Rossiyada eng katta rangli olmos qazib olindi

Jahon 21:07 / 07.08.2020 15117

Rossiyaning Yoqutistondagi «Ebelyax» konida sarg‘ish-jigarrang tusli, 236 karat vaznga ega kristall qazib olindi. Bu mamlakat tarixidagi eng katta rangli olmosdir.

ALROSA kompaniyasi tomonidan qazib olingan qimmatbaho toshning o‘lchami - 47x24x22 mm. Uning yoshi dastlabki tadqiqotlarga ko‘ra 120 – 230 mln yil atrofida.

«Bunday kattalikdagi rangli olmos faqat mamlakatimiz tarixidagi noyob topilma emas. Yaqinda uni mutaxassislar tomonidan o‘rganish uchun Moskvaga yubordik. Tez orada uni o‘z ustalarimizga sayqallash uchun berish yoki xorij kompaniyalariga sotish haqida qaror qabul qilamiz. Undan yuqori sifatli bir necha brilliant yasash imkoniyati bor», – dedi ALROSA vakili Pavel Vinixin.

«Ebelyax» olmos koni Saxa Respublikasining (Yoqutiston) Anabar daryosi sohilida joylashgan va bu yerda avvallari ham noyob qimmatbaho toshlar topilgan. Jumladan, 2017 yilda, bir oy davomida och sariq, pushti va  qirmizi-pushti tusli uchta noyob toshlar qazib olingan. Uchalasi ham sayqallanib, brilliant ko‘rinishida ommaga taqdim qilingan. O‘tgan yili «Jar-ptitsa» (Firebird) nomi berilgan va 20,69 karat vaznli sariq brilliant mashhur Graff Diamonds brendiga sotilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: