Hafta savoli. Andrea Pirlo qanday murabbiy bo‘ladi?

Sport 20:49 / 09.08.2020 6873

2013 yilning bahorida Andrea Pirloning «O‘ylayapman, demak o‘ynayapman» nom ilk avtobiografiyasi chop etilgandi. Italiya terma jamoasi sobiq futbolchisi undan kelajakda buyuk murabbiy kutayotganlarning hafsalasini pir qilgandi – «men murabbiylar o‘rindig‘ida o‘tirishimga bir sent ham tikmagan bo‘lardim. Bu ish meni o‘ziga jalb qilmaydi. Ko‘p o‘ylash kerak hali, murabbiylik ishi yashash tarzi bilan futbolchilikni eslatadi, ammo men bundan charchadim».

Ammo faoliyatini tugatgan Pirlo futbolsiz yashay olmasligini ham tushunib yetdi: «Ba'zida, ko‘zimni yumdim deguncha, uyqum kelmasdi – xayolan futbolchilarni maydonga joylashtirib chiqardim».

2018 yilning kuzida u Jilardino, Batistuta, Bonera, Motta, Montero kabi sobiq futbolchilar bilan birga Koverchanodagi murabbiylik kurslariga qatnay boshladi. Oradan bir yil o‘tib esa, Pro litsenziyasi uchun tahsil oldi. Andrea Aneli uni o‘tgan yozda «Yuventus»ga taklif qilishni o‘ylamasdan oldin ham, Pirloning yoshlar jamoasini boshqarishi yoki Sarriga yordamchilik qil ishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. 2020 yilning 31 iyulida Andrea «Yuventus»ning taklifini qabul qildi va U-23 jamoasiga murabbiylikka tayinlandi, lekin Sarrining iste'fosi Pirloning yo‘lini ochdi – endi u yangi mavsumni asosiy jamoaning bosh murabbiyi sifatida boshlaydi.

Antonio Kontening Turindagi uch yili Andrea Pirloga uchta chempionlik sovrinidan ko‘prog‘ini berdi – futbolchini Kontening entuaziazmi hayratga solgandi.

«Men uning yaxshi murabbiy ekanini bilardim, lekin bu darajada zo‘r ekanini o‘ylamaganman. Uning xarizmatik va qat'iy insonligini bilganman, lekin u nafaqat futbolchilarni, balki hamkasblarini ham ko‘p narsaga o‘rgatgandi», deb yozadi Andrea Pirlo yuqorida tilga olingan kitobida.

Yana bir iqtibos – «Konte afsungar yoki sehrgar emas. Lekin uning nutqlari – juda ajoyib. Yo uning aytganini qilasan, yoki umuman o‘ynamaysan. U berayotgan talablarni, vazifalarni bajara olishing uchun diqqat bilan tinglashing kerak. Konte har bir mayda detallargacha e'tibor beradi va har bir ma'lumot o‘z foydasi uchun ishlatishga harakat qiladi. U soatlab bizga video qo‘yib berar va harakatlarimizdagi xatolarni ko‘rsatib berardi. Kontening xatolarga allergiyasi bor va hech qachon bu darddan xalos bo‘la olmasa kerak».

«Konteni kuzatib, men ilk bor murabbiy bo‘lish haqida o‘ylay boshlaganman», deb tan olgandi Andrea La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida – «u men ishlagan murabbiylar ichida eng yaxshisi. Men juda ajoyib murabbiylardan o‘rganganman: to mening maydondagi pozitsiyamni o‘zgartirgan Matssonedan boshlab, akamdek bo‘lib qolgan Anchelottigacha. Lekin Konte birinchi o‘rinda».

O‘z kitobida Pirlo Gvardiola haqida ham, uning «Barselona»ga chaqirgani haqida ham yozgan va «Manchester Siti» ustozi haqida iliq fikrlar bildirgan.

«U bilan ishlash katta omad ham bo‘lardi. Gvardiola o‘zi boshqargan jamoalarda izini qoldiradigan murabbiy. U jamoaga poydevor quradi, shakl beradi, o‘z ortidan ergashtiradi, koyiydi, oxirida esa, buyuk jamoaga aylantiradi.

Ibrahimovich Pepni haqorat qilmoqchi bo‘lib, uni «faylasuf» deb atagandi. Menimcha, bu katta maqtov. Faylasuf bo‘lish, demak bu sohada fikrlash, yangi bilimlarni axtarish, o‘z g‘oyalariga ega bo‘lish, mavjud narsalarga ma'no berishdan iborat. Gvardiola bu xislatlarning barchasini aniq fan bo‘lmagan futbolda ishlatdi. U fikrlash bilan futbolda muvaffaqiyat qozondi – bu mo‘jiza emas, ro‘y berishi kerak bo‘lgan natija edi».

2016 yilda Pirlo Ispaniyaning Marca nashriga intervyu berar ekan, dunyoning eng yaxshi murabbiyi sifatida aynan Pepni aytgandi: «Pep – birinchi raqamli murabbiy. Uning «Barselona» va «Bavariya»da nimalarga erishganini bir ko‘ring. Men uni juda hurmat qilaman. U bilan tanish ekanimdan xursandman. Bizning umumiy tanishlarimiz bor va tez-tez gaplashib turamiz».

2019 yilning mart oyida La Gazzetta dello Sport’ga bergan intervyusida Pirlo eng yaxshi murabbiylar reytingi haqida fikr bildirayotib, kelajakda o‘zini ham eng yaxshi murabbiylar ichida ko‘rgandi – «Anchelotti sakkizinchimi? Unda yuqorida ko‘tarilish uchun vaqt bor. Beshinchi o‘ringa tushib ketgan Gvardiolada ham. Umuman bu reytinglar o‘zgarib turadi va bir kun men ham kuchli uchlikda bo‘laman».

Pirloning aytishicha, uning modeli o‘zi bilan ishlagan barcha murabbiylarning qorishmasidan iborat bo‘ladi - «Men ularning hammasidan nimanidir, eng yaxshi sifatlarni olishga urinaman».

Karantin paytida Fabio Kannavaroning instagramida ko‘ringan Pirlo 4-3-3 sxemasini yoqtirishini va jamoasi to‘pni nazorat qilib, hujumkor bo‘lishini aytgandi. Lekin yaqinda U-23 jamoasi taqdimotida sxemaning aslida u qadar katta ahamiyati yo‘qligi haqida gapirdi.

«Barchasi futbolchilarga bog‘liq. Murabbiy shogirdlarining maksimumga erishishlari uchun kerakli sharoitni taqdim qilishi kerak. Eng muhimi, bo‘sh zonalarni nazorat qilib, aniq o‘yin g‘oyasini amalga oshirish. Jamoa yaxshi o‘ynashi, raqibdan ko‘ra tashabbuskor bo‘lishi va g‘alabaga intilishi shart», deydi u.

«Agar futbolni tushunish va bilim haqida gap borsa, Pirlo dunyoda eng yaxshilardan biri» – deydi Koverchan murabbiylik maktabi direktori Renso Uliveri, - «u tayyor va o‘ziga ishonadi. Uning futbol tajribasi faqat maydonda o‘tkazgan yoki mashg‘ulotlarga ketgan vaqt bilan o‘lchanmaydi, u doim o‘rgangan. Taxminimcha, uning jamoalari bir sxemaga bog‘langan bo‘lmaydi. Axir futbolchi sifatida ham u uzun paslarni ham yaxshi ijro etgan, qisqa masofalarda ham zo‘r o‘ynagan, to‘g‘rimi?».

Pirloning transfer bozorida o‘zini qanday tutishi haqida gapirishga erta, lekin jurnalist Nikolo Skiraning aytishicha, Andrea Iguain, Xedira va Duglas Kosta kabi futbolchilarni jamoasida ko‘rmoqchi emas. Bu endi, Sarri davrida ham ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xulosalar – Gonsaloning ketishi haqida anchadan beri gapirilmoqda, Xedira deyarli o‘ynamayapti, Kosta esa, doim jarohatlar girdobida qolmoqda.

O‘z vaqtida Pirlo Sky Sport Italia’da ekspert sifatida ham faoliyat olib bordi va ko‘p bora bugungi «Yuventus»ni tahlil qildi. Masalan, 2017 yilning kuzida Maurisio Sarrining «Napoli»dagi ishlarini juda maqtagan, lekin yakunda «Yuventus» chempion bo‘lishini, chunki turinliklar sovrinlar uchun dasturlashtirilganini ta'kidlagan.

«Yuventus» haqida gapirar ekan, u Aaron Remzi haqida iliq fikrlar aytgan. 2019 yilning bahorida, «Atletiko»ga qarshi o‘yindan so‘ng esa, Federiko Bernardeskini maqtagan – «Berna «Yuventus» uchun juda kerakli futbolchi, ayniqsa, Ronalduning ortga kam qaytishini hisobga olsak, u juda katta zonani nazorat qilish uchun katta mehnat qilyapti».

U «Yuventus»ning eng ojiz nuqtasi sifatida yarimhimoya chizig‘ini tilga olgandi. Albatta, Pirlo o‘z vaqtida bu chiziqda Pogba va Vidal bilan birga to‘p surgandi. Farqni bilish oson.

«Yarimhimoyani kuchaytirish kerak. Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish uchun kuchli yarimhimoyachilar zarur. Klub Ronalduni sotib oldi, lekin to‘pni unga qanday yetkazib berishni bilmayapti. Bu jamoaga taxminimcha, Isko juda mos kelgan bo‘lardi».

Yaqinda Pirlo Sarrining «Yuventus»i haqida ham ijobiy fikr aytgandi – «Uning futboli menga yoqadi. Pleymeykerlar o‘yinda ko‘p qatnashadi, ko‘p to‘p bilan muomala qilishadi – bunday taktikada men ham mazza qilib o‘ynagan bo‘lardim».

Xullas, futbolchi Pirlo haqida juda ko‘p narsa bilsak-da, murabbiy Pirlo hozircha noma'lum. Uning sobiq jamoadoshi, endilikda shogirdi bo‘ladigan Jorjo Kellini o‘zining «Men, Jorjo» nomli kitobida Pirloga maslahatlar bergandi: «Maydonda u o‘zga sayyoralik edi. Murabbiy bo‘lib, endi, Andrea yerga qaytishga majbur bo‘ladi. Futbolchilardan orqasida ham ko‘zi bo‘lishi kerakligini talab qila olmaydi-ku?».

Pirlo bilan birga 2006 yilda jahon chempioni bo‘lgan, «Yuventus»dagi sobiq jamoadoshi Alessandro Del Peroning esa, ishonchi komil – «Andrea o‘ta yuqori aql sohibi, hammasi yaxshi bo‘ladi».

Ko‘proq yangiliklar: