Axborot birinchi bo‘lib insonning aqliga emas, uning hislariga ta'sir qiladi – infodemiya va feyk xabarlar haqida

O‘zbekiston 14:59 / 08.08.2020 4058

Infodemiya OAV, ijtimoiy tarmoqlarda, fuqarolik jurnalistikasi saytlarida bir mavzudagi ma'lumotning  juda ko‘p berilishidir. Bir mavzudagi axborotlarning haddan ortiq ko‘payishi insonlarga ruhiy jihatdan bosim o‘tkazilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Bugun, 8 avgust kuni Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasida pandemiya davrida vujudga kelgan yangi atama – infodemiya tushunchasi va axborotning haqqoniyligini qanday tekshirish mumkinligi haqida ma'lumot berildi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Nozima Murotovaning aytishicha, infodemiya OAV, ijtimoiy tarmoqlarda, fuqarolik jurnalistikasi saytlarida bir mavzudagi ma'lumotning  juda ko‘p berilishidir. Bir mavzudagi axborotlarning haddan ortiq ko‘payishi insonlarga ruhiy jihatdan bosim o‘tkazilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

«Pandemiya insonlarni jismoniy jihatdan kasal qilsa, infodemiya kishilarning ruhiy holatiga ta'sir o‘tkazadi. Berilayotgan axborotlarning turi, ularning uzatilish vaqti va hajmi cheklanmagan. Inson qayerda bo‘lmasin har doim axborot bilan ta'minlangan», - dedi Nozima Murotova.

Qayd etilishicha, infodemiya fonida feyk xabarlar ham ko‘paymoqda. Har bir ma'lumotning to‘g‘riligini esa tekshirib ko‘rish kerak.

«Feyk axborot birinchi bo‘lib insonning aqliga emas, uning hislariga ta'sir qiladi. Va inson hislari ta'sirida axborotni to‘g‘ridan to‘g‘ri iste'mol qilib, ko‘pincha noto‘g‘ri qaror chiqarib qo‘yadi.

Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 1 million so‘m moddiy yordam o‘rniga 700 ming so‘m berilgani haqida video tarqaldi. Uni suratga olgan shaxs o‘zini tanishtirmagan, qaysi hududda, kim bilan bunday holat sodir bo‘lganini ham aytmagan. Bu kabi tizimli muammolarimiz bor, lekin shu mavzuga aloqador axborotning to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligini saralay olish kerak. Shuning uchun bu borada maktabdanoq media savodxonlik va axborot xavfsizligi darslari o‘qitilishi kerak», - deya qayd etdi bloger Shahnoza Soatova.

Bloger, jurnalist Aziza Qurbonovaning aytishicha, xabarning feyk ekanligini aniqlash mumkin.

«Feyk xabarda rasm sifatsiz yoki kollaj ko‘rinishida, asosan, fotoshop qilingan bo‘ladi. Unda imlo xatolar ham kuzatiladi, shuningdek, unda tilga olingan joylar va sana shubha ostiga olinishi kerak.

Lekin feykning qiziq jihati, u real shaxslar va joylar haqida bo‘ladi. Shuning uchun u bemalol ishonish mumkin bo‘lganday tuyuladi. Biroq qidiruv tizimlari orqali axborotni tekshirmasdan e'lon qilmaslik lozim», - dedi Aziza Qurbonova.

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, feyk xabarlar axborot bo‘shlig‘i borligi tufayli vujudga keladi. Shu bois milliy faktcheking (axborotning haqqoniyligini tekshiruvchi) platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Ko‘proq yangiliklar: