«Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 10:10 / 08.08.2020 5439

Vazirlar Mahkamasining “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi xizmati, inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish an'analarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarni rivojlantirish va boshqarishdagi salmoqli yutuqlari, inson huquqlari sohasidagi samarali ilmiy faoliyati, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari huquqlarini himoya qilishga alohida o‘rnak bo‘layotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat olib borayotgan tashkilotlar ham taqdirlanishi mumkin.

Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlar hamda fuqarolar har yili 1 sentyabrga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash yuzasidan takliflarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga taqdim etadi.

Nomzod bo‘yicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma'lumotnoma, so‘nggi uch yil davomida u tomonidan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirgan ishlari taqdim etiladi. To‘liq taqdim qilinmagan hujjatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish yuzasidan Markaz direktori tomonidan komissiya tashkil etiladi.

Komissiya tarkibiga inson huquqlari sohasidagi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, olimlar va mutaxassislar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, 10 noyabrga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

  • nomzodning inson huquqlari himoya qilish sohasidagi faoliyati;
  • inson huquqlarini targ‘ib qilishdagi faolligi, inson huquqlari sohasidagi ta'lim, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari, inson huquqlari bo‘yicha ta'lim-tarbiya jarayonidagi yutuqlari;
  • inson huquqlari mavzusida ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari soni, inson huquqlari himoyasini targ‘ib qilishga qaratilgan bosma va video materiallar, turli innovatsion uslublarni ishlab chiqqanligi;
  • inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishdagi yutuqlari;
  • inson huquqlarini himoya qilish sohasida rahbarlik faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishganligi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, Markaz direktorining buyrug‘iga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Markaz direktorining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i 1 dekabrga qadar Komissiya xulosasi asosida chiqariladi.

Ko‘krak nishoni va uning guvohnomasi har yili 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida Markaz direktori (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa mas'ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar ro‘yxati Markazning Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida va boshqa ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ko‘krakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: