Nagoyada Toshkent shahar hokimligi vakolatxonasini ochish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston 13:47 / 08.08.2020 2647
Nagoya shahri meri T.Kavamura

Joriy yilning 7 avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Nagoya shahrining (Yaponiya) meri T.Kavamura bilan videomuloqot o‘tkazdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, turizmni rivojlantirish, mutaxassislar bilan almashish, havo parvozlarini faollashtirish, shuningdek, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashdagi hamkorlikni kengaytirishga oid keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.

investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov

Toshkent va Nagoya o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Nagoyada Toshkent shahar hokimligi vakolatxonasini ochish istiqbollari muhokama qilindi. Vakolatxonaning ochilishi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ko‘paytirish orqali ikki shahar o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish, tajriba almashish, texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning qo‘shimcha vositasiga aylanadi.

Shuningdek, Nagoya shahri bilan madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik doirasida yuqori darajadagi qo‘shma tadbirlar o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘zbek va yapon tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish uchun mo‘ljallangan alohida biznes-forum tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda Nagoya shahri tajribasini joriy etish imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Hozirgi kunda shaharda rivojlangan va barqaror sog‘liqni saqlash tizimi hamda yuqori malakali tibbiyot xodimlarining mavjudligi tufayli infeksiyaning past darajada tarqalishi kuzatilmoqda. Tomonlar Toshkent tibbiyot akademiyasi va Nagoya universiteti o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashga oid hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro kelishib, bu boradagi kelgusidagi amaliy harakatlarni belgilab oldilar.

Muzokaralar chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bir qator alohida masalalar ham muhokama qilindi. Xususan, Toshkent shahrida yuqori texnologiyali IT-parkini yaratish borasidagi ishlarning borishi va ushbu tashabbus ijrosini jadallashtirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, investitsiyaviy hamkorlikning mavjud salohiyatini maksimal darajada oshirish zarurligi qayd etildi va bu borada tomonlar ilgari kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bilan almashdilar. Tomonlar Mitsubishi Electric kompaniyasining O‘zbekistonda yo‘lovchi liftlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishdagi yutuqlarni mamnuniyat bilan e'tirof etdilar.

Videomuloqot yakunida epidemiologik vaziyat barqarorlashgani bilan Yaponiya va O‘zbekiston tadbirkorlaridan iborat biznes delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Ko‘proq yangiliklar: