Abituriyent koronavirusdan davolanayotgan bo‘lsa, imtihon kunida qanday yo‘l tutishi kerak?

O‘zbekiston 19:35 / 07.08.2020 16037

Bugun, 7 avgust kuni AOKAda OTMlarga qabul imtihonlari yuzassidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda test kunida koronavirusdan davolanayotgan abituriyentlar bo‘yicha savolga javob berildi.

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning ta'kidlashicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun kelgan abituriyentning tana harorati yuqori bo‘lsa, bunday abituriyentlar uchun kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 4 kundan so‘ng alohida test sinovlari tashkillashtirib beriladi.

«Bu tartib testga kelgan abituriyentlar orasidan holati yomonlarini ajratib olib, ular uchun keyinroq imtihon tashkillashtirib berilishini nazarda tutadi. Lekin qanaqadir uzrli sabab bilan testga kela olmasa, ularning holati va soni o‘rganib chiqilib, Davlat qabul komissiyasiga bu bo‘yicha taklif beriladi. Bunda abituriyent kasal bo‘lgani va uzrli sababga ko‘ra testga kela olmagani haqida tegishli hujjatni taqdim etishi kerak bo‘ladi», – dedi Sardor Rajabov.

DTM boshqarma boshlig‘i Diyorbek Qo‘chqorovning aytishicha, testga kelmagan abituriyentlar imtihonda qatnasha olmaydi.

«Qandaydir sabablarga ko‘ra test sinovlariga umuman kelmagan abituriyentlar uchun alohida qoidalar belgilanmagan. Bunday abituriyentlar keyingi yilgi imtihonlarda ishtirok etishi mumkin.

Imtihonga kelgan paytda abituriyentning koronavirusga chalingani aniqlansa va unga koronavirusga chalingani to‘g‘risida xulosa berilsa, bu abituriyentning imtihonga qo‘yilmasligi uchun asos bo‘ladi. Kasallangan abituriyentlar shu yilgi imtihonlarga qo‘yilmaydi, ular keyingi yilgi imtihonlarga kiritiladi», – dedi Diyorbek Qo‘chqorov.

Kun.uz muxbiri masalaga aniqlik kiritish maqsadida DTM matbuot xizmati bilan bog‘lanib, «Koronavirusdan davolanayotgan abituriyent imtihon kunida nima qilishi kerak: uyda qolsinmi yo imtihonga borishi kerakmi?» degan savol bilan murojaat qildi.

«Amaldagi tartibga ko‘ra, imtihonga kela olmagan, lekin koronavirusdan davolanayotgan abituriyentlar qayta tashkillashtiriladigan imtihonga kiritilmaydi. Lekin imtihonga kelgan vaqtda tana harorati yuqori bo‘lgan yoki koronavirusga chalingani aniqlangan abituriyentlarda test yakuniga qadar tuzalgani to‘g‘risida asosi bo‘lsa, ular keyinchalik tashkillashtiriladigan imtihonda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi. Chunki bu abituriyentlar sog‘lom va ularni imtihonga kiritmaslikka hech qanday asos yo‘q», – deya izoh berdi DTM vakili Jamshidbek Odilov.

Katta ehtimol bilan, mazkur masalada hozircha bir qarorga kelinmagan va masalaga Davlat qabul komissiyasi qarori bilan yechim topilishi maqsadga muvofiq.

Ko‘proq yangiliklar: