Senat xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hukumatga parlament so‘rovi yuboradi

O‘zbekiston 20:25 / 07.08.2020 4549

Ushbu parlament so‘rovi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Prezidentning virtual hamda xalq qabulxonalari, Ombudsman, hududlardagi hokimliklar, Rossiya Federatsiyasidagi mamlakatimizning diplomatik missiyalariga yuborilgan murojaatlar asosida shakllantirilgan.

Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dolzarb muammolarini hal etish masalasi Senatning diqqat markazida turganligi, O‘zbekiston-Rossiya parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasi faoliyatining markaziy mavzularidan biri ekanligi ta'kidlandi.

Rossiya tomoni bilan tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish to‘g‘risida ikkita bitim, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni tashkiliy asosda qabul qilish, ularning respublikadan tashqaridagi ish joyiga xavfsiz yetib borishini ta'minlashning qulay shart-sharoitlarini yaratish to‘g‘risida shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, erishilgan davlatlararo bitimlarni tegishli ravishda bajarish bilan bog‘liq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.

Misol uchun, Moskva shahridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasining ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha mehnat migrantlarining 25,4 foizi tegishli patentni rasmiylashtirmay ishlamoqda. Ya'ni Rossiya qonunchiligiga ko‘ra noqonuniy faoliyat olib bormoqda.

Ikki tomonlama bitimlar borligiga qaramay, fuqarolarni ishga tashkiliy tarzda joylashtirish ko‘rsatkichlari pastligicha kolmoqda. Masalan, 2019 yilda Rossiyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy agentliklar tomonidan tashkiliy tarzda qabul qilish orqali 1425 kishi ishga joylashtirildi.

Tartibsiz mehnat migratsiyasining mavjudligi, mehnat migrantlarining jamiyatga moslashuvi past darajadaligi bilan bog‘liq muammolar hal etilmagani, rus tilini, Rossiya Federatsiyasining mehnat va migratsiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini sust darajada bilish fuqarolarimizning huquqlarini ta'minlashda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Senatorlar tomonidan xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish hukumat oldida turgan ustuvor masalalar sirasiga kirishini ta'kidlab o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Senati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: