#FootWeek: Milliy jamoadan daraklar, qamoqda sovrin yutgan Ronaldino va Ikersiz qolgan futbol

Sport 16:49 / 08.08.2020 12887

#FootWeek ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Toshkentda yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy jamoasi lagerida mehmon bo‘ldik. Vadim Abramov jamoasi uchun bu yig‘in murakkabliklarga boy bo‘lmoqda. Chunki bir guruh futbolchilar ularda koronavirus aniqlangani sabab yig‘inni tark etishga majbur bo‘lishdi. Ularning o‘rniga yangi futbolchilar kelishdi. O‘z navbatida legionerlarsiz o‘tayotgan yig‘inni to‘kis deb bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, murabbiy milliy jamoa uchun ba'zi nomlarni saralab olayotganini aytdi.

Abramov bizga U19 jasoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini tomosha qilishga ruxsat berdi, ammo suratga olishga emas. Milliy jamoa bosh murabbiyining aytishicha, Superliga futbolchilari orasida legionerlarga raqobatchi qidirmoqda: «Koronavirus bilan bog‘liq holat qanday davom etishini bilmaymiz, shu sabab har narsaga tayyor bo‘lish kerak. Balki legionerlar kelolmasligi mumkin. Shuning uchun, har ehtimolga qarshi ularning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan futbolchilarni ko‘zdan kechirdik. Bu o‘yin ko‘proq U19 jamoasi uchun foydaliroq bo‘ldi», dedi milliy jamoa murabbiyi.

Vadim Abramov

Oktyabrda O‘zbekistonda o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorlanayotgan U19 jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze ham kelajakdagi rejalar, Osiyo Kubogiga tayyorgarlik borasida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Temur Kapadze

Shuningdek, bu galgi ko‘rsatuvda ham ko‘plab qiziqarli mavzulardagi mulohazalar o‘rin olgan. O‘tgan haftada Iker Kasilyas faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi. #FootWeek'ning bu sonida afsonaviy posbon haqida rolik berilgan. Shuningdek, sentyabrda AQShda o‘tadigan tarixiy jang – Roy Jons va Mayk Tayson to‘qnashuvi haqida ham lavhani tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘rsatuvning bu sonida Ronaldinoning qamoqdagi hayoti, 4 yil ta'tilsiz o‘ynagan futbolchi, super chapaqay argentinalik va bir mavsumda ikkita mamlakatda chempion bo‘lgan futbolchi haqida mulohazalar bilan o‘rtoqlashganmiz.

#FootWeek'ning yangi sonini tomosha qiling va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda o‘z fikrlaringizni bildiring. Biz barcha fikrlarni kuzatib boramiz.

Ko‘proq yangiliklar: