Statistika organlari faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi - Prezident qarori

O‘zbekiston 11:47 / 08.08.2020 8359

Prezident “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

  • statistika organlarini talab yuqori bo‘lgan, sifatli va ishonchli ma'lumotlarni shakllantirishga, statistika ma'lumotlarining shaffofligi va oshkoraligini oshirishga qaratilgan professional mustaqil xizmatga aylantirish;
  • statistika sohasida yagona siyosatni amalga oshirishga qaratilgan vakolat va majburiyatlarni mustahkamlash orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Statistika kengashining to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash;
  • ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda statistika axborotlarini yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish, nashr etish va saqlash bo‘yicha yaxlit tizimni tashkil etish;
  • rasmiy statistikani ishlab chiqarish, tarqatish va muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qo‘llaniladigan uslubiy asoslar va boshqaruv tamoyillarini takomillashtirish;
  • idoraviy ma'lumotlar bazalarini yagona ma'lumotlarni boshqarish tizimiga integratsiya qilish orqali kuzatuvlarni bosqichma-bosqich optimallashtirish va respondentlardan hisobot topshirish yukini kamaytirish, shuningdek, ro‘yxatga olish ishlarini o‘tkazish va yalpi statistika hisobotlarini tanlanma kuzatuvlar bilan almashtirish hisobiga statistikani shakllantirish tizimini takomillashtirish;
  • statistika ma'lumotlaridan foydalanuvchilar bilan samarali hamkorlik siyosatini yo‘lga qo‘yish va mavjud statistika ma'lumotlari to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish orqali foydalanuvchilarning statistika axborotlariga bo‘lgan ishonchini oshirish;
  • davlat statistika organlari faoliyatini moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlashni yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining samarali joriy etilishi hisobiga hududiy statistika organlari tuzilmalari va ularning vazifalarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish;
  • davlat statistika organlari xodimlarining kasbiy darajasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish hamda kelgusida amaliyotda qo‘llash uchun ilg‘or statistika usullari va texnologiyalari, shu jumladan ochiq ma'lumotlar sohasida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

  • Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bog‘liq o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;
  • statistika organlarining qonuniy faoliyatiga, shu jumladan rasmiy statistika hisobotlari va kuzatuvlarini o‘tkazish hamda ularni nashr qilish va e'lon qilish jarayonlariga har qanday aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan statistika ma'lumotlari rasmiy statistika axboroti sifatida e'lon qilinadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — hududiy boshqarmalar), shuningdek, tumanlar (shaharlar) statistika bo‘limlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqildirlar va bevosita Davlat statistika qo‘mitasiga bo‘ysunadi;
  • hududiy boshqarmalar boshliqlari Davlat statistika qo‘mitasi raisi tomonidan, tumanlar (shaharlar) statistika bo‘limlari boshliqlari hududiy boshqarmalar boshliqlarining taqdimnomasiga ko‘ra Davlat statistika qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Davlat statistika qo‘mitasiga quyidagi huquqlar berildi:

  • boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan o‘tkazish va audit natijalariga ko‘ra, vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
  • kuzatuvlarni o‘tkazish, rasmiy statistika materiallarini shakllantirish va tahlillarni amalga oshirish maqsadida vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan o‘zaro elektron bog‘lanish.

Bunda, vazirlik va idoralar rahbarlari Davlat statistika qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasidagi so‘roviga muvofiq o‘zlarining axborot tizimlariga kirish va undan erkin foydalanishni ta'minlash uchun shaxsan javobgardirlar.

Ko‘proq yangiliklar: