O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 09:31 / 08.08.2020 1951

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini rivojlantirish strategiyasini va Sug‘urtalovchilarning kapitali yetarliligi va to‘lov qobiliyati bo‘yicha xalqaro standartlarni sug‘urta faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini rivojlantirish strategiyasi;

Sug‘urtalovchilarning kapitali yetarliligi va to‘lov qobiliyati bo‘yicha xalqaro standartlarni sug‘urta faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish strategiyasi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra, uning asosiy maqsadi fuqarolar va biznesning mulkiy manfaatlarini kafolatli sug‘urta qilish uchun huquqiy va amaliy asoslarni yaratish, iqtisodiy va ijtimoiy himoya qilishda sug‘urta mexanizmini joriy etish va aholining sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirishdan iborat.

Quyidagilar sug‘urta bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi:

  • sug‘urtaning barcha ishtirokchilarining huquqlarini himoyalovchi adolatli, to‘liq sug‘urta va tezkor to‘lovga yo‘naltirilgan raqobatni rag‘batlantiruvchi, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organi va professional ishtirokchilar o‘rtasida muvozanatlashgan tizimni yaratish;
  • kompleks transformatsiya qilish, sug‘urta tashkilotlaridagi davlat aksiyalari paketini zarur tajriba va bilimga ega bo‘lgan investorlarga tanlov asosida sotish yo‘li bilan sug‘urta bozorida davlat ishtirokini kamaytirish, shuningdek, davlat ulushi mavjud sug‘urta tashkilotlarini bir vaqtning o‘zida isloh qilish;
  • sug‘urta qamrovini kengaytirish va ilmiy asoslangan sug‘urta tariflarini ishlab chiqishga imkon beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Markaziy banki, Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zgidromet, Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston aktuariylari uyushmasi va boshqa manfaatdor idora va tashkilotlarni birlashtiruvchi yagona elektron axborot almashinuvi tizimini tashkil etish;
  • sug‘urta tashkilotlarining to‘lov qobiliyatini oshirish, xalqaro tajriba asosida “tavakkalchilikka asoslangan yondashuv”ni tatbiq etish, sug‘urta tashkilotlarini xalqaro reytinglar olishlarini va reytinglarni oshirishlarini rag‘batlantirish;
  • kamxarj mikrosug‘urta xizmatlarini rivojlantirish uchun normativ bazani takomillashtirish, xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirish, shu jumladan davlat ulushi mavjud sug‘urta tashkilotlari orqali innovatsion loyihalarni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sug‘urta mahsulotlari ishlab chiqilishi va taqdim etilishini ta'minlash;
  • sug‘urta vositachilari (sug‘urta brokerlari, sug‘urta agentliklari), aktuariylar, adjasterlar, syurveyyerlar va assistanslar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy normalarni takomillashtirish yo‘li bilan sug‘urta infratuzilmasini kengaytirish va xizmatlar sifati bo‘yicha raqobat qilish muhitini ta'minlash;
  • mamlakatimizda risk-menejment va sug‘urta sohasiga ixtisoslashgan chet el oliygohlarining filiallarini tashkil qilish orqali sug‘urta sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni, shuningdek, davlat ulushi mavjud sug‘urta tashkilotlaridagi yoshlarni chet eldagi risk-menejment va sug‘urtaga oid yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tizimli asosda tashkil qilish;
  • zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish;
  • xalqaro tajriba asosida sug‘urta bozorining prundensial nazoratini, sug‘urta bozorini tartibga solishning xalqaro standartlari va tamoyillarini tatbiq etish.
Ko‘proq yangiliklar: