10 avgustdan televizion darslarni suratga olish boshlanadi – Xalq ta'limi vazirligi

Jamiyat 15:47 / 05.08.2020 6370

Bugun, 5 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova maktablarda masofaviy ta'lim qanday samara bergani haqida ma'lumot berdi.

«Ota-ona nazorati ostida onlayn darslarni kuzatgan va barcha vazifalarni vaqtida bajargan bolalarda onlayn ta'limning samarasi sezildi. Biroq bolalarining bilim olishiga bir tomonlama yondashgan ota-onalar ham uchradi. «Onlayn maktab» loyihasi doirasida erishiladigan natijaga kattalarning ta'siri yuqori hisoblanadi. Sababi bolalar ularning gaplariga quloq soladi va birgalikda dars tayyorlaydi», dedi vazirlik vakili.

Uning aytishicha, onlayn tizimning 2ta eng asosiy foydali jihati tahlil qilingan. Bu hamma bolalarning eng yaxshi o‘qituvchilardan dars olish imkoniga ega bo‘lgani va chekka hududdagi o‘qituvchilarning televizion darslarni o‘tgan o‘qituvchilarning tajribasi asosida malaka oshirishgani bilan izohlanadi.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘quv yilida «Onlayn maktab» loyihasi doirasida 3 900dan ortiq videodars efirga uzatilgan. Keyingi o‘quv yili qaysi shaklda boshlanishidan qat'i nazar, «Onlayn maktab» loyihasi davom ettiriladi. 10 avgustdan televizion darslarni suratga olish ishlari boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq ta'limi vazirligi yangi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha 3ta ssenariy ustida ishlayotgani haqida xabar berilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: