Virusolog Rossiya vaksinasining xavfli bo‘lishi mumkinligini aytdi

Jahon 19:12 / 07.08.2020 25524

Rossiyada ishlab chiqilayotgan vaksinaning xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida «Vektor» o‘ta xavfli infeksiyalar laboratoriyasi sobiq mudiri Aleksandr Chepurnov ogohlantirdi.

«Xatar bor... Vaqt kerak. Chunki, antitananing neytrallashtirish xususiyati shundaki, virus tanasiga yopishgan antitana uning hujayraga yuqish xususiyatini bloklaydi», — dedi olim.

Uning ta'kidlashicha, hozircha vaksina ustida olib borilayotgan ishlar haqidagi va vaksinaning samarali ekanini tasdiqlovchi ilmiy izlanishlar haqidagi ma'lumotlar nashr etilmagan.

«Ba'zi mamlakatlarda vaksina ustida ishlayotgan xodimlar barcha natijalarni zudlik bilan e'lon qilishmoqda. Shunda vaksinaning qanday ekani haqida tasavvur paydo bo‘lyapti. Rossiyada esa hech qanday maqolalarni ko‘rmayapman», — dedi Chepurnov.

Vaksina ustida qanday izlanishlar olib borilgani, uni qo‘llashda neytralizatsiyaning qanday darajasi yuzaga kelishi, virusning qanday dozalaridan himoya qila olishi va unda «infeksiyaning antitanaga bog‘liqlik darajasini oshirish xususiyati» borligi haqida ma'lumot paydo bo‘lmasidan oldin, Chepurnov vaksinani ishlab chiqish haqida o‘ylamaslikni taklif qildi.

Avvalroq, virusolog, biologiya fanlari doktori Sergey Netesov Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan vaksina haqidagi ma'lumotlar sir tutilayotganidan hayron qolgan edi. U Rossiya vaksinasining tarkibi va texnologiyasi haqida hech narsa ma'lum emasligini, xorijlik kompaniyalar esa bu ma'lumotlarni oshkor qilayotganini ta'kidladi.

«Biz amerikalik va xitoylik olimlarning vaksinalari haqida hamma narsani bilamiz. Kompaniyalarning internet saytlarida, ilmiy jurnallarda vaksinaning dastlabki sinovlari haqida barcha ma'lumotlar bor. Ammo nega o‘zimizning vaksina haqida shunday ma'lumotlar berilmayapti?» — deb taajjublandi Netesov.

7 avgust kuni Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Oleg Gridnev «Gamaleya» nomidagi markaz tomonidan ishlab chiqilgan vaksina 12 avgust kunigacha ro‘yxatdan o‘tkazilishini aytgan edi. U ommaviy vaksinatsiyaning samarasi aholida populyatsiya immuniteti shakllanganidan so‘ng sezilishini aytdi. Koronavirusga qarshi vaksina birinchi navbatda xatarli guruhga kiruvchi tibbiyot xodimlari va keksalarga berilishi rejalashtirilmoqda. Gridnev vaksinaning ommaviy ishlab chiqarilishiga tayyorgarlik ketayotganini qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: