Statistika qo‘mitasi madaniyat muassasalarining asosiy ko‘rsatkichlarini e'lon qildi

O‘zbekiston 08:51 / 08.08.2020 1382

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, bugungi kunda respublika muzeylarida turli xildagi buyumlar va eksponatlar mavjud bo‘lib, 2019 yilda muzeylardagi jami asosiy fond eksponatlari soni 2 mln.ni tashkil etgan. Noyob eksponatlar soni esa 122,9 mingtaga teng. Muzey eksponatlarining 24,6 mingtasi rassomlik, 56,0 mingtasi grafika, 3,8 mingtasi haykaltaroshlik, 71,0 mingtasi amaliy san'at, 288,1 mingtasi numizmatika, 336,8 mingtasi arxeologiya buyumlari hamda 250,1 mingtasi suratlar, 277,6 mingtasi hujjatlar va 757,7 mingtasi boshqa eksponatlardan iborat.

2019 yilda respublikadagi jami teatrlar soni 50 tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2005 yilga nisbatan teatrlar soni 9 taga oshganligini ko‘rsatadi. Unda namoyish etilgan spektakllar (tomoshalar) esa 11 142 tadan iborat. Taqdim etilgan spektakllarga tashrif buyurgan tomoshabinlar soni 2,6 mln.ni tashkil etgan.

Teatrlar soni hududlar kesimida tahlil qilinganida, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (18 ta teatr) ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida 5 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatida 4 tadan, Andijon viloyatida 3 ta, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 2 tadan hamda Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 1 tadan teatr mavjud. Teatrlarga tashrif buyurgan tomoshabinlar ulushi hududlar kesimida tahlil qilinganida, Toshkent shahri (854,7 ming nafar), Samarqand (262,3 ming nafar), Xorazm (208,0 ming nafar) viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (202,2 ming nafar) yetakchi o‘rinni egallaydi.

Respublikadagi mavjud jami 50 ta teatrlar janri bo‘yicha taqsimlanganida, drama teatri 25 tani tashkil etib, teatrlar orasida yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuningdek, musiqali teatr – 7 ta, bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri – 7 ta, qo‘g‘irchoq teatri – 6 ta, yosh tomoshabinlar teatri – 4 ta va 1 ta opera va balet teatri mavjud.

Mamlakatda 2019 yilda jami faoliyat ko‘rsatayotgan konsert tashkilotlari soni 72 ta. Konsert tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan konsertlar soni 2018 yilda 2834 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib esa konsertlar soni 29,8 foiz (3681 ta)ga oshgan. Shuningdek, tinglovchilar soni 2019 yilda jami 2,8 mln.ga teng bo‘lgan.

2019 yilda jami 72 ta konsert tashkilotlarining faoliyat turlari bo‘yicha taqsimlanganida, gastrol-konsert tashkilotlari – 42 tani, mustaqil jamoalar – 16 tani, filarmoniya – 10 tani hamda konsert zallari – 4 tani tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasida sirk Toshkent shahrida o‘z faoliyatini olib boradi. 2019 yilda sirkdagi namoyishlar soni 427 tani tashkil etgan. Namoyishlarda ishtirok etgan tomoshabinlar soni esa 160,0 ming kishini tashkil etgan. Shtatdagi artist xodimlar soni jami 175 nafarga teng bo‘lib, umumiy soniga nisbatan artist ayollar ulushi (81 nafar) 46,3 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasida jami 3 ta hayvonot bog‘i mavjud bo‘lib, ular o‘z faoliyatlarini Toshkent shahri, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida olib bormoqda.

2019 yilda respublika bo‘yicha barcha hayvonot bog‘lariga jami 940,4 ming kishi tashrif buyurib, ulardan 439,7 ming nafari bolalarni tashkil etgan. Hayvonot bog‘lariga tashrif buyuruvchilar hududlar kesimida tahlil qilinganida, Toshkent shahri bo‘yicha 656,9 ming kishi (jamiga nisbatan 69,8 foiz) tashrif buyurib, shundan 225,1 ming nafari bolalarni tashkil etgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi hayvonot bog‘iga 107,3 ming kishi (jamiga nisbatan 11,5 foiz) tashrif buyurib, ulardan 82,4 ming nafari bolalardan iborat. Farg‘ona viloyati bo‘yicha tashrif buyurganlar 176,2 ming kishidan (jamiga nisbatan 18,7 foiz) iborat bo‘lib, ulardan 132,2 ming nafari bolalarni tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: