Aripov: «Rais mahalladoshlariga o‘z uyida xizmat ko‘rsatsa, o‘z uyida fuqarolarni qabul qilsa, axir bu – sharmandalik-ku»  

O‘zbekiston 17:04 / 08.08.2020 36860

Vazirlik tomonidan hujjatlar bilan ishlash va ijro intizomini mustahkamlash borasida tizimli ish mavjud emasligi, mahallalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan  “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar qilinmayotgani, mahallalarda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta'minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar talab darajasida tashkil etilmayotgani, fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik holati talab darajasida emasligi, mahallalardagi kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash masalalarida ham mahalla raislari va xodimlari tomonidan qonun buzilish holatlari qayd etilayotgani jiddiy tanqid qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, 39ta mahallaning idorasi mavjud bo‘lmagani sababli mahalla raisi o‘z xonadonida faoliyat yuritib kelmoqda. Tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari ushbu mahallalarni hududdagi bo‘sh binoga joylashtirish bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rmagan. Bu esa mahallaning faoliyat samaradorligiga o‘zining salbiy ta'sirini o‘tkazibgina qolmay, aholi uchun ham noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Bosh vazir ushbu holatni sharmandalik, deb atadi.

“Mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining egallab turgan vazifasiga munosabati qandayligini shundan ham bilsa bo‘ladi. Go‘yo ularning mahallaga hech qanday aloqasi yo‘q, xuddiki ular mahallada yashamaydi. Rais mahalladoshlariga o‘z uyida xizmat ko‘rsatsa, o‘z uyida fuqarolarni qabul qilsa, axir bu – sharmandalik-ku. Joylardagi o‘z idorasiga ega bo‘lmagan mahallalarga zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bino qurib berish bo‘yicha Qurilish vazirligiga topshiriq bo‘ladi. Bu masalani tezroq hal qilish kerak”, - deya bosh vazirning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri. 

Avvalroq, bosh vazir raisligida videoselektor o‘tkazilayotgani, ayrim mahallalar raislari keskin tanqid qilingani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: