Ayrim vazirlik va idoralarda ixtisoslashtirilgan arxivlar tashkil etiladi

O‘zbekiston 10:21 / 06.08.2020 1652

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida” Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ta'kidlanganidek, amaldagi “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tugatilgan tashkilotlar hujjatlarini davlat arxiviga topshirilishi belgilangan. Bu esa, davlat arxivlarida Milliy arxiv fondi (doimiy saqlanadigan) hujjatlarning sifatli saqlanishiga, ya'ni saqlovxonalarda joy tanqisligi muammosini yuzaga keltirish bilan bir qatorda nodavlat arxivlarni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, amaldagi Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari arxivlari huquqiy maqomini belgilovchi norma mavjud emas.

Davr talabidan kelib chiqib, arxiv hujjatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish, elektron bazalarni shakllantirish maqsadida tashkilotlar tomonidan arxiv hujjatlarini elektron nusxalari bilan topshirish normasi loyihaga kiritilmoqda. Shuningdek, tugatilgan tashkilotlar arxiv hujjatlarini tegishli arxivlarga, shu jumladan nodavlat arxivlariga ham topshirish belgilanmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirlik va idoralar, tarmoq davlat fondlari hamda tashkilotlarda davlat ixtisoslashtirilgan arxivlarini ham tashkil etish belgilanmoqda. 

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi nodavlat arxivlarni rivojlantirish, hujjatlar yo‘qolishining oldini olish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini himoya qilish hamda davlat arxivlari o‘zlarining asosiy vazifalari, ya'ni Milliy arxiv fondi hujjatlarini sifatli jamlash, hisobini yuritish, saqlash va foydalanishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: