IIV, DXX va Bosh prokuratura xodimlarining formali kiyimlari uchun davlat xaridlarida yangi amaliyot joriy qilinadi

O‘zbekiston 07:34 / 05.08.2020 35343

Vazirlar Mahkamasining "Respublikada jun xomashyosidan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va Bosh prokuratura (davlat buyurtmachilari) davlat xizmatchilarining maxsus formali kiyimlari uchun davlat xaridlarida mahalliy yarim jun matolaridan foydalanish amaliyoti joriy qilinadi.

“O‘zstandart” agentligi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi formali kiyim boshni loyihalash bo‘yicha ilmiy laboratoriya, maxsus formali davlat buyurtmachilari va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda, 2020 yilning 1 oktyabr kuniga qadar davlat buyurtmachilarining davlat xizmatchilari maxsus formali kiyimlari uchun umumiy texnik talablar va ularning xavfsizligi bo‘yicha (reglament)ni prezidentning 2017 yil 27 fevraldagi PQ–2800-son qaroriga muvofiq ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan o‘rnatilgan tartibda tasdiqlashni ta'minlaydi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Sanoat yarmarkalari va elektron kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 833-sonli qaroriga asosan xizmatchi xodimlar uchun mahalliy jun aralashmali matolardan tayyorlanadigan maxsus tayyor formali kiyimlarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalardan tenderlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron kooperatsiya portali (www.cooperation.uz) orqali xarid qilish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi davlat buyurtmachilari xodimlari uchun maxsus formali kiyimlar sotib olish yuzasidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan davlat xaridlari natijalari bo‘yicha davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida imzolangan shartnomalarni ro‘yxatga olish va to‘lovlarni amalga oshirishda qarorning 1-bandi bilan ko‘rsatilgan talab va mezonlarni alohida nazoratga oladi.

Ko‘proq yangiliklar: