Nukuslik tadbirkorlar 100 ta kislorod konsentratorini bepul tarqatishmoqchi

Jamiyat 19:50 / 08.08.2020 10729

— Kislorodli konsentratorlar hozir qayerda?

— Ayni vaqtda konsentratorlar Xitoydan Toshkentga yetib kelgan. Yuklarni olib kelayotgan xodimlarimiz bilan gaplashdik. Ertaga Nukusdan konsentratorlar uchun mashina yuboryapmiz. Masofa va yuklarning hajmiga qarab 2–3 kunda oksigeneratorlar Nukusga yetib keladi. Kislorod konsentratorlari O‘zbekistonga yetib kelguniga qadar biroz xavotirimiz bor edi. Sababi — Qoraqalpog‘istondagi bizga o‘xshagan bir necha tadbirkor ham xayriya qilishgandi. Xudoga shukr, yuklarga shikast yetmay davlatimizga yetib keldi.

— Nechta konsentrator olib kelinmoqda? Ularning umumiy qiymati qanchani tashkil qiladi?

— Biz Nukusga Xitoydan 100 dona kislorodli konsentrator olib kelmoqdamiz. Bir donasi umumiy hisobda 450 dollardan tushdi. Shaxsan o‘zim 100 mln. so‘m xayriya qildim. Umumiy qiymati 45 ming dollar bo‘ldi. Ko‘plab tadbirkorlar ham pul tashlashdi. Shunga qaramasdan, 20 ming dollar yetmagani uchun birovdan qarz olib berishga to‘g‘ri keldi. Lekin bu xabarni eshitgan tadbirkorlarimizdan biri shu qarzga olingan 20 ming dollarni o‘zi qoplab beradigan bo‘ldi.

Maqsadimiz — bu uskunalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi SSVga bepul berish. Nukusdagi bosh vrach koronavirus bilan kurashayotgan, ayniqsa ahvoli og‘ir bemorlar kislorodli konsentratordan uzilsa, xuddi suvdan chiqarib olingan baliqlarga o‘xshab qiynalishayotganini aytgandi.

— Sizga kislorodli konsentratordan qandaydir moliyaviy manfaat bormi?

— Yo‘q. Bu yerda hech qanday moliyaviy foydani aytishning va bu ishni qilishning o‘rni emas. Har qanday inson imkon qadar xayr-saxovat qilishi kerak. Yaratgan bizga shu imkonni bergan ekan, biz ham qildik. To‘g‘ri, xayr-saxovat qilib, buni kimgadir aytish aslida yarashmaydigan ish. Ammo bizning maqsadimiz o‘zimizga o‘xshash tadbirkorlarni, imkoni bor insonlarni atrofimizga yig‘ish. Ayni kunlarda bu maqsadimizga qaysidir ma'noda erishdik, desam ham bo‘ladi. Qoraqalog‘istondagi tadbirkorlar bilan kislorodli konsentratorlarning ikkinchi qismiga ham buyurtma berish arafasida turibmiz.

— Konsentratorlar Nukusga kelgandan keyin SVV xodimlari qanday maqsadlarda va kimlar foydalanayotganiga e'tibor qaratasizmi?

— Ha, albatta. Bunga e'tibor qaratamiz. Bilasizmi, hozir kasalxonalar uchun yana bir yechimni taklif qildik. Endilikda kasalxonalardagi nafas olishi qiyin bemorlar uchun chet eldan olib kelingan maxsus uskunalar orqali kislorodni to‘g‘ridan to‘g‘ri bemorlar yotgan xonaga kirita olamiz. Bu ishni mutasaddilar bilan maslahatlashib allaqachon boshlaganmiz.

— Aholi orasidan konsentratorlarni sotib olishni istayotgan insonlar ham sizga murojaat qilishayotgan ekan. Ularga qanday javob beryapsiz?

— Biz aholiga Xitoydan uskunalarni o‘z narxida olib kelib berishimiz mumkin. Ammo bir shart bilan: agar kimningdir yaqini rostdan ham COVID-19 bilan uyida davolanayotgan bo‘lsa va bemor sog‘ayib ketgandan keyin uskunani kasalxonaga berish sharti bilan ularga yetkazib beramiz.  

Ko‘proq yangiliklar: