni aniq jazolaydi. Umuman olganda, rahbarimiz (Shimoliy Koreya rahbarini nazarda tutmoqda) qaytib boradiganlarni kechirishga va'da berdi», deydi u.

Ba'zi qochoqlar ortga qaytmoqda. Shimol va janub o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa mavjud emas va chegara hududi orqali o‘tish xavfli. KXDRga Xitoy orqali ham qaytish mumkin. Qochoqlardan biri Shimoliy Koreyaning Pekindagi elchixonasiga keladi va birozdan so‘ng uning Kim Chen In tasviri tushirilgan ko‘krak nishonini taqib «Buyuk rahbar»ni maqtab gapirgan gaplari Shimoliy Koreya telekanali orqali ko‘rsatiladi. O‘shanda, qochoqni Pekindagi KXDR elchixonasida «gapirtirib» kadrlarni zudlik bilan Pyongyangga jo‘natishgan.

Janubiy Koreyada Shimoliy Koreyaning siyosati va madaniyati haqida hikoya qiluvchi teleshou orqali taniqli bo‘lgan qochoq Lim Chi Xen ham Shimoliy Koreyaga qaytib ketishda ana shu yo‘ldan borgan bo‘lishi mumkin deb ishoniladi. U bir necha yil oldin Xitoyga qilgan safari chog‘ida yo‘qolib qolgan va keyinchalik Shimoliy Koreyada paydo bo‘ladi.

Uning ortga qaytishi Shimoliy Koreyada targ‘ibot shousiga aylanadi. Rasmiy shaxslar tomonidan tarqatilgan videolarda Lim o‘zining Janubiy Koreyadan ko‘ngli qolganini aytadi. U kapitalizm sharoitidagi hayotini «shunchaki do‘zax» deb ataydi. Shuningdek, u Janubiy Koreyadagi telekanallar har doim KXDR haqida noto‘g‘ri xabarlar tarqatishi haqida gapiradi.

Ortga qaytgan yana bir qochoq Pyongyangda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «buyuk rahbar»ga o‘zi haqida tashvishlangani uchun minnatdorchilik bildiradi va Janubiy Koreyani «iflos mamlakat» deb ataydi.

Ammo Limning hikoyasi bir qancha savollarni tug‘diradi. U Janubiy Koreyada ancha taniqli odamga aylangan, buning ortidan yaxshi daromad ham qilar va muammosiz yashayotgan edi. Shu sababli uning ortga qaytishi sabablari aniq emas. O‘sha paytda «KXDR agentlari uni Xitoydan o‘g‘irlab ketgan», degan taxmin paydo bo‘ladi.

«Ayrim holatlarda qochoqlar Shimoliy Koreyada qolgan oilasiga pul yuborish uchun Xitoyga borganida o‘g‘irlab ketiladi. Xitoyda turli xitoylik vositachilar orqali Shimoliy Koreyaga pul o‘tkazish mumkin bo‘lgan kanallar mavjud. Yoki shunga o‘xshash holat, qochoq vositachilar yordamida Shimoliy Koreyadan o‘z qarindoshlarini olib ketishga uringanida ham sodir bo‘lishi mumkin.

Qochoqlardan birining so‘zlariga ko‘ra, shimoliy koreyalik rasmiylar ularlarning ularning oilalariga tahdid solib, bu yo‘l bilan qochoqlarni ortga qaytarish uchun bosim uyushtiradi. «Lim bilan ham balki shunday bo‘lgan — Shimoliy Koreyada uning ota-onasi bor edi», deydi seullik tadqiqotchisi Kim Kvang Chin.

Seuldagi ba'zi qochoqlarning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ularning shimolidagi qarindoshlari oldiga kelib, qochqinlarni qaytarish uchun ular bilan bog‘lanishlarini talab qilishgan. Pyongyangdagi diplomatik manbaning so‘zlariga ko‘ra, ortga qaytganlarning barchasini ham zudlik bilan qamoqqa tiqaverishmagan. Ularning aksariyatidan targ‘ibot maqsadida foydalanishgan.

«Bunday odamlarning aksariyati Janubiy Koreyaga qarshi tashviqot ishlarida foydalanish uchun ham yetarlicha qimmatga ega bo‘lishi mumkin. Ba'zilarini hatto davlat xizmatiga ham ishga olishlari mumkin. Yoki yetarli mablag‘ bilan qaytib kelganlarga hukmron partiyaga a'zo bo‘lish taklif etilishi mumkin», deydi Shimoliy Koreyani o‘rganish markazi rahbari An Chan Il.

Ammo, qaytib kelganlar baribir hayotini nechog‘lik xavf ostiga qo‘yayotganini yaxshi biladi.

«Janub Koreyada yashash oson emas, lekin shimolda bu ancha qiyin. Eshitishimcha, Shimoliy Koreyaga qaytib borgan qochoqlar avval rosa ishlatilib, so‘ng baribir jazolanar ekan. Qaytib borgan qochoqlar boshqalarning Janubiy Koreyadagi hayotni gapirib berib boshqalarning ongiga ta'sir o‘tkazmasin deyishadi va rasmiylar ularning boshqalar bilan muloqot qilishlarini istashmaydi. Men shimolda yashaganimda, ortga qaytgan odamlarni ba'zan televideniye orqali ko‘rsatishgan, ammo keyinchalik ular batamom g‘oyib bo‘lishgan. Taxmin qilaman ular jazolanishgan», deydi qochoqlardan biri.

Ko‘proq yangiliklar: