Senat: Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi maktablarning 24 foizida sport zallari mavjud emas

Sport 20:13 / 07.08.2020 4169

Yalpi majlisda so‘nggi uch yilda mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgani, xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, 2025 yilgacha jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani ta'kidlangan.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti faoliyat boshlagan.

Qolaversa, 2019 yilda Investitsiya dasturiga muvofiq 244,2 mlrd. so‘m hisobiga 69ta sport obekti qurilgan. Olis va chekka qishloqlarda jami 421ta yengil konstruksiyali kichik sport zallari va sun'iy qoplamali sport inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilgan.

2019 yilda oilalar o‘rtasida jami 53 mingdan ortiq ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 4,2 mln. nafardan ziyod fuqarolar jalb qilingan.

Majlisda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sohada qator muammolar ham mavjudligi alohida ta'kidlandi. Jumladan, hududlarda yaratilgan sport inshootlari aholining ehtiyojlarini to‘liq qondira olmayapti.

Respublikada mavjud jami 51 ming 583ta sport inshootining 87 foizi tumanlarda va 13 foizi shaharlarda joylashgan. Ular jami 1,3 mln. o‘ringa ega bo‘lib, mamlakat aholisining faqatgina 4 foizini qamrab olmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Respublika bo‘yicha qo‘shimcha 421ta sport inshootiga ehtiyoj mavjud. Ushbu ehtiyojlar asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida basketbol maydonchalarini qurish uchun 96 foiz (194ta) shahar va tumanda yer maydoni ajratilmagan. Sport inshootlarini pasportlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmagani oqibatida respublikada mavjud 51 ming 583ta sport inshootining 46 foizi (4 867ta) pasportlashtirilmagan.

Shuningdek, umumta'lim maktablarini sport zallari bilan ta'minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi jami 9 942ta umumta'lim maktabining 24 foizida (2 359ta) sport zallari mavjud emas.

Respublikada 3,8 milliondan ziyod bandligi ta'minlanmagan yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish uchun 248,5 mingdan ortiq tadbir o‘tkazilishiga qaramay, bunday tadbirlarga ularning atigi 10 foizigina qamrab olingan.

Shuningdek, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi YUNISEF bilan hamkorlikda «Yu-report» ijtimoiy raqamli platformasida yurtimizdagi sport inshootlarining bugungi holati va faoliyati yuzasidan o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari ham sohada bir qator muammolar mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi.

Sakkiz mingga yaqin ishtirokchi qamrab olingan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yoshlarning 49 foizi jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanmaydi, 20 foizi sportning biror-bir turi bilan qamrab olinmagan. 19 foiz ishtirokchilar uchun sport to‘garaklarining narxi qimmat. 64 foiz yoshlar sport inshootlariga transport orqali borishga yoki uzoq vaqt piyoda yurishga to‘g‘ri kelishi noqulaylik tug‘dirayotganini bildirgan. 64 foiz yoshlar o‘z mahallalarida sport inshootlari yo‘qligini va sport musobaqalari yetarlicha tashkil etilmayotganini qayd etgan. Bu borada, ayniqsa, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ahvol qoniqarsizligi ma'lum qilingan.

Ayniqsa, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «Har bir mahallada futbol maydoni» dasturi ijrosi qariyb 6 mingta mahallada ta'minlanmagan. Masalan, Andijon viloyatida 867ta, Samarqand viloyatida 790ta, Toshkent viloyatida 708ta hamda Farg‘ona viloyatida 700ta futbol maydonchasi qurilmagan.

Bundan tashqari, jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, sport maktablarini malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta'minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: