Haddan tashqari ko‘p uxlagani uchun shifokor ko‘rigiga olib borilgan bolaning boshidan o‘q topildi

Jahon 14:37 / 08.08.2020 18125

Quddusning falastinliklar yashovchi sharqiy qismida ota-ona o‘g‘illarining haddan tashqari ko‘p uxlayotganidan shikoyat qilib shifokor qabuliga borishgan. Ko‘rik davomida 9 yashar bolaning boshida o‘q borligi aniqlangan, deb yozmoqda The Daily Mail.

Foto: metro.co.uk

Nashrning qayd etishicha, tekshiruv davomida shifokorlar yosh falastinlikning boshining qismida qonli mayda yarani payqashgan. Bolaning miyasi kompyuter tomografiyasi orqali tekshirilganda qonab turgan yaradan boshga o‘q kirib qolgani ma'lum bo‘lgan. Tekshiruv natijasidan ota-ona ham, shifokorlar ham hayratda qolishgan. Falastinlik er-xotin farzandi do‘stlari bilan o‘ynayotib jarohat olgan deb o‘ylashgan.

Neyrojarrohlar shifoxonaga qabul qilinganidan ikki soat o‘tgach bolani operatsiya qilishgan. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tgan. Shifokorning ta'kidlashicha, agar o‘q biroz boshqa burchak orqali boshga kirganda bola tirik qolmagan yoki nogiron bo‘lib qolgan bo‘lardi.

Jarrohlik amaliyotidan keyin bola asta-sekin tuzalmoqda. U hushida va oilasi hamda shifokorlar bilan muloqot qila oladi, deya xabar bermoqda The Daily Mail.

Politsiya sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha surishtiruv boshlagan. Taxminlarga ko‘ra, bola Qurbon hayiti paytida jarohatlangan bo‘lishi mumkin. Chunki falastinlik musulmonlar ushbu bayramni osmonga o‘q otib nishonlashadi.

Shunga o‘xshash voqea avvalroq AQShda ham kuzatilgan. Shifokorlar bemorning siydik qopiga kirib qolgan o‘qni 18 yil o‘tganidan so‘ng olib tashlashgan. Bu vaqt ichida siydik qopi ichidagi o‘q atrofida tosh hosil bo‘lgan, buning oqibatida bemor kuchli og‘riqdan aziyat chekib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: