«Ishonch bildirishni xohlashmagandi». Rustam Ashurmatov Koreyadagi faoliyati, milliy jamoadagi o‘rni va qo‘pol futbolchi emasligi haqida

Sport 13:24 / 09.08.2020 10419

Janubiy Koreya chempionati yangi mavsumini K ligada boshlagan o‘zbekistonlik himoyachi Rustam Ashurmatov klubi «Kvanju» bilan debyutant sanalsa-da turnirda yomon taassurot qoldirmayapti. Kuni kecha Tribuna.uz muxbiri Rustam Ashurmatov bilan bog‘lanib, xorijdagi faoliyati, milliy jamoadagi kelajagi va qator mavzularda suhbatlashdi.

- Rustam, suhbatimizni oxirgi turda qizil kartochka olganingizdan boshlasak. Bu qanday sodir bo‘ldi? Umuman o‘zingizni qo‘pol o‘yinchi deb hisoblaysizmi?

- Oxirgi o‘yinimda hakam tomonidan ikki marta ogohlantirilganimdan keyin maydondan chetlatildim. Shunga qaramay, o‘zimni qo‘pol futbolchi deb hisoblamayman. Sababi oxirgi 12ta o‘yinimda umuman kartochkaga loyiq ko‘rilmagandim. Umuman olganda, bu qizil kartochka faoliyatimda birinchisi va umid qilamanki oxirgisi bo‘lib qoladi. Himoyachi ekanligim bois kartochka bo‘lishi tabiiy, deb o‘ylayman.

- Koreya chempionati pandemiya holatida boshlangan dastlabki ligalardan biri bo‘ldi. Bunday sharoitda chempionatda joriy qilingan juda ko‘p yangi qoidalarga amal qilish oson bo‘lmagandir?

- To‘g‘ri, Janubiy Koreya liga start olgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, maydondagi o‘yinlar davomida bu borada muammo bo‘lgani yo‘q, ammo maydon tashqarisida odatiy hayot emas, cheklovlar ko‘p ekanligi bois ehtiyot choralariga qat'iy amal qilishga intilayapmiz.

- Klubingiz imkoniyatlari qay darajada? Qo‘yilgan vazifalar uddalanadimi?

- Chempionat debyutanti ekanligimiz sababli eng avvalo ligada qolish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo hozirda 9-o‘rinda ekanligimiz bois, endi oldimizga kamida kuchli olti jamoa orasida bo‘lish maqsadi qo‘yilgan. Ammo bu oson bo‘lmaydi. Chunki faqat biz emas, yana 3-4 jamoa ham shu top-6likka kirishga imkoniyati bor. 1-5-o‘rindagi klublar boshqalardan uzoqlashgan bo‘lsa, 6-o‘rindan quyi o‘rinlargacha bo‘lgan klublarda oltilikdan joy olish imkoni bor.

- Koreya chempionatida to‘p surayotganingizga ikkinchi yili o‘tmoqda. O‘zingizga ma'qulmi? Umuman shartnomangiz qaysi yilgacha tuzilgan?

- Dastlabki mavsumda quyi ligada o‘ynab g‘olib bo‘lgandik, bu yil yuqori divizionda to‘p surayapman. Ligada kuchli legionerlar ancha ko‘p. Har turda saviyali futbolchilarga qarshi maydonga tushib, o‘yinchi sifatida o‘sishga erisha oldim deb hisoblayman. Lekin yanada o‘sish uchun kuchliroq chempionat va kuchliroq klublarga o‘tish niyatim ham bor. Ikki yillik shartnomam shu mavsum yakunida tugaydi. O‘shandan keyin klub bilan maslahatlashib, faoliyatimni qayerda davom ettirishimni aniqlab olaman.

- So‘nggi yillarda Koreyada o‘zbekistonlik o‘yinchilar ancha ko‘payib qoldi. Bu holatning asosiy sababi nima deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri aytdingiz, men va Ikrom Aliboyevdan oldin Shohrux Gadoyev, Sanjar Tursunov ham Koreyada to‘p surayotgan edi. Lekin ular hozir qaytishgan. Fikrimcha, Gadoyev, Tursunov, Aliboyev singari futbolchilarimiz bu yerda o‘zlarini ko‘rsata olayotgani sababli o‘zbekistonlik boshqa futbolchilarga ham Koreya ligalarida eshiklar ochilmoqda. Legionerlarimiz qaysi davlatda o‘zlarini ijobiy jihatdan ko‘rsata olishsa, o‘sha chempionatda o‘zbekistonlik futbolchilarga nisbatan qiziqish oshadi.

- Butun dunyo pandemiya holatida. Insoniyat ushbu baloga qarshi kurashmoqda. Koreya davlatida vaziyat qanday?

- Bu yerda ham vaziyat boshida qiyin edi. Keyinchalik bu yerda ham ahvol barqarorlashdi. Bilishimcha, hozirda hamma odatiy hayot tarzi bilan band. Ko‘chalarda odamlar gavjum, hech qanday katta muammo yo‘q. Jiddiy qo‘rqishga sabab qolmagan. To‘g‘ri, kasallik uchrab turibdi, ammo avvalgi darajada emas. Bu pandemiyadan nafaqat Koreya, O‘zbekistonimiz ham tezroq qutulishini tilab qolaman.

- Ektor Kuper milliy jamoaga kelganda adashmasam, ilk yig‘inlarga sizni ham taklif qilgandi. Nima deb o‘ylaysiz, siz o‘sha payt futbolchi sifatida milliy jamoa darajasiga to‘g‘ri kelmasmidingiz yoki Kuper ishonch bildirmadimi?

- Savol biroz xato bo‘ldi, chunki Ektor Kuper biror marta meni milliy jamoaga chaqirmagan edi. Nafaqat ishonch bildirilmadi, ishonch bildirishni xohlashmagandi. Bundan xafa emasman, balki uning qarashlariga to‘g‘ri kelmagan bo‘lishim mumkin.

- Abramov o‘tgan yil sizni bir nechta o‘yinlarda boshlang‘ich tarkibga kiritdi. Sizni milliy jamoada o‘z o‘rnini topdi, desak bo‘ladimi?

- Vadim Karlenovich ba'zi o‘yinlarda maydonga tushirgan edilar. Ammo bu milliy jamoada o‘z o‘rnimni topdim, degani emas. Vadim Abramovni har bir intervyularini kuzatib boraman, o‘zbekistonlik har qanday futbolchida milliy jamoada to‘p surish imkoniyati borligini doim takrorlaydilar. Shunday ekan, har birimizda imkoniyat bo‘ladi. Xudo xohlasa o‘yinlarim orqali milliy jamoada o‘z o‘rnimga ega bo‘la olishimni isbotlayman, degan umiddaman.

- Sizningcha, Qatar-2022ga borish imkoniyatlarimiz qay darajada?

- Jahon chempionatiga borish imkoniyatimiz bor. Har bir bahsda g‘alabaga erishsak, Qatarga borish imkoniyatimiz bo‘ladi. Bu qo‘limizdan kelishiga ishonaman. Uzoq kutilgan orzuimiz amalga oshishi kerak.

- Yevropa futbolini qanchalik kuzatib borasiz? Siz muxlislik qiladigan klub va futbolchi bormi? Qaysi murabbiy qo‘l ostida o‘ynagan bo‘lardiz?

- Ochig‘ini aytsam, Yevropa futbolini to‘liq kuzata olayotganim yo‘q. Asosan internet orqali hisoblarni bilib boraman. Sababi Yevropada o‘yinlar o‘tkazilayotganda Koreyada vaqt noqulayroq bo‘lgan, ertalabki soat 4-5 bo‘ladi.

O‘zim «Real» klubi muxlisiman. Serxio Ramosning o‘yinlari yoqadi. Jahonning yetakchi himoyachilari o‘yinini kuzatib, ulardan nimadir o‘rganishga harakat qilaman.

Aynan qaysidir murabbiy qo‘l ostida to‘p surish haqida o‘ylamagan ekanman. Ammo kelajakda shunday murabbiylar boshqaruvida ishlash niyatim bor.

- Shaxsiy hayotingizda nima gaplar? Rustam Ashurmatov 30 kishilik to‘y qilib uylanishi mumkinmi?

- Shaxsiy hayotimda deyarli yangilik yo‘q. Sababi o‘zim Koreyadaman, oilamdagilar esa Toshkentda. Agar mavsum yakunigacha pandemiyadan to‘liq xalos bo‘la olmasak, aytganingizdek, O‘zbekistonga qaytib 30 kishilik to‘y bilan ham uylanishim mumkin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: