Fuqaroviy qurol va xizmat quroli sertifikatlanadi

O‘zbekiston 12:32 / 06.08.2020 22649

Hujjat "Qurol to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, qaror bilan

Fuqaroviy qurol va xizmat qurolini hamda ularning o‘q-dorilarini, shuningdek, tuzilishi jihatdan qurolga o‘xshash bo‘lgan buyumlarni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);

Fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning o‘q-dorilari davlat kadastrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2) tasdiqlandi.

"O‘zstandart" agentligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirildi.

Nizomga (1) asosan qurol va o‘q-dorilarini sertifikatlash Mahsulotlarni sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq (6.07.2004 yildagi 318-son VMQ bilan tasdiqlangan), shuningdek, mazkur Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Qurol va o‘q-dorilarni sertifikatlash talabgorning sertifikatlashtirish organiga Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha taqdim etilgan arizasiga asosan amalga oshiriladi. Sertifikatlanadigan qurol va o‘q-dorilarning har biri muayyan turdagi qurol va o‘q-dorilarga taalluqli texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq tamg‘aga ega bo‘lishi kerak.

Sertifikatlashda qurol va o‘q-dorilarning xususiyatlari tekshiriladi hamda qurol va o‘q-dorilarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi sinov usullari qo‘llaniladi.

Bunda:

  • qurol rusumlari (qurol rusumining modifikatsiyasi), o‘q-dori turi (o‘q-dori turining modifikatsiyasi);
  • O‘zbekistonda qurol va o‘q-dorilarni ko‘plab ishlab chiqarish;
  • qurol va o‘q-dorilarning to‘pi (partiyasi);
  • qurolning yagona namunasi sertifikatlanadi.

Nizomda qurol va o‘q-dorilarni sertifikatlash chog‘ida ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladigan qo‘shimcha ma'lumotlar keltirilgan.

Sertifikatlash bunga vakolatga ega bo‘lgan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Sertifikatlash ishlari shartnomaga asosan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng bajariladi. Sertifikatlash ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning natijalaridan qat'i nazar, talabgor tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, Nizomda qurol va o‘q-dorilarni tekshirish va sinovini o‘tkazishni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha boshqa talablar, muvofiqlik sertifikatini berish tartibi ham yozilgan.

Nizom (2) fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning o‘q-dorilari davlat kadastrini (Qurol kadastri) shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.

Qurol kadastrining obekti - sertifikatlashning ijobiy natijalariga ega bo‘lgan fuqaroviy qurol va xizmat quroli hamda ularning o‘q-dorilari hisoblanadi.

Qurol kadastriga tig‘li sovuq qurol va uloqtirish quroli to‘g‘risidagi, yagona nusxalari O‘zbekistonga olib kiriladigan yoki mamlakatdan olib chiqiladigan qurol haqidagi ma'lumotlar kiritilmaydi.

Qurol va uning o‘q-dorilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar kadastrga kiritilganligi uchun talabgordan to‘lov undirilmaydi.

Qurol kadastri “O‘zstandart” agentligi tomonidan elektron tarzda ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda hamda 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha yuritiladi.

Qurol kadastri quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi:

  • xizmat quroli va uning o‘q-dorilari;
  • fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilari;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurol va o‘q-dorilar;
  • O‘zbekiston hududiga olib kirilgan qurol va o‘q-dorilar;
  • texnologik maqsadlarda (sinovlar, tekshiruvlar yoki qurol ishlab chiqarish jarayonida) ishlatish uchun o‘q-dorilar.

Nizomda qurol kadastriga kiritiladigan qurol va o‘q-dorilar to‘g‘risidagi ma'lumotlar keltirilgan. Bu ma'lumotlar har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi oyning birinchi 10 kunligida taqdim etiladi.

Qurol kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimi tarkibiga kiradi va har chorakda bir marta Davlat kadastrlari yagona tizimiga kadastr ma'lumotlari taqdim etiladi.

Hujjat 29.07.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: