«Bolalarimiz jaziramada yotibdi, rahmingiz kelsin». Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi lagerda yashayotgan yuzlab o‘zbekistonliklar yordam so‘ramoqda

O‘zbekiston 22:57 / 05.08.2020 38239

U Samara oblastidagi Rossiya-Qozog‘iston chegarasida joylashgan migrantlar vaqtinchalik lagerlarida bo‘lib, u yerdagi holat bilan tanishgan.

Ma'lumot berilishicha, Samara va Orenburg oblastlari chegarasida koronavirus pandemiyasi sababli ishsiz qolgan va vatanga qaytishga uringan 800ga yaqin o‘zbekistonliklar chegaralar ochilishini intizorlik bilan kutishmoqda.

Ular jazirama quyosh nurlari ostida, cho‘lda kun kechirishmoqda.

“Mana, 25 kundan buyon ochiq osmon ostida yotibmiz. Bo‘sh dalani videoga olib, bu yerda migrantlar qolmagan deb aytishyapti. Lekin bu yolg‘on. Iltimos, bizga yordam beringlar. Kasallarimiz bor, bolalarimiz issiqda yotibdi, rahmingiz kelsin”, deydi ular.

Muxbirning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar lageri yaqinidagi Bolshaya Chernigovka qishlog‘i aholisi bunday vaziyatga tayyor bo‘lmagan bo‘lsa-da, ularni tushunishga harakat qilmoqda.

Bolshaya Chernigovka masjidi imomi Gumar Galiullinning aytishicha, migrantlar uchun oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar yig‘ib olib borib berilgan.

“To‘rtinchi marta ana shunday yordamni olib borganimizda, ular “bizga ma'muriyat yordam berishni boshladi, bizdan ham muhtojroq bo‘lganlarga yordam ko‘rsatinglar” deyishdi”, deydi imom.

Lavhada shuningdek, hali bir yoshga to‘lmagan go‘dagi bo‘lgan ayollar, salomatligi og‘ir ahvolda bo‘lganlar ham o‘z fikrlarini bildirgan.

Aytilishicha, har kuni vatanga poyezdda olib ketish uchun lagerda yotganlarning ro‘yxati tuzilgan. Ularni Samara shohbekatiga olib borishgan. Ammo poyezdga ro‘yxatdagilar emas, balki belgilanganidan ko‘proq pul to‘laganlar chiqarilgan, bularni esa yana qaytarib cho‘lga olib kelib tashlashgan.

Ayni paytda migrantlar uchun alohida lager bunyod etilgan, ammo ularning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ham sharoit haminqadar. Elektr toki yo‘q, choy qaynatishga sharoit yo‘q.

“Qaytib Rossiyaga ishlagani bormayman. Sog‘ligimni yo‘qotib bo‘ldim”, deydi suhbatdoshlardan biri.

Avvalroq Rossiya-Qozog‘iston chegarasida to‘planib turgan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar uchta yo‘lovchi poyezdi orqali Toshkentga olib kelingani xabar qilingandi.

O‘zbekistonliklarning Rossiya-Qozog‘iston chegarasiga to‘planishi may oyida ham kuzatilgan, o‘shanda O‘zbekiston hukumati Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan kelishgan holda, 1100 nafar fuqaroni avtobusda mamlakat hududiga olib kelgandi. O‘shanda rasmiylar mazkur amaliyot istisno tariqasida faqat bir martagina amalga oshirilayotganini ta'kidlashgan edi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi fuqarolarni yolg‘on xabarlarga ishonib, Rossiyadan Qozog‘iston orqali vatanga qaytishga urinmaslikka chaqirgandi.

Iyul oyi o‘rtalarida Kun.uz saytida «Meduza» materiali asosida «Biydek dalada: o‘zbekistonlik minglab migrantlar Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolib ketayotgani haqida» sarlavhali material e'lon qilingan, unda minglab o‘zbekistonliklar Samara va Orenburgdagi lagerlarda qiyin sharoitlarda yashayotgani tasvirlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: