Yangihayot tumani maydoni poytaxt va Toshkent viloyatidagi 6 tuman hududi hisobiga kengaytiriladi

O‘zbekiston 14:02 / 05.08.2020 30363

«Poytaxtimiz aholisi izchil o‘sib, shahar infratuzilmasi rivojlanib bormoqda. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangi mavzelar paydo bo‘lmoqda.

Masalan, birgina Sergeli tumanida oxirgi 3 yilda 460ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshdi. Bular boshqaruvni takomillashtirishni, aholiga qulayliklar yaratishni taqozo etadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari joriy yil 29 may kuni Toshkent shahrida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Shunga muvofiq, ishchi guruh tomonidan Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo‘ldan 263, O‘rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratib, Yangihayot tumanini jami 4085 gektarda tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.

Yangihayot tumani tashkil etilishi munosabati bilan Toshkent shahri tumanlari chegarasining o‘zgarishi to‘g‘risida ham taqdimot qilindi. Shuningdek, Yangihayot tumanida loyihalashtirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tumanning ma'muriy markazini tashkil etishga oid takliflar ko‘rib chiqilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev takliflarni ma'qullab, Toshkent shahrining Bosh rejasini qayta ko‘rib chiqish, shaharga qo‘shimcha berilayotgan yer maydonlariga uylar, sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy infratuzilma obektlarini oqilona joylashtirish, eng asosiysi, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlagan.

Mutasaddi rahbarlarga yuqoridagi masalalar yuzasidan tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini qisqa muddatda tayyorlab, mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.
 

Ko‘proq yangiliklar: