Samarqand xalqaro aeroportining yangi ko‘rinishi kitob shaklida bo‘ladi

O‘zbekiston 01:04 / 06.08.2020 14197

Samarqand xalqaro aeroporti 62 million dollar evaziga yangicha ko‘rinish olmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali efirida aytildi.

Bu boradagi lavhada aeroportning maketi ham ko‘rsatilgan va u kitob shaklida ekanini ko‘rish mumkin. Investitsiya loyihalari asosida yangicha ko‘rinish oladigan aeroport soatiga 600-1200 kishiga xizmat ko‘rsata oladigan aerovokzalga ega bo‘lmoqda. Inshoot barcha turdagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.

Kitob ko‘rinishidagi aeroportning tom qismida yulduzlarning surati bo‘ladi va ular tunda ham ko‘rinib turadi. Turkiya va O‘zbekiston korxonalari ishtirokida amalga oshirilayotgan qurilishga «Enter engineering» kompaniyasi bosh pudratchi sifatida ko‘rsatilgan. Hozirda obektda karantin qoidalariga rioya qilgan holda 245 kishi ishlamoqda. Lavhada ishlar grafik bo‘yicha davom etayotgani va poydevor qismi to‘liq qurib bitkazilgani aytildi.

Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan keyin yiliga 1,4 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu esa soatiga 600 kishining kelib-ketishiga imkoniyat mavjud bo‘ladi degani. Bino yonida 730ta mashinaga mo‘ljallangan zamonaviy to‘xtash joyi quriladi. Aeroport 2021 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, 2022 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining Sessiyasi aynan Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining «2022 yilda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi Sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab shaharda yo‘llar holatini yaxshilash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan va ko‘plab ko‘chalarda kommunikatsiya tarmoqlari yangilab chiqilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: