Tadqiqot: Eronda koronavirus qurbonlari haqidagi ma'lumotlar keskin kamaytirib ko‘rsatilgan

Jahon 13:56 / 04.08.2020 20141

BBC muxbiri tanishgan hukumatning ichki qaydlari shuni ko‘rsatadiki, 20 iyul holatiga ko‘ra, koronavirusdan vafot etganlar soni taxminan 42 ming nafar edi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi esa hozirgacha 14 mingdan oshiq o‘lim haqida ma'lumot bergan.

Shuningdek, yopiq ma'lumotlardan ma'lum bo‘lishicha, vazirlik virusga chalinganlar sonini ham ikki barobar kamaytirib ko‘rsatgan - 451 ming 24 holat o‘rniga 278 ming 827 holat e'lon qilingan.

Eron epidemiya boshida koronavirusga chalinish holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi mamlakat edi.

So‘nggi haftalarda mamlakatda virusga chalinish holatlari soni sezilarli darajada ortmoqda.

Virusga chalinish bog‘liq ilk holat qariyb bir oydan so‘ng e'lon qilindi

Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari mamlakatda koronavirusdan o‘limlar soni yashirilmayotgani haqida e'lon qilayotganida o‘zi koronavirusga chalingani ko‘rinib turgandi

BBC’ga sizdirilgan ro‘yxat va tibbiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan birinchi o‘lim holati 22 yanvar kuni yuz bergan. Hukumat esa ilk holat haqida ushbu sanadan bir oy o‘tgach, fevral oyining ikkinchi yarmida ma'lum qilgandi.

Epidemiya boshlanganidan beri hukumat tomonidan e'lon qilingan raqamlarga shubha bilan qaralayotgan edi.

BBC tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, milliy va mintaqaviy miqyosdagi holatlar va o‘lim soni o‘rtasida nomuvofiqliklar mavjud.

Ma'lumki, dunyo miqyosida test imkoniyatining yetarli emas ekani tufayli haqiqiy o‘lim holatlari e'lon qilingan ma'lumotlarda aks etmaydi. Ammo Eronda hukumat barcha o‘limlarni qayd etgan bo‘lsa-da, ularning soni kamaytirib aytilgan.

«Pandemiya bilan bog‘liq siyosiy o‘yinga barham berilsin»

Ma'lumotlar BBC’ga noma'lum manba tomonidan yuborilgan.

Ushbu ma'lumotlar Eron bo‘ylab kasalxonalarga yotqizilgan kunlik bemorlar soni, ularning ismlari, yoshi, jinsi, kasallik belgilari, kasalxonalarda bo‘lish muddati va boshqa kasalliklari bor-yo‘qligi kabi ma'lumotlarni qamrab olgan.

Manbaning aytishicha, u bu ma'lumotlarni «haqiqatni oshkor qilish va pandemiyadagi siyosiy o‘yinlar tugashi uchun» BBC’ga tadqim etgan.

Ushbu manba hukumat amaldori ekanligi yoki ushbu ma'lumotlar qay tarzda qo‘lga kiritilgani ma'lum qilinmadi.

Biroq BBC fors xizmatining tadqiqotlari ro‘yxatdan joy olgan o‘lgan yoki tirik bemorlarning ismlari to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatmoqda. OAVga berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, poytaxt Tehronda 8 ming 120 kishi kasallikdan vafot etgan.

Epidemiya boshlangan Qum shahrida halok bo‘lganlar soni esa 1419 kishini tashkil qiladi.

Mamlakatda o‘limi qayd etilgan xorijliklarning (1916 nafar) aksariyati afg‘onlardir.

Mart oyi o‘rtalariga kelib qurbonlar soni hukumat e'lon qilganidan besh baravar ko‘p bo‘lgan.

Ba'zi shifokorlar BBC bilan bo‘lgan suhbatda Sog‘liqni saqlash vazirligining xavfsizlik va razvedka bo‘linmalari tomonidan bosim ostiga olinganliklarini aytishgan.

Raqamlar nima uchun yashirilgan?

AFP

Epidemiya 1979 yilgi Eron Islom inqilobi yubileyi va parlament saylovlariga to‘g‘ri keldi.

Ba'zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu Eron hukumatining jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uchun muhim imkoniyat edi. Hukumat esa bunga virus xavf solishini istamadi.

Diniy rahnamo oyatulloh Ali Xominaiy ba'zi odamlar epidemiyadan foydalanib, saylovlarni buzishni istaganini aytdi.

21 fevral kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning birinchi bosqichida 42 foizlik davomat kuzatildi. Ikkinchi tur esa 11 sentyabrga qoldirildi.

Epidemiya boshlanishidan avval Eron hukumati bir qator inqirozlar bilan yuzma-yuz kelgandi.

2018 yil noyabr oyida benzin narxining bir kechada 50 foizdan ortiqroqqa oshishi tufayli odamlar ko‘chalarga chiqdi va bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlarida yuzlab odamlar halok bo‘ldi.

Eron Inqilobi muhofizlari korpusi Al-Quds bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymon 3 yanvar kuni AQSh tomonidan o‘ldirildi. Bunga javob yo‘llamoqchi bo‘lgan Eron qurolli kuchlari esa xatolik tufayli Ukraina yo‘lovchi samolyotini urib tushirgan va samolyotdagi 176 inson vafot etgandi.

«Hukumat haqiqat oshkor bo‘lishidan qo‘rqqan»

Shifokorlarning aytishicha, ular maxsus xizmatlar bosimi ostida qolgan / AFP

Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligida xizmat qilayotgan sobiq deputat doktor Nuroldin Pirmuazzin BBC’ga hukumat bunday vaziyatda koronavirusga oid «dalillarning oshkor qilinishidan qo‘rqqan»ini aytdi.

«Hukumat kambag‘allar va ishsizlar ko‘chalarga chiqishi mumkinligidan xavotirda edi», dedi u va Chegara bilmas shifokorlar tashkiloti shifokorlarining Isfahonda xizmat olib borishiga yo‘l qo‘yilmaganini eslatdi.

Ko‘proq yangiliklar: