Ferran Torres. U Gvardiolaning yangi javohiri bo‘ladimi?

Sport 14:36 / 06.08.2020 4175

Torres – «Manchester Siti» tarkibida «Valensiya»dan kelib qo‘shilgan tarixdagi ikkinchi futbolchidir. Bir paytlar xuddi shu yo‘nalishda, endi Manchester Sitining afsonalaridan biriga aylangan David Silva ham kelgandi. Afsuski, bu ikki futbolchi birga to‘p sura olmaydi, Torres «shaharliklar» tarkibiga yangi mavsumdan, Chempionlar Ligasi tugaganidan keyin kelib qo‘shiladi. Silva esa bu paytda Manchesterni tark etgan bo‘ladi.

Ferran Torres – «Manchester Siti» libosini kiyadigan 15-ispan futbolchisi. Shu paytgacha, Riyera, Garrido, Poso, Maffeo, Negredo, Rodri, Silva, Nolito, Anxelino, Navas kabi taniqli ispaniyalik futbolchilar jamoada to‘p surgandi.

Nega arzon?

Foto: mancity.com

Torres «Manchester Siti» uchun juda arzonga tushdi, deb bemalol aytish mumkin. Hatto pandemiya davridagi krizisni hisobga olgan taqdirda ham, 45 million yevro – nisbatan juda kam.

Aslida esa, pandemiyadan oldingi davrda ham «Valensiya» ko‘proq puldan umid qilishi qiyin edi.

Birinchidan, Ferranning 100 million yevro miqdoridagi tovon puli belgilangan shartnomasi bir yildan keyin yakuniga yetadi. Bu omil ispanlarning talablarini ancha cheklab qo‘ygani turgan gap. Bu yozda futbolchi sotilmasa, keyin umuman tekinga ketib qolishi mumkin.

Ikkinchidan, «Manchester Siti» kelishuvga «Granada»da ijara asosida to‘p surayotgan Yanxel Errerani ham qo‘shdi. Errera «Siti» futbolchisi hisoblanadi va La Ligada yaxshi o‘ynayotgan bu futbolchini to‘liq sotib olishga tayyor klublar turganida, «Valensiya»ga yengillik berilishi ham Torres transferiga yordam berdi.

«Real» va «Barselona» qayerga qarashdi?

Foto: Gonzalo Arroyo Moreno/Getty Images

Agar bir ispaniyalik iqtidorni qo‘lga kiritish uchun «Real» va «Barselona» harakat qilmasa, demak, yo adashib qo‘ldan chiqarib yuborilgan yoki futbolchi u darajada kuchli emas, degan xulosa avtomatik tarzda paydo bo‘ladi. 

Torres e'tiborsiz qolishi mumkin emasdi, zero u barchaning ko‘z o‘ngida o‘sib bordi, hatto «Barselona»ga qarshi g‘alabali o‘yinda golli uzatma muallifi ham bo‘lgan. Ko‘proq, grandlar Torres misolida yaqin yillardagi yorqin yulduzni ko‘rishmayapti, degan variantga ishonish mumkin.

Agar u o‘yin borasida Rodrigo, Kubo yoki Vinisiusdan kuchliroq ekani yaqqol ko‘ringanida, tabiiyki, yangi mavsumni «Santyago Bernabeu»da boshlagan bo‘lardi. Yoki Pedri, Fati va Trinkaudan ko‘ra iqtidorliroq hisoblashganda, «Barselona» sovchi qo‘ygan bo‘lardi.

Uning «Valensiya»da ham hatto, asosiy tarkibga kira olmayotgani esa, «Real» va «Barselona» uchun asosli sabab.

Gvardiola nega unga e'tibor qaratdi?

Viva el fútbol blogi

 

Avvalo aytish kerakki, Torres «Manchester Siti»ga David Silvaga o‘rinbosar sifatida kelgani yo‘q – umuman, bu ikki futbolchi o‘rtasida o‘xshashlikni topish qiyin. Torres jarohatidan qutulib, o‘tgan yilgi orzusi -«Bavariya»ga tarkibiga qo‘shilishni ruyobga chiqargan Leroy Sanening o‘rniga kelmoqda.

Shuningdek, Torresning universalligi, ya'ni har ikki qanotda ham birdek foydali bo‘la olishi kerak bo‘lganda Rahim Sterlingga dam berish imkoniyatini beradi. Sterling Gvardiola jamoasida juda muhim figuraga aylangan, uni haddan tashqari ko‘p o‘ynatish ham, muhim o‘yinlarga pand berishi mumkin edi.

Ferranda yaqqol bilinadigan fazilatlari bor – masalan «Valensiya»dagi so‘nggi mavsumda u hammadan ko‘p muvaffaqiyatli dribling (54) qildi va yaqqol xavfli vaziyatlar yaratish bo‘yicha jamoada 2-ko‘rsatkichni (9) qayd etdi.

Bu ko‘rsatkichlarga u asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmay turib, shuningdek, Gedesh, Cherishevning jarohatlari, Solerning pasayish ro‘y bergan, ya'ni, «Valensiya» muammolar girdobida qolgan mavsumda erishgani shuni ko‘rsatadiki, Torres Pepning mexanizmi ichida tez o‘sib boradi. Qanotlarda ham, ikkinchi hujumchi sifatida ham to‘p sura oladigan futbolchi Manchesterda rivojlanish uchun katta qadamlar tashlashiga shubha yo‘q.

Buni Torresning o‘zi ham yaxshi tushunadi – «Manchester Siti» kabi hujumkor jamoaga o‘tayotganimdan xursandman. Ayniqsa, raqib jarima maydoni yaqinidagi faollik Gvardiola futbolida menga juda yoqadi. Tezroq shu jarayonning ichida bo‘lishni sabrsizlik bilan kutyapman», dedi u.

Tabiiyki, Ferranning o‘yini faqat qanotlarda yugurib, himoyachilarni jalb qilib yurish bilan cheklanmaydi, u shuningdek, ochiq zonalarda ham juda xavfli va chuqur himoyalanadigan himoyaga qarshi ham samarali to‘p sura oladi.

«Manchester Siti»ning tashabbuskor o‘yini Torresga «Valensiya»ning pragmatik futbolidan ham ko‘ra ko‘proq mos keladi. Bunday sharoitda u o‘z fazilatlarni yaxshigina ko‘paytirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: