O‘zbekiston xalqaro ochiq ma'lumotlar xartiyasiga qo‘shiladi

O‘zbekiston 11:13 / 08.08.2020 1515

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlar sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ochiq ma'lumotlar sohasidagi xalqaro reytinglar, xususan “Ochiq ma'lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma'lumotlar barometri” reytinglarida O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta'minlash uchun Xalqaro ochiq ma'lumotlar Xartiyasiga qo‘shilishi bo‘yicha taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha:

  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalida o‘z vaqtida aks ettirilishi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Portalni texnik qo‘llab-quvvatlash va uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

uch oy muddatda ochiq ma'lumotlar to‘plamlarining yangilangan ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlaydi.

Bunda, ustuvor xalqaro ma'lumotlar bazalari ko‘rsatkichlari va sohadagi nufuzli xorijiy tashkilotlar tavsiyalari, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablari, shuningdek, Portaldan foydalanuvchilarning taklif va ehtiyojlari inobatga olinadi.

2020 yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasining Xartiyaga qo‘shilishi bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi;

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirilishini tashkil etadi;

b) Portalning yangi versiyasi ishga tushgandan so‘ng 2021 yil 1 iyulga qadar yetkazib beruvchilarning ochiq ma'lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmlarini ishlab chiqadi va joriy etadi hamda natijalarini har chorakda Portalda e'lon qilib boradi;

v) Xalqaro ochiq ma'lumotlar Xartiyasi tamoyillarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini metodologik va texnik jihatdan muvofiqlashtiradi.

Portalni yuritish va uni yanada rivojlantirishda quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilanadi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga:

  • xalqaro tajriba hamda foydalanuvchilarning fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda Portalda e'lon qilinadigan Ro‘yxatning muntazam yangilanib turilishi;
  • Ro‘yxat asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ma'lumotlarni to‘liq joylashtirilishi va ularning o‘z vaqtida Portalda aks ettirilishi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Portaldan samarali foydalanishlarini ta'minlash, shuningdek, undan foydalanish masalasiga metodologik yordam ko‘rsatish;
  • mamlakatda ochiq ma'lumotlar sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;

b) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga:

  • Portalni yangi versiyasini ishlab chiqish, uning sifatli va uzluksiz ishlashini ta'minlash;
  • “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bilan birgalikda axborot xavfsizligi sohasidagi talablarga muvofiq ochiq ma'lumotlarning Portalda saqlanishi va himoyalanishini ta'minlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘risida zarur axborotni olishda ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida Portalni muntazam takomillashtirish va modernizatsiya qilish;
  • Portalning funksional imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘rish, tizimdan foydalanish jarayonida davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga texnik yordam ko‘rsatish;

v) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga:

  • ochiq ma'lumotlar to‘plamlarini tasdiqlangan Ro‘yxatda belgilangan muddatlarga qat'iy rioya qilgan holda Portalda va rasmiy veb-saytlarida joylashtirib borish hamda ularning aynan bir xil va o‘zaro bog‘liqligini ta'minlash;
  • Portalda e'lon qilinadigan Ro‘yxatni yangilashda ustuvor xalqaro ma'lumotlar bazalari ko‘rsatkichlari va sohadagi nufuzli xorijiy tashkilotlar tavsiyalarini inobatga olgan holda takliflar kiritish;
  • ma'lumotlarni tayyorlash va Portalda joylashtirish, uni muntazam yangilab turishga mas'ul yuqori malakali kadrlar biriktirish va doimiy ravishda ularning malakasini oshirib borishni ta'minlash.

g) Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga davlat organlari va tarkibida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarning iqtisodiy, moliyaviy va boshqa statistik ko‘rsatkichlarini minoritar va portfel investorlari tomonidan erkin foydalanishi uchun Portalga joylashtirish.

Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari:

  • Ro‘yxat asosida Portalda e'lon qilinadigan axborotlarning mazmuniga, to‘liqligiga, ishonchliligiga, o‘z vaqtida shakllantirilishiga va yangilab turilishiga;
  • rasmiy saytlarda e'lon qilinadigan axborotlarning Portalda joylashtiriladigan axborotlar bilan aynan bir xil kelishi va o‘zaro bog‘liqligini ta'minlashga;
  • tegishli axborotlarni shakllantirishda xalqaro metodologik standartlarni, tavsiyalarni o‘rganishga va ularning amalda qo‘llanilishiga shaxsiy javobgardirlar.
Ko‘proq yangiliklar: