Tramp Bayrutdagi portlashni “hujum” deb atadi

Jahon 07:50 / 05.08.2020 17306

“Ko‘rinishicha, bu dahshatli hujum bo‘lgan”, deb aytgan Tramp matbuot anjumanda.

“Bayrutdagi katta portlashda ko‘plab odamlar halok bo‘ldi, yuzlab odamlar og‘ir jarohat oldi. AQSh Livanga yordam berishga tayyor”, deb qo‘shimcha qilgan Tramp. 

Matbuot anjumanda AQSh prezidentidan u haqiqatan ham portlashni “hujum” deb o‘ylashi haqida qayta so‘ralganda, u amerikalik generallar bilan uchrashgani va ular Bayrutdagi portlashni hujum deb hisoblashayotganini ma'lum qilgan.

“Portlash xarakteriga ko‘ra, shunga o‘xshaydi. Men bizning ajoyib generallardan ba'zilari bilan uchrashdim. Ular ham shunday deb hisoblashmoqda. Bu ishlab chiqarishdagi portlashga o‘xshash narsa emas. Ularning fikricha, bu hujum bo‘lgan. Ko‘rinishicha, ular buni hujum, qandaydir bomba, deb o‘ylashmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti.

Biroq CNN telekanalining Pentagonning ismi oshkor qilinmagan uch amaldoriga tayanib xabar berishicha, AQSh mudofaa vazirligida Bayrutdagi portlash biror hujum bilan bog‘langanining hech qanday alomatlarini ko‘rishmayapti.   

Telekanal manbalaridan birining ta'kidlashicha, agar portlash hujum bilan bog‘langan bo‘lganda AQShning hududdagi qo‘shinlari yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilib, madad kuchi olgan bo‘lardi. Biroq, uning aytishicha, bunday holat yuz bermayapti. 

Bayrut portida 4 avgustda kuchli portlash yuz berdi. Shahar gubernatori ma'lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida shahardagi binolarning yarmiga shikast yetgan, shifoxonalar esa ko‘p sonli jarohatlanganlar sababli to‘lib ketgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 3,7 mingdan ko‘proq kishi jarohatlangan, 70 dan ko‘proq qurbon bor.  

Livan bosh vaziri Hasan Diab mudofaa bo‘yicha oliy kengash yig‘ilishida portlashga portda 6 yil davomida saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi sabab bo‘lganini ma'lum qilgan. Kengash portlash yuzasidan o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilish natijalariga ko‘ra, Bayrutni falokat hududi deb e'lon qilgan. Shuningdek, kengash bosh vazirga poytaxtda favqulodda holat e'lon qilishni tavsiya qilgan.   

Livan hukumati portlash qurbonlari xotirasiga 5 avgustdan mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilgan.  

Ko‘proq yangiliklar: