«Pandemiya davrida xorijdan 117 mingdan ortiq fuqaro olib kelindi» - vazir

O‘zbekiston 17:30 / 07.08.2020 6713

«Pandemiya davrida xorijiy davlatlardan 117 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar yurtimizga olib kelindi. Shu bilan birga, hozirgi kunda xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan 103 ming nafardan ortiq fuqarolarimiz mavjud.

Ularning asosiy qismi Rossiya federatsiyasida 93 ming nafar, Turkiyada 7 ming nafar va ko‘p boshqa davlatlarda ham fuqarolarimiz vatanga qaytish istagini bildirishgan.

Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda qiyin ahvolda qolgan 45 ming nafardan ortiq fuqarolarimizga yordam ko‘rsatildi», deya Abdulaziz Komilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir elchixonalarga ko‘plab murojaatlar kelayotgani, tanqidiy e'tirozlar bildirilayotgani, koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelayotgan masalalar dolzarb ekanini ta'kidladi.

Shu bilan birga, Senat tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilish jarayonida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Alohida e'tibor mamlakatimiz manfaatlari yo‘lida nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan BMT bilan hamkorlik samaradorligini oshirish hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy islohotlarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish vazifalariga qaratildi.

Shuningdek, eksportni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish sohalarida respublika hududlariga amaliy ko‘mak berish, joylarda tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi bilim va malakasini oshirish hamda mehnat migratsiyasi muammolarini hal qilishdagi faoliyati yetarli samara bermayapti.

Xususan, xorijiy davlatlar bilan hududlararo hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida viloyatlar mutasaddilari uchun o‘quv mashg‘uloti va treninglar tizimi shu kungacha yo‘lga qo‘yilmagan. Hududlardan tushayotgan ma'lum loyihalar va investitsion takliflar javobsiz qolmoqda.

Vazirlikning chet ellardagi fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish, ularga tegishli ko‘mak va sifatli konsullik hizmatlarini ko‘rsatishning amaldagi tartibi jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoy tarmoqlardagi ko‘plab xabarlarni bunga misol tariqasida ko‘rsatish mumkin.

Yalpi majlisda ochiq va har tomonlama munozara natijasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo sanoat palatasi va boshqa mutasaddi idoralarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: